BMT: Yevropa qochqinlar bilan bog'liq gumanitar tanazzul yoqasida

  • Amerika Ovozi

Gretsiya chegarasida sarson suriyalik oilalar

Gretsiya chegarasida sarson suriyalik oilalar

BMT qochqinlar agentligining ogohlantirishicha,Yevropa qochqinlar bilan bog'liq gumanitar tanazzul yoqasida turibdi. Vaziyat yanada izdan chiqib, keng ko'lamli zo'ravonliklar boshlanib ketishi mumkin.

Agentlik hisobotiga ko'ra, panoh izlab Gretsiyaga bosh urib kelgan qochqin va muhojirlar 24 ming kishiga yetgan. Makedoniya bilan chegarada diqqinafas bo'layotgan 8500 odam shular jumlasidan. Ularni yegulik, boshpana, ichimlik suvi va gigiyena vositalari bilan ta'minlash og'irlashib bormoqda.

Vinsent Kochetel BMT qochqinlar idorasining Yevropadagi vakili. Bolqon davlatlarida qochoqlar soni kun-sayin oshib borar ekan, ular orasida g'azab, ilojsizlik hissi ham kuchayib borayapti.

"Nima uchun yo'limizni to'sishayapti? Nima uchun navbatda kutishimiz kerak, deya xunob odamlar. Chegaralardan hamma ham birday o'tishiga ruxsat yo'q. Natijada odamlar asabiy, bu esa zo'ravonliklarga yetaklashi hech gapmas", - deydi Kochetel.

29-fevral kuni Makedoniya chegarasidagi tinch namoyish to's-to'polonga aylanib ketgan. Politsiya odamlarni ko'zni yoshlantiruvchi gaz yordamida qochirgani ma'lum.

Joriy yil boshidan beri O'rta dengiz orqali qariyb 132 ming kishi kelgan. Shulardan yarmi ayollar va bolalar.

BMT qochqinlar idorasidan Andrian Envardsning aytishicha, Yevropa Ittifoqi qochoqlarni 28 a'zo davlatda teng taqsimlashga doir o'tgan yilgi rejani tadbiq etishi lozim.

"Gretsiyadan 66 ming 400 kishini qo'shnilar qabul qilishi rejalangan ekan. Lekin shu paytgacha faqat chamasi 1500 kishiga joy bor ekani aytildi. Va shundan 325 nafarigina haqiqatda Gretsiyadan chiqib, boshqa mamlakatdan panoh topdi", - deydi u.

BMT nazarida Gretsiya Yaqin Sharq va Afrika davlatlaridan kelishda davom etayotgan qochoqlar uchun sharoitni yaxshilashi, Yevropa Ittifoqi bu muhtojlarga ko'proq mablag' ajratishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG