Huquq himoyachisi: Xalqning sevimli xonandaga nima bo’lganini bilishga haqqi bor


Dilnura Qodirjonova, "Sharq Taronalari" musiqa festivalining g'olibasi, 31 yoshini qarshilagan edi

Dilnura Qodirjonova, "Sharq Taronalari" musiqa festivalining g'olibasi, 31 yoshini qarshilagan edi

Yaqinda Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo’yicha sudi huquq himoyachisi Surat Ikromovni yosh qo’shiqchi Dilnura Qodirjonovaning o’limi haqida noto’g’ri ma’lumot tarqatganlikda aybdor deb topdi.

Mumtoz qo’shiqlari va betakror ovozi bilan millionlab insonlar qalbidan o’rin olgan andijonlik xonandaning 2007 yilda hayotdan nima sabab va qanday ko’z yumgani shu kungacha qorong’u.

Surat Ikromovning aytishicha, xonanda o’ldirilganini isbotlovchi dalillarga ko’z yumib kelinmoqda.

O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist deya ulug’langan Dilnura Qodirjonovadan uch farzand qolgan. Birinchi oilasidan ikki qiz, ikkinchisidan esa bir o’g’il.

Qo’shiqchining onasi Oktyabrxon Yusupova 2008 yilda, qizining o’limidan ancha o’tib ham biror tergov ishi ochilmaganidan xunob bo’lib, Surat Ikromov, mustaqil huquqshunos sifatida tanilgan, yuridik yordam bilan ta’minlaydigan nohukumat tashkilot rahbarining oldiga boradi.

Surat Ikromov, O’zbekiston Mustaqil Inson Huquqlari Himoyachilari Tashabbus Guruhi rahbari, Qodirjonovaning o'limiga doir materiallarni yig'ib, o'rganib chiqqan

Surat Ikromov, O’zbekiston Mustaqil Inson Huquqlari Himoyachilari Tashabbus Guruhi rahbari, Qodirjonovaning o'limiga doir materiallarni yig'ib, o'rganib chiqqan

“Ular Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Prezident nomiga xat yozib, hamma joyga murojaat qilgan, lekin hech qayerdan javob ololmagan”, - deydi Surat Ikromov.

O’zbekiston Mustaqil Inson Huquqlari Himoyachilari Tashabbus Guruhi bu ishni o’rganib chiqqan. Tekshiruv olib borib, yig’ilgan ma’lumotni 2008 yilning 22 fevralida elektron pochta orqali tarqatgan.

“Material berganmiz. Hammasi asosli, hujjatlar bor, Oktyabrxon Yusupovaning gaplari, bilganlari bo’yicha. Lekin bugun ma’lumotlarni savol ostiga olishdan asosiy maqsad o’sha jinoyatni berkitish. Dilnura Qodirjonova, bizning tekshiruvimizdan ma’lumki, bo’g’ib o’ldirilgan. U Toshkent shahar Yakkasaroy tumani ichki ishlar boshlig’i Jamshid Matlyubovning nihoklangan ikkinchi xotini bo’lgan. 2005 yildan keyin, aniqlashimizcha, Matlyubov asosan Dilnura bilan bo’lgan”, - deydi Ikromov.

Qo’shiqchi va Jamshid Matlyubov o’g’illi bo’lgach, birinchi xotin o’z bolalari bilan kelib janjallar qilib turgan. To’s-to’polonlarga qo’ni-qo’shnilar guvoh bo’lgan, shunday hollar bo’lganki, ular xonanda hayotini saqlab ham qolgan, deydi huquq faoli.

Umrining so’nggi oylari Dilnura Qodirjonova uchun o’ta iztirobli kechgan. U doimiy qo’rquv ostida yashagan. 2007 yilning 12 sentabrida esa qo’shiqchi o’zini osib qo’yibdi degan shov-shuv tarqaladi. Qo’shnilar va artistning yaqinlari bu yolg’on, u aslida bo’g’ib o’ldirilgan deya Matlyubovlarga ishora qiladi.

“Morgdan olib kelinganda, onasining gapi bo’yicha, tanasi toza bo’lgan. Tomog’ida ko’k-qizil iz bo’lgan. Shundan ma’lum bo’lgan, uning bo’g’ib o’ldirilgani”.

2008 yilda Surat Ikromovning maqolasi tarqalganidan keyin bir yil davomida O’zbekistonda Dilnura Qodirjonovaning ovozi yangramadi, na radio, na televideniyeda.

“Oradan bir yil o’tib yosh qizlarini olib chiqib, Dilnura Qodirjonova yurak xurujidan o’lgan deb gapirishdi”, - deydi Surat Ikromov.

Marhumaning ikki qizi enaga Rene Metmuradova qo’liga o’tadi. Surat Ikromovni noto’g’ri ma’lumot berganlikda ayblayotgan ham mana shu ayol va uning turmush o’rtog’i Otanazar Xudoybergenov. Jamshid Matlyubovning o’zi o’g’lini olib ketgan.

Surat Ikromovning aytishicha, Matlyubovlar Dilnuraning onasini bosim ostiga ola boshlaydi, chunki buvi nabiralarini olishga harakat qilmoqda. Oktyabrxon Yusupova Andijondan kelib qizidan qolgan uy, avtomobil, qator unvonu mukofotlar bilan kelgan moddiy boylikni qaytarib olish niyatida. Buning oldini olish uchun Matlyubovlar enaga va uning eridan foydalanmoqda, deydi Surat Ikromov.

“Negaki bu qizlar onasiga nima bo’lganini, kimlar uni o’ldirganini ko’rgan. Buvisining oldiga borsa, aytib berishi mumkin. Ular voyaga yetmagan qizlar”.

“Amerika Ovozi” Dilnura Qodirjonova ishi yuzasidan rasmiy ma’lumot olishga, qolaversa, Jamshid Matlyubov bilan bog’lanishga ham harakat qildi, lekin chiqib bo’lmadi.

Surat Ikromovdan tashqari, bu masalada yana kim izlangani noma’lum. Huquq faoli deydiki, Jamshid Matlyubov Yakkasaroy tumani Ichki ishlar boshqarmasidan olingan va quyi lavozimga o’tkazilgan bo’lishi mumkin.

Xalqning sevimli xonandaga nima bo’lganini bilishga haqqi bor, deydi Surat Ikromov, Bosh prokuratura tergov ishi ochib, tekshirishi kerak.

“Lekin bular menga tazyiq qilib, boshqalarga tazyiq qilib, har qanday harakatni to’xtatmoqchi. Yopdi-yopdi qilish maqsad. Lekin bu ochiqdan-ochiq emas, boshqa odamlar orqali qilinmoqda. Ularning orqasida esa Jamshid Matlyubov turibdi. U esa O’zbekiston Ichki ishlar vaziri general-leytenant Bahodir Matlyubovning tug’ishgan ukasi. Menga keyinchlalik ma’lum bo’ldi, prokurorning o’zi ham unga qudami yoki qandaydir qarindosh bo’larkan. Mana shunday korrupsiya, bosdi-bosdi qilish niyatida yurishibdi”.

Toshkent shahar sudi Surat Ikromovga 2008 yildagi maqolasini qaytarib olishni, ya’ni uni noto’g’ri ma’lumot deya rad etishni va jabrlanuvchilar, ya’ni ruhan zarar ko’rganini da’vo qilgan Rene Metmuradova va uning eriga 100 ming so’m jarima to’lashni buyurgan.

Surat Ikromov qatorida ayblangan Oktyabrxon Yusupova, Dilnura Qodirjonovaning onasiga nisbatan qanday hukm chiqqani hozircha ma’lum qilinmagan.

Surat Ikromov Internetda tarqatgan maqolasi asosli ekani, sudda unga qo’yilgan ayblar isbotlanmaganini aytib, apellyatsiya tartibida sudga murojaat qilishga tayyorligini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG