Breaking News

Minden shahri - AQShdagi eng zaharlangan joylardan biri


Suvi zaharlangan shahar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

G’arbiy Virjiniya shtatidagi Minden shahri - AQShdagi eng zaharlangan joylardan biri. Bu yerda 1970-yillarda bir kompaniya zaharli kimyoviy moddalardan foydalanib elektr jihozlar ishlab chiqargan. Ushbu ximikatlar 1979-yilda taqiqlangan bo’lsa-da, qoldiqlari hozirgacha aholi salomatligiga putur yetkazmoqda.

Minden shaharchasi bo’shab qolgan. Ko’chada o’ynab yurgan bolalarni ko’rmaysiz. Ko’chaga chiqsa ham ular suvli joylarga yaqinlashmaydi. Sabab - atigi 250 kishi yashaydigan shaharchada polixlor bifenil moddasi aholini zaharlamoqda.

1970-yillarda polixlor bifenildan ko’plab sanoatlar foydalangan. Mindenda u konchilik uskunalarini sovitish uchun ishlatilgan. Bu modda saraton kasalligini qo’zg’atishi aniqlangach, AQSh hukumati 1979-yilda uni taqiqlagan edi.

Shaharchada konlar yopildi, biroq polixlor bifenil hanuz tuproqda va shahar atrofidagi ariq va daryolarda topilmoqda.

“Shahrimizda odamlar rak kasalligidan o’lishni boshladi, miya saratoniga uchraganlar ko’p. Ko’rib turibmiz”, - deydi shu yerlik Darrel Tomas.

Oilalar katta sonda shaharni tark etdi, uy-joy narxi tushib ketdi. Qurbi yetmaganlar shaharda qoldi.

“Olti marta saratonga chalinganman. Sizda genetik moyillik bo’lishi mumkin, deb shifokorlar tekshirib ko’rishdi, analizlar topshirdim. Avval chap ko’kragimda, keyin o’ng ko’kragimda rak topildi. Shuning uchun testlardan o’tdim. Xulosa shuki, kasalligim genlar bilan bog’liq emas. Mendagi saraton turi polixlor bifenil bilan bog’liq ekan. Bu modda ayollarning reproduktiv sistemasini ishdan chiqaradi”, - deydi Mindenda yashovchi Syuzi Vorli-Jenkins.

Avvalroq o’tkazilgan tekshiruvda AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi polixlor bifenil konsentratsiyasi hududni xavfli deb e’lon qilish uchun yetarli darajada yuqori emas, deb xulosa qilgan edi. Aholi bu xulosaga qo’shilmadi.

Mahalliy shifokor Hasan Amjad ko’ngilli ravishda tadqiqotlar olib borgan. U vafot etishidan oldin shaharchada rak tarqalishiga polixlor bifenil sababchi ekanini isbotlovchi ma’lumotlarni to’plagan. Bugun uning ishini qizi davom ettirmoqda.

“O’pka va oshqozon saratoni ko’p uchrashi tufayli avvaliga chekishni, ko’mir konlarini, odamlarning noto’g’ri ovqatlanishini sabab qilib ko’rsatishdi. Polixlor bifenil haqida gapirishni istashmadi”, - deydi shifokor Ayni Amjad.

2019-yilning mayida AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi Mindenni zaharli moddalar topilgan joylar ro’yxatiga qo’shdi. Bu degani, saraton va polixlor bifenil o’rtasidagi bog’liqlikni o’rganish uchun resurslar ajratiladi.

Agar tekshiruvda polixlor bifenil kasallik qo’zg’atayotgani aniqlansa, Minden aholisi hukumat hisobiga ko’chiriladi.

Ammo tekshiruv natijasi qanday bo’lishidan qat’i nazar Tomas va Vorli-Jenkins shu yerda qolib, huquqlarimiz va salomatligimiz uchun kurashni davom ettiramiz, deyishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG