Breaking News

O'zbekistonda hokimlar nega qo'l ostidagilarni kaltaklaydi?


Mushtumzo'r hokim aks videodan olingan surat
Mushtumzo'r hokim aks videodan olingan surat

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tuman hokimi Nosirjon Egamberdiyev maktab o‘qituvchilarini urayotgani aks etgan video tarqalishi jamoatchilikda keskin munozara qo‘zg‘adi. Faollar davlat boshqaruvida o‘zgarishlar yo‘qligi, hokimlarning mushtumzo‘rlikka asoslangan ish uslubi davom etayotganini ta’kidlashmoqda. Hokim zarbalariga jim bo‘ysunib turgan o‘qituvchilar, maktab direktorlari ham tanqiddan chetda qolmagan.

“Kun.uz” sayti tomonidan 12-sentabr kuni tarqatilgan videoda Sirdaryo viloyati Sayxunobod tuman hokimi Nosirjon Egamberdiyev mustaqillik bayrami tadbirlariga o‘qituvchilarni olib chiqmagan maktab direktorlarini haqoratlashi va kaltaklashi aks etgan.

Yashirin tasvirga olingan va "Kun.uz" saytiga taqdim qilingan videoda Sirdaryo viloyati Sayxunobod tuman hokimi sifatida tanishtirilgan Nosirjon Egamberdiyev tumandagi maktab direktorlarini safga tizib qo‘ygancha, so'kib va kaltaklab chiqayotgani aks etgan.

Hokim avgust oyi oxirida o‘tgan mustaqillik tadbiriga o‘qituvchilar ommaviy olib chiqilmaganidan keskin norozilik bildiradi, maqolada keltirilgan izohga ko‘ra, tumanda mustaqillik bayramini yaxshi tashkil qilmagani uchun viloyat hokimidan hayfsan olgan Nosirjon Egamberdiyev alamini maktab direktorlaridan olgan.

Jamoatchilikda keskin munozaraga sabab bo‘lgan bu video bir tomondan davlat boshqaruvida deyarli hech narsa o‘zgarmaganidan dalolat sifatida ko‘rilayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, tuman hokimining tazyiqlariga itoat qilib turgan o‘qituvchilarga nisbatan ham norozilik kayfiyatini keltirib chiqargan.

Mustaqil jurnalist, huquq himoyachisi Malohat Eshonqulovaga ko‘ra, bu video hokimlarning boshqaruv usuli, o‘qituvchilarning itoatkorligi haqidagi sharmandali haqiqat.

"Bu dahshat, sharmandalik. Katta yoshli erkaklar xuddi o‘zi tengi odam, hokim tomonidan kaltaklanmoqda. Shunaqa ayanchli ahvol, rostini aytsam ziyolilarimizning bunday qiyofasini ko‘rib, xo‘rligim keldi. Deylik, bir maktab direktori o‘z amali uchun shu darajadagi xo‘rliklarga, haqoratga chidaydigan bo‘lsa, u tarbiyalagan o‘quvchilardan nima kutish mumkin, xuddi shunday qaramliknimi?" - deydi jurnalist.

Matbuotda avval ham o‘qituvchilar hukumat, mahalliy hokimliklar uchun arzon ish kuchiga aylangani, ommaviy safarbarlikka majburan jalb etilayotgani haqida chiqishlar bo‘lgan. Bunday tanqidlar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan rad etilgan. Sayxunobod hokimining videodagi so‘zlari esa o‘qituvchilarning majburiy mehnati bevosita Xalq ta’limi vazirligi xodimlari roziligi va ko‘magida amalga oshayotganini ko‘rsatadi.

Bu tanqidlarga qaramasdan hozirgacha o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etayotgan tomon - mahalliy hokimiyatlar javobgarlikdan xoli bo‘lib kelmoqda, hokimlarning o‘qituvchi va shifokorlarni tahdid va tazyiqlar orqali majburiy ishlarga jalb etish an’anasi esa mamlakatda hokimiyat almashishiga, islohotlar va’dasi berilayotganiga qaramasdan buzilmagan.

Malohat Eshonqulovga ko‘ra, hokimlarning mushtumzo‘rlik an’anasi O‘zbekistondagi boshqaruv uchun yangilik emas, ayni paytda prezidentlikka kelgan Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ham xuddi shunday boshqaruv usuli bilan nom chiqargan rahbarlardan biri edi.

“Aytsam tilim kuyadi, aytmasam dilim, haqiqatni aytsang, bosim kuchayaveradi. Bundan o‘n yillar avval kaltaklash haqida ko‘p eshitmasdik, bu holat so‘nggi 10 yil ichida hokimlar o‘rtasida ko‘paygani kuzatildi. Uzoqqa bormaylik, Shavkat Miromonovich hokim bo‘lib ishlagan paytlarida rejani bajarmagan fermerlarni kaltaklagani haqida gaplar yuradi, ko‘rmaganman, ammo eshitganman. Qovun-qovundan rang oladi deb, bu hokimlar ham o‘rnak olishga o‘rgangan katta rahbarlardan. Boshqaruvdagi islohotlar haqida gapirilyapti, ammo amalda hech narsa o‘zgarmagan. Albatta, ayb bu yerda nafaqat hokimda, shuningdek, amaliga, qorin quliga aylanib qolgan ziyolilarimizda ham. Ular ishsiz, nonsiz qolishdan qo‘rqib har qanday tahqirlarga chidab kelmoqda. To‘g‘risi, men buni qanday tushunishni bilmay qoldim, yoki bu Mirziyoyevga quyi idoralar tomonidan bildirilayotgan sabotajmi?” - deydi jurnalist.

Hokimning mushtumzo‘rligi aks etgan videoning ochiqlanishi jamoatchilikda, ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilik uyg‘otishi ortidan prokuratura tekshiruv boshlagani haqida ma’lumotlar bor.

“Kun.uz” nashrining Bosh prokuraturaga tayanib tarqatgan so‘nggi xabariga ko‘ra, Sirdaryo viloyati prokuraturasi hokim o‘qituvchilarni kaltaklashi aks etgan video tarqalishi yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG