Qurolga egalik qilish huquqi Amerikada azaldan tortishuvli masala

  • Amerika Ovozi

Sotuvdagi to'pponchalar. Nyu-York.

Sotuvdagi to'pponchalar. Nyu-York.

Qurol-aslaha nazoratiga kelganda, Kaliforniya qonunlari boshqa shtatlarga qaraganda ancha qattiq. Ba’zi amerikaliklar bu shtatni namuna deb o’rnak olishga chaqiradi. Boshqalar esa AQSh konstitutsiyasida qurolga egalik qilish uzviy huquq deb belgilanganini eslatadi. Yaqinda Kolorado shtatida bir kinoteatrda yarim kechada bir yigit ommani o’qqa tutgani qurol-aslaha nazorati masalasini yanada dolzarblashtirdi.

AQSh bosh qomusi o’qotar qurol sotib olish va unga egalik qilishga ruxsat beradi - ov, sport va shaxsiy himoya uchun.

Bir necha shtatda o’qotar qurol va o’q-dori savdosi cheklangan. Masalan, Kaliforniyada harbiy avtomat va katta talafotga olib keladigan o’q-dorilarni fuqarolarga sotish man etiladi. Boshqa turdagi o’qotar qurolni sotib olaman degan odam 10 kun kutishga majbur. Bu vaqt mobaynida politsiya uning jinoyatchi emasligi va ruhiy kasallikka chalinmaganini tekshiradi. Har bir to’pponcha egasi maxsus ro’yxatga olingan. Yangi qonunga ko’ra, 2014-yildan boshlab miltiq sohiblari ham shunday ro’yxatdan o’tkaziladi.

Kaliforniyaning Los-Anjeles shahar politsiyasi jinoiy ishlar bo’limi xodimi Richard Tompkins:

“Odamlar bizning shtatdan boshqasiga boradi-da, qurol sotib oladi va bu yerga olib keladi. Ba’zilar shunchaki qurolim bo’lsin, o’zimni himoya qilaman, deydi. Boshqalar esa qurolni Kaliforniya shtati bozorlarida sotadi”.

Ayrim shtatlarda qurol-aslahani bemalol internet orqali sotish mumkin. Kaliforniyada o’qotar qurollar savdosi faqat ruxsatnomasi bor dilerlar orqali amalga oshirilishi mumkin. Bir shtat qonunlari boshqasidan farq qilishi nazoratini qiyinlashtiradi, deydi jamoatchi faol Daniel Vays.

“Koloradoda yaqinda ro’y bergan otishma shuni namoyish qildiki, xohlagan odam internet orqali bir tonna o’q dori sotib olish imkoniga ega. Internet orqali hatto man etilgan turdagi qurol-aslahani sotadigan odamlar ham bor. Bitta ham savol bermaydi, sizni tekshirmaydi, pul to’lasangiz bo’ldi. Nimaga Amerikada bunga yo’l qo’yamiz?”

Mana bu yarim-avtomat to'pponcha Kaliforniyada faqat politsiya zobitlariga sotiladi

Mana bu yarim-avtomat to'pponcha Kaliforniyada faqat politsiya zobitlariga sotiladi

Ammo sobiq harbiy Frenk Sharp ta’kidicha, qurol sohiblarining aksariyati qonunga rioya qiladi. Kolorado kinoteatrida ro’y bergan voqea haqiqiy fojia, deydi u.

“Bu dahshat… Lekin, nazarimda, mendek qurol to’playdigan odamlarni jinoyatchiga chiqarib qo’yish bilan ish bitmaydi. Balki o’sha kinoteatrda yonida qonuniy qurol olib yurgan odam bo’lganida, fojianing oldi olingan bo’larmidi”.

Politsiyachi Richard Tompkins fikricha, muammo - qonunlarning shtatma-shtat turlicha ekanida.

“Qiyini shundaki, shtat darajasida turli qonunlar bor, federal miqyosda esa juda kam,” - deydi u.

Ayrimlar federal hukumat qurol-aslahani nazorat qilish haqida yangi qonun qabul qilmasin deydi. Jinoyatlar bu bilan baribir kamaymaydi, deydi ular. Boshqalar nazarida esa masalani allaqachon mamlakat miqyosida muhokamaga qo’yib, yechimini topish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG