BMT Xavfsizlik Kengashi urush zonalarida muxbirlarni himoya qilishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

BMT Xavfsizlik Kengashi

BMT Xavfsizlik Kengashi

BMT Xavfsizlik Kengashi jurnalistlarni mojaro zonalarida himoya qilishga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasini chorshanba kuni bir ovozdan qabul qildi. BMTdagi muxbirimiz Margaret Beshirning xabar berishicha, so'nggi yillarda matbuot xodimlarini o'g'irlash va o'ldirish hollari ko'paygan.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining bildirishicha, o'tgan yili dunyo bo'ylab 66 muxbir o'ldirildi, yanvar oyidan beri esa yana 25 nafari qurbon bo'ldi. So'nggi 10 yilda 700 matbuot xodimi professional faoliyati paytida yoki kasbini deb o'ldirilgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi qabul qilgan rezolyutsiyada bunday qotilliklar va hujumlar qoralanadi va mojaroda qatnashayotgan taraflardan, jumladan hukumatlar, qurolli guruhlardan muxbirlarni himoya qilishda chora ko'rish so'raladi.

Hujjatda mojaro zonalarida garovda ushlab turilgan barcha jurnalistlarni hech bir shart va talabsiz qo'yib yuborishga ham chaqiriladi.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti xodimi Kristof Delorning aytishicha, ayniqsa Iroq va Suriyada ko'p muxbir nobud bo'lmoqda. 2011-yili Suriyada mojaro boshlanganidan beri 45 jurnalist, Iroqda esa 2013-yildan buyon kamida 13 jurnalist o'ldirildi. Kelajakda ularga qarshi hujumlarning oldini olish uchun adolat qaror topishini ta'minlash zarur, deydi u.

“Dunyoda muxbirlarga qarshi jinoyatlarning 90 foizidan ko'pi fosh etilmaydi, aybdorlar jazosiz qolib ketadi. Bu "jurnalistlarga qarshi jinoyat sodir etaveringlar" deganday gap. Agar muxbirlarni himoya qilishni istasak, jinoyat jazosiz qolmasligi kerak”, - deydi Delor.

Uning aytishicha, mojaro zonalarida muxbirlarga hujumlar urush jinoyatlari sifatida ko'rilib, Xalqaro jinoiy sudga oshirilishi kerak.

AQShning BMTdagi elchisi, bir vaqtlar jurnalist bo'lib ishlagan Samanta Pauerning aytishicha, tinchlik hukm surayotgan ayrim mamlakatlarda ham matbuot erkinligi bosim ostida, muxbirlar ta'qib qilinadi, inson huquqlari buziladi.

Pauer Burundini misol qilib keltiradi. U yerda harbiylar Prezident Pyer Nkurunzizani hokimiyatdan ag'darishga harakat qildi.

“Harbiylarning noqonuniy harakati bostirilgach, ayrim mustaqil jurnalistlarning maxsus ro'yxatga kiritilib, hibsga olinishi mumkinligi aytilmoqda. Ba'zilariga do'q-po'pisalar qilingani ma'lum, ayrimlariga esa o'ldiramiz, qiynaymiz, o'g'irlab qochamiz, deyishgan. Ular hozir jon saqlashga majbur, yashirinishgan", - deydi AQSh elchisi.

Samanta Pauerning aytishicha, Suriyada Bashar Assadning rejimi, "Islomiy davlat"ga o'xshash jangari guruhlar jurnalistlarni nishonga olib turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG