Breaking News

Qrim mojarosidan asosan tatarlar aziyat chekishi mumkin


Bog'chasaroy shahridagi masjidda ibodat qilayotgan Qrim tatari. 7-mart 2014-yil.
Bog'chasaroy shahridagi masjidda ibodat qilayotgan Qrim tatari. 7-mart 2014-yil.
Qrim atrofidagi tortishuv Ukrainaning hududiy yaxlitligiga tahdid solmoqda. Ammo eng katta yo’qotishni Qrim tatarlari boshdan kechirishi mumkin.

Qrimning Bog’chasaroy shahri Rossiyaga moyil kuchlar qo’lida. Hudud ustidan da’vogarlik Ukraina va Rossiya orasida ketayotgan bo’lsa ham, bu yerning haqiqiy egalari aslida ular emas.

Qrim azaldan mahalliy tatar xalqining ona vatani bo’lgan. Shu bois ruslar bosqinidan eng ko’p xavotir olayotganlar ham ular.

“Hamma qo’rquvda. Hech kim endi nima bo’lishini bilmaydi”, - deydi Eydor ismli mahalliy tatar yigit.

Ularning qo’rqishga asosi bor. 1944-yilda Stalin butun tatar xalqini Qrimdan qatag’on qilgan. Qrim tatarlari Sovet Ittifoqi qulaganidan keyingina tarixiy vataniga qaytish imkoniyatiga ega bo’ldi. Bu payt Qrim mustaqil Ukraina qo'lida edi.

Qrim tatar xalqi majlisi raisi o’rinbosari Abdurahmon Egiz bu haqda shunday deydi:

“Biz kelganimizda Ukaina yangi davlat edi. Biz hammasini boshidan boshlashimizga to’g’ri keldi”.

O’tgan asrlarda turkiy elat bo’lgan bu musulmon xalq ko’p qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Qrim xonligining markazi bo’lgan Bog’chasaroy XVIII asrga kelib Rossiyasi imperiyasiga qo’shib olindi. Bu ko’hna saroy shuhrati Pushkin qalamiga mansub "Bog'chasaroy fontani" orqali yanada oshgan.

Mintaqada xavfsizlik bo’yicha vaziyat og’irlashganiga qaramay, tatarlar o’z uylarini tark etish niyatida emas.

“Albatta, men uyimni tark etmayman. Nima bo’lishidan qat’i nazar, biz o’z uyimizda qolamiz”, - deydi Eydor.

Masjidlarda erkaklar tinchlik so’rab ibodat qilmoqda. Ular, Pushkin ifodasi bilan aytganda, “tiniq osmon va moviy to’lqinlar” ostida osuda umr kechirishni istaydi.

“Bu Ukrainaga qarashli yer, Ukrainaning hududi”, - deydi Eydor.

Ammo mahalliy parlament ko’zda tutgan referendum amalga oshadigan bo’lsa, Qrim tatarlari yana bir bor Moskva nazorati ostiga o’tishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG