Rossiya AQShning viza cheklovlariga nisbatan chora ko'radi

  • Amerika Ovozi

Advokat Sergey Magnitskiy 2009-yil noyabrida turmada o'lgan.

Advokat Sergey Magnitskiy 2009-yil noyabrida turmada o'lgan.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Tashqi ishlar vazirligiga mamlakatga kirishi taqiqlangan AQSh rasmiylari ro'yxatini tayyorlashni buyurgan. AQSh Davlat departamenti rossiyalik advokat Sergey Magnitskiy o'limida gumon qilinayotgan rasmiylarga viza cheklovlari haqida e'lon qilgach, Moskva javob chorasini ko'rishini aytmoqda.

Magnitskiy Amerikaga qarashli "Hermitage Capital" sarmoya jamg'armasida ishlagan paytida Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiylarini yuz millionlab dollarlarni o'marish maqsadida kompaniya hujjatlarini o'g'irlaganlikda ayblagan edi. 2009-yili advokat soliqdan bo'yin tovlash ayblovi bilan qamalib, bir yildan so'ng sog'lig'i yomonlashib, olamdan o'tgan.

Qo'shma Shtatlar Kremldan aybdorlarni topib, jazolashni so'ragan. Magnitskiyning o'limiga aloqador rossiyalik rasmiylardan iborat qora ro'yxat tuzib, ularga viza cheklovlarini joriy etgan. Ro'yxatda 10 dan ortiq mulozim bor.

Kreml AQSh chorasidan g'azabda. Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, rasmiy Vashington bu bilan tergov ishiga aralashib, sud qarorini kutmay kim haqu, kim nohaqligini mustaqil ravishda belgilab, yuridik normalarni buzmoqda.

Kreml ham o'xshash javob chorasini qo'llashini aytib, do'q-po'pisa qilmoqda. Ya'ni Rossiya fuqarolari huquqlarini poymol etgan AQSh rasmiylariga viza berilmaydi, deyiladi vazirlik bayonotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG