YXHT O'zbekistonda saylovlarni kuzatish missiyasini boshlamoqda


Markaziy saylov komissiyasi surati

Markaziy saylov komissiyasi surati

O`zbekistondagi uzoq yillik turg`unlik islohotchi siyosatchilarga keskin ehtiyoj tug`dirgan bir paytda prezidentlik saylovlaridagi asosiy nomzod Shavkat Mirziyoyev kutilgan shu islohotchi qiyofasida namoyon bo`lmoqda. 28-oktabrdan saylovchilar bilan uchrashuvlarni boshlagan nomzodlar iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda o`zgarishlar qilishga va`dalar bermoqda.

4-dekabrda kutilayotgan prezidentlik saylovlari bilan bog`liq jarayonni kuzatish boshlangan. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) missiyasi Toshkentda saylov jarayoniga bog`liq ilk matbuot anjumanini o`tkazgan.

Prezidentlikka asosiy da'vogar sifatida ko`rilayotgan muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon, Farg`ona va Namangan viloyatlarida saylovchilar bilan uchrashuv o`tkazgan. Mirziyoyevning saylov dasturi “Bizning maqsad - tinchikni ta`minlash, taraqqiyot va qonun ustuvorligi” shiori ostida tuzilgan, dasturda korrupsiyaga qarshi kurash, sud va huquq tizimini isloh qilish, qo`shimcha ish o`rinlarini yaratish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.

Mirziyoyev saylov tashviqotida marhum prezident Islom Karimov xotirasiga, uning siyosatini davom ettirishga alohida urg`u bermoqda. Joylarda saylovchilar bilan o`tayotgan uchrashuvlar ham Karimov xotirasi uchun sukut saqlash bilan boshlanyapti.

Yangi hukumat boshlagan o`zgarishlar, aholi o`rtasida shuhrat topgan virtual qabulxona tadbiri Karimov davrida hamisha soyada bo`lgan muvaqqat prezidentning tez fursatda jamoatchilikka islohotlar tarafdori sifatida tanitdi.

Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirga ko`ra, Mirziyoyev hozir aholi o`rtasida islohotlar va`da qilayotgani bilan mashhur, ko`pchilik prezidentlik saylovlarini shu va`dalar orqali qabul qilmoqda.

“Hozir odamlar yangi prezident e`lon qilgan dastur natijasini, islohotlarni kutayapti. Odamlarga saylov qanqa ketayapti, qanaqa nomzodlar bor degan narsa qiziq emas. Karimovning o`limidan keyin kelgan Mirziyoyev e`lon qilgan islohotlar dasturi amalga oshadimi, yo`qmi, shu qiziq, shuni hamma kutayapti. Saylovga qiziqishlar ham asosan shu bilan bog`liq”, - deydi Anvar Nazir.

Tanqidchilarga ko`ra, muvaqqat prezident, Bosh vazir Mirziyoyev hokimiyat resurslaridan saylov maqsadida foydalanmoqda. Huquq himoyachisi Nadejda Atayevaning aytishicha, Mirziyoyev jamoatchilikka o`zini Karimovning haqiqiy vorisi sifatida taqdim etmoqda; shu bilan bir qatorda, bosh vazirlikdan ham, muvaqqat prezidentlikdan ham saylov maqsadida foydalanmoqda.

“Nomzodlar uchun mutlaqo teng sharoitning o`zi yo`q. Ham bosh vazirlik, ham muvaqqat prezidentlik qilayotgan Mirziyoyev hokimiyatdagi tadbirlar uning saylov kampaniyasiga xizmat qilishi uchun hamma choralarni ko`rmoqda. Men uning prezidentligida biror jiddiy islohotlar o`tkazilishiga ishonmayman”, - deydi Atayeva.

Mirziyoyev tomonidan 3-noyabr kuni imzolangan qaror muvaqqat prezident nomzodini yanada ijobiylashtirishi shubhasiz. Qarorda amaldorlar tomonidan fuqarolarning qabul qilinish tartibi har kuni, majburiy qilib belgilangan. Qaror bir oyda 70 mingdan oshiq shikoyat yig'gan virtual qabulxona tajribasiga ko`ra qabul qilingani ta`kidlanadi.

Saylovda Mirziyoyevdan tashqari “Milliy tiklanish” partiyasidan Sarvar Otamurodov, “Adolat” partiyasidan Narimon Umarov, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov qatnashmoqda. Ular ham viloyatlarda saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazishgan.

Sharhlovchilar prezidentlik saylovi doirasidagi uchrashuvlar raqobatdan uzoqligi, nomzodlar tanqidiy qarashlardan qochayotganiga diqqat qaratmoqda. Anvar Nazirga ko`ra, ayrim nomzodlar ziyolilar nazarida anchadan buyon muammo bo`lib kelayotgan masalalarga ham e`tibor qaratgan.

“Qolgan nomzodlardan “Miliy tiklanish” vakili Otamurodov munozara qo`zg`agan taklifi bilan farqlanadi. Masalan, uning o`zbek tiliga oid, lotin alifbosini isloh qilish haqidagi takliflari qiziqarli bo`ldi. Jamiyat buni sezdi, ziyolilar o`rtasida munozaralar ham qo`zg`adi. Boshqa nomzodlar haqida iliq bir gap aytish qiyin”, - deydi u.

Markaziy saylov komissiyasi barcha nomzodlar uchun teng sharoitlar yaratilgani, jarayon YXHTning uzoq va qisqa muddatli ekspertlari tomonidan kuzatilishini bildirmoqda. YXHT missiyasi 2-noyabr kuni Toshkentda dastlabki matbuot anjumanini o`tkazgan. Missiya rahbari Piter Teyler ishtirokidagi uchrashuvda 5-noyabrdan saylov jarayonini kuzatuvchi uzoq muddatli guruh o`z ishini boshlashi, qisqa muddatli asosiy guruh 4-dekabrda ovoz berish jaroyonini bevosita kuzatishi ma`lum qilingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG