Breaking News

Mishel Bachelet - inson huquqlari bo'yicha yangi oliy komissar


BMTning inson huquqlari bo'yicha navbatdagi oliy komissari Chili sobiq prezidenti Mishel Bachelet bo'ladi. Bosh Assambleya qarorni tasdiqladi.

Bachelet Chilini 2006-2010, shuningdek, 2014-2018 yillarda boshqargan. Sog'liqni saqlash va mudofaa vaziri bo'lib ham ishlagan. 1970-yillarda general Augusto Pinochet boshqaruvi davrida qiynoqlarni boshdan kechirgan.

193 a'zoli assambleya uni lavozimga tayinlaganidan so'ng BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Bacheletga ishonch bildirdi.

"U inson huquqlari og'ir ahvolda bo'lgan bir paytda ishga kirishmoqda. Nafrat va tengsizlik, inson huquqlariga oid qonunlarga hurmatsizlik bugun keng tarqalgan. Fuqarolik jamiyati va so'z erkinligi bosim ostida. Bizga inson huquqlarining kuchli himoyachisi kerak", - deydi u.

Inson huquqlari bo'yicha amaldagi bosh komissar Zayd Raad Husayn 31-avgust kuni muhlatini yakunlaydi.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Heyli o'z bayonotida, BMT Inson huquqlari kengashi "zamonning eng huquqbuzar davlatlariga" nisbatan hech qanday chora ko'rmayapti, deya Kuba va Venesuelaga ishora qildi.

Bachelet kengash faoliyatidagi nuqsonlarga ko'z yummasdan, ochiq gapirishi kerak, deydi Heyli.

Iyun oyida Qo'shma Shtatlar Inson huquqlari kengashi o'z nomiga loyiq emasligini aytib, xususan Isroilga nisbatan noxolis yondashuvini da'vo qilib, bu organni tark etgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG