Breaking News

O'zbekiston: O'qituvchilar "ixtiyoriy" ravishda paxtaga chiqdi


O'tgan yilgi paxta terimi paytida olingan surat ©UGF 2016
O'tgan yilgi paxta terimi paytida olingan surat ©UGF 2016

O'zbekistonda tuman hokimi maktab direktorlarini kaltaklashi, bu voqea Bosh prokuratura tomonidan o'rganilayotgani o'qituvchilarni majburiy paxta terimidan ozod qilmagan.

O'zbekistonda o'qituvchilar, shifokorlar yana paxtaga olib chiqilyapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:37 0:00

Mamlakatda paxta kampaniyasi boshlanishi bilan mahalliy hokimiyatlar birinchilardan bo'lib yana o'qituvchilarni dalaga jo'natishmoqda. Faollar bu yil hukumat majburiy mehnatni sir saqlashga alohida diqqat qaratayotgani haqida gapirmoqda.

Bu yilgi paxta kampaniyasi ham qishloq xo'jaligi tizimida, xususan paxta siyosatida biror o'zgarish qilmagani kuzatiladi.

Paxtaning asosiy buyurtmachisi, monopolist xaridori va eksportchisi - hukumat, hokimiyat doirasiga tegishli sanoqli firmalar, terim esa butun mamlakatga yuklatilgan vazifaligicha qolmoqda.

So'nggi ma’lumotlarga ko'ra, viloyatlarda o'qituvchilar, shifokorlar, talabalarning paxta terimiga safarbarligi boshlangan. Bu safarbarlik O'zbekistonda majburiy mehnat, xususan o'qituvchilarning majburiy mehnatga tortilishi bekor qilingani haqidagi va'dalar ortidan kuzatilmoqda.

Terimga jalb qilingan “hasharchilar”ning asosiy qismi hozircha o'qituvchilardan iborat. Mahalliy hokimiyat tumanlardagi maktab direktorlariga har bir maktabdan 30 nafarga yaqin terimchi yetkazib berish majburiyatini yuklagan.

Mahalliy faollardan biri Ziyodulla Razzoqovga ko'ra, Jizzax viloyatida terimga chiqqanlar asosan o'qituvchilar.

“Maktab o'qituvchilari bugun yotoqqa ham qatnab, paxta terishga ham olib chiqilgan. Terimga uyushmagan aholi sifatida chiqyapmiz, mabodo birortasi so'rab qolsa, men o'qituvchi emasman deb aytasan, agar o'qituvchiligingni aytsang, ishdan ketasan, degan tahdidlar ham bor. Bu Jizzax viloyatidagi barcha maktablarda bo'layotgan holat. Masalan, bizni tumanda 26 maktab bo'lsa, ular xalq ta’limi otryadi sifatida bitta fermer xo'jaligiga borib paxta teradi. Bitta maktab kuniga 30 nafarga yaqin terimchi jo'natyapti”, - deydi Razzoqov.

Yaqinda mamlakat miqyosida shov-shuv uyg'otgan, keskin munozara qo'zg'agan voqea - Sayxonobod tumani hokimi Nosir Egamberdiyev maktab direktorlarini kaltaklashi aks etgan video internetga qo'yildi.

O'qituvchilarning jamoatchilik ishlariga safarbarligi majburiy ekanini tasdiqlagan bu video yuzasidan prokuratura tekshiruv boshlagan.

Ziyodulla Razzoqovga ko'ra, prokuratura majburiy mehnatga tortilayotgan o'qituvchilar bilan shug'ullanishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin, ammo o'qituvchilarning ayanchli vaziyatini ko'rsatuvchi bu video muhokamasi davom etmoqda.

“Butun O'zbekiston Sayxonobod tumani hokimi maktab direktorlarini urganini muhokama qilyapti, ammo bu videoning tarqatilishi hozircha maktab o'qituvchilari, direktorlari bilan bog'liq vaziyatga biror ta'sir qilgani sezilmaydi. O'qituvchilar paxtaga chiqyapti, ixtiyoriy deb aytishyapti, ulardan ariza yozdirib olishmoqda. Ammo qaysi o'qituvchi o'z ixtiyori bilan yashashga biror sharoit bo'lmagan dalaga paxta terimiga chiqadi?”, - deydi Razzoqov.

Huquq himoyachisi, paxta kampaniyasi yuzasidan mustaqil monitoring o'tkazib kelgan faollardan biri Malohat Eshonqulovaning aytishicha, bu yilgi terim o'tgan yillardagidan terimchilarning o'ta maxfiylashtirilgani bilan farqli.

“Bu yil ham o'qituvchi, shifokor, bog'cha xodimlari ommaviy dalaga chiqarilyapti, ammo bu shu darajada sir saqlanyaptiki, avvalgilariga o'xshamaydi. Shunday ekan, bu yil kim bu sirlarni ochishga harakat qilsa, o'ylaymanki tahdidlar ham shunga yarasha bo'ladi. Hokimning maktab o'qituvchilarini xo'rlashi, kaltaklashi bilan bog'liq voqeani esa hukumat ham, jamoatchilik ham allaqachon hazm qilib yuborganga o'xshaydi. Shuning uchun men bu voqeani paxta kampaniyasiga biror ta'sir qilishini kutmayman”, - deydi Eshonqulova.

O'zbekistondagi majburiy mehnatga qarshi dunyo va mahalliy miqyosdagi norozilik chiqishlari bolalarni, maktab o'quvchilarini majburiy mehnatdan xalos etdi. Ammo majburiy mehnat kattalar hisobiga kengayishda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG