Breaking News

Suriya muxolifati AQShdan madad so’ramoqda


Suriyaning eng yirik shahri va tijorat markazi Aleppoda hal qiluvchi janglar kutilmoqda. Shaharning katta qismi isyonchilar nazoratida. Faollarning aytishicha, hukumat shimolga bir necha ming zobit yuborgan.



Bu orada, arab mamlakatlari BMT Bosh Assambleyasida Suriya bo’yicha yangi rezolyutsiyani olg’a surayapti.

Qo’shma Shtatlar vaziyatni yaqindan kuzatib turibdi va tuzum qulagan taqdirda qanday chora ko’rish haqida o’ylanmoqda.

AQShning bildirishicha, Suriyada saylovgacha mamlakatni boshqarib turadigan muvaqqat organ tuzilishi kerak.

“O’tish davrida, shuningdek, fuqaro xavfsizligini ta’minlash mexanizmi ishlab chiqilishi zarur”, - deydi Davlat departamenti matbuot kotibasi Viktoriya Nuland.

Vashingtonni, ayniqsa, kimyoviy qurollar xavfsizligi chuqur xavotirga solmoqda. Suriya hukumati ularni tashqi agressorlarga qarshi ishlatish haqida ogohlantirgan.

AQSh prezidenti Barak Obamaning ta’kidlashicha, Assad ma’muriyati kimyoviy qurol-aslahani ishga solishdek fojiali xatoga yo’l qo’ysa, bu qilmishi uchun javob beradi. Butun dunyo kuzatib turibdi, deydi Obama Suriya rahbarlariga qarata.

Amerika Suriya muxolifatiga qurol uzatish taklifini yoqlamaydi, biroq ularni aloqa vositalari bilan ta’minlab turibdi. Tahlilchilar deydiki, isyonchilarning harbiy tayyorgarligini oshirish uchun ko’maklashish vaqti yetdi.

“Mojaro qancha uzoq davom etsa, ekstremizm mintaqada shunchalik chuqur ildiz otadi. Shuning uchun qo’l qovushtirib o’tirishga vaqt yo’q”, - deydi Stiven Xeydeman, AQSh Tinchlik Instituti eksperti.

Hozirda Turkiya, Iroq va Livanda boshpana topgan qochqinlar soni 100 mingdan oshdi. AQSh bu hukumatlar bilan muntazam aloqada.

Markaziy Razvedka Agentligi Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan guruhlar haqida o’tgan yildan beri ma’lumot to’playdi. Orasida al-Qoida a’zolari bo’lsa, ular qo’liga qurol-aslaha tushmasligini ta’minlash kerak, deydi rasmiylar.

Stiven Xaydeman fikricha esa bu harakatlar behuda, chunki vaziyat izdan chiqib bo’lgan.

“Bugunga kelib murakkab bir vaziyat vujudga kelgan. AQShdan ko’proq e’tibor talab qilinadi”, - deydi ekspert.

Suriya muxolifati Vashingtondan mamlakat ichida xavfsiz zonalar tashkil etishda ko’mak so’rayapti.

“Harbiylarni yuboring demayapmiz. Biz uchun hozir eng muhimi boshpana, bunday joylarni bunyod etishda madad zarur”, - deydi Suriya Milliy Kengashi a’zosi Radvan Ziyoda.

Xavfsiz zonalar hukumatga qarshi kurashni davom ettirish uchun tayanch-baza vazifasini o’taydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG