Kuba AQSh uni terrorizm homiylari ro'yxatidan chiqarganini olqishlamoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning Kubani terrorizmga homiy davlatlar ro'yxatidan chiqarish qarorini Gavana olqishlamoqda. Amerikaliklarning bir qismi ham bundan xursand.

Bu qaror natijasida Sovuq urushdagi g'anim ikki mamlakat yarim asr oldin uzilgan diplomatik aloqalarni tiklash sari yana bir qadam qo'ydi. Endigi navbat Kubadaga qo'yilgan savdo embargosini bekor qilish, biroq bu Kongress zimmasida.

Kuba terrorizmni qo'llab-quvvatlovchi davlatlar ro'yxatidan juma kuni chiqarildi. Kubaliklar nazarida adolat qaror topdi.

"Biz doim tinchlik, birdamlik uchun kurashib kelganmiz. Kubani bu ro'yxatga kiritish adolatdan bo'lmagan", - deydi bir kubalik ayol.

"Kubaning o'zi terrorizmga qarshi kurashib kelgan, hech kimga homiy bo'lmagan, hech qayerni portlatmagan", - deydi bu davlatning yana bir fuqarosi.

"Nihoyat, ko'zlari ochildi, yomon emasligimizni tushunishdi", - deydi yana bir boshqa ayol.

Kuba Afrika va Lotin Amerikasida ozodlik harakatlariga yordam bergani uchun 1982-yilda qora ro'yxatga tushgan edi. Biroq Gavana xorijdagi isyonchilarni anchadan beri qo'llab-quvvatlamay qo'yganini aytadi. Prezident Raul Kastro Vashington bilan diplomatik aloqalarni tiklashdan oldin Kubani qora ro'yxatdan chiqarish kerak, deya talab qo'ygan edi. AQShdagi ayrim qonunchilar kommunistik davlat bilan munosabatlarni iliqlashtirish g'oyasiga qarshi.

"Bu repressiv Kuba hukumatining g'alabasidir. Kubadagi ezilgan xalq uchun esa jiddiy mag'lubiyat", - deydi prezidentlikka da'vogar senator Marko Rubio.

AQSh rasmiylari bilan bir necha uchrashuvdan so'ng Kuba hukumati mart oyida poytaxt Gavanadagi madaniyat markazida jamoatchilik uchun ilk bepul internet kafeni ochishga ruxsat berdi.

"Amerika bilan yangi eshiklar ochilgan sari internet aloqa arzonlashib, bu mamlakat uchun ko'plab yangi imkoniyatlar ochiladi degan umiddaman", - deydi kubalik rassom Aleksis Leyva.

AQSh hukumati Kubaga sayohat qilishga qo'yilgan ayrim cheklovlarni yumshatib, kubalik-amerikaliklar uchun orolga borish osonlashdi, uzoq yillar davomida ajralib qolgan oilalar birlashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG