Iqtisodchilar: Rossiya sanoatini rivojlantirishi kerak

  • Amerika Ovozi

Rossiya avtomobil sanoati katta sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Iqtisodiyoti neft va gaz savdosiga tayanib qolgan yirik mamlakat uchun bu muhim va zarur qadam, deydi tahlilchilar. Rossiyada energetika sohasi kuchli, lekin sanoat sarmoyaga muhtoj.


Rossiya sanoati ancha zaif, ammo Sankt-Peterburgda vaziyat o’zgacha. Mamlakatning shimoliy poytaxti yaqinidagi General Motors zavodi mahsulot ishlab chiqarish hajmini uch baravar oshirishni rejalamoqda.

Korxona rahbari Romuald Ritvinski sifat a’lo, deya ishontiradi.

“Bu yerda ishlab chiqarilgan avtomobillar maqtovga sazovor. Mahsulot sifatini oladigan bo’lsak, G’arbiy Yevropanikidan hech qolishmaydi”, - deydi u.

Yangi avtomobillar soni bo’yicha Rossiya Sovet davri rekordini takrorlab, hatto o’zib ketishi mumkin. 1985-yilda SSSRda 2,2 million mashina ishlab chiqarilgan.

Avto-industriya jonlanayotgani Rossiya sanoati qayta oyoqqa turayotganini anglatadi. Shvetsiyalik iqtisodchi Anders Aslund nazarida, Rossiya uchun yangi bir davrning boshlanishi bu.

“Neft narxi pasaymoqda. Rossiya bu o’zgarishga hali tayyor emas. Bunday vaziyatda ishlab chiqarishni rivojlantirish eng to’g’ri strategiya”, - deydi olim.

Bugungi kunda “Gazprom” Yevropadagi mijozlariga tabiiy gazni arzonroq narxda sotishga rozi. Dunyo bo’ylab qazib olinayotgan neft va gaz hajmi oshar ekan, Rossiya energetikadan boshqa sohalarni rivojlantirishga majbur.

“Energo-resurslar savdosidan osongina daromad olish vaqti o’tdi. Hozir narx-navo avvalgidek emas. Iqtisodiyotni isloh qilib, ishlab chiqarishni yo’lga qo’ymasa bo’lmaydi”, - deydi Anders Aslund.

Rossiyada iqtisodiy o’sish bu yili 3,5 foizni tashkil etishi aytilmoqda. Yevropa esa hamon iqtisodiy inqiroz girdobida. Amerikalik tadbirkor Berni Sucher Rossiyada 20 yildan beri ishlab kelayapti:

“Bu mamlakat iqtisodi turli sabablarga ko’ra hamon o’sishda davom etayapti. Ushbu tendensiya hali beri o’zgarmaydi. Har holda o’sish sur’ati Yevropa Ittifoqidan balandroq bo’lishi aniq. Hatto AQSh va hamma tilga oladigan Braziliya ham orqada”, - deydi biznesmen.

Tabiiy resurslarga tayangan iqtisodiy taraqqiyot modeliga ortiq tayanib bo’lmasligi Kremlga oydek ravshan.

“Rossiyaga kelishimdan oldin ko’plar menga “u yerda ishlash qiyin, vaziyat ham, qonunlar ham tez-tez o’zgarib turadi, har bir qadamda ruxsat olish kerak, zavod ishi to’xtab qoladi”, degan edi", deydi General Motors korxonasi rahbari Romuald Ritvinski.

Mana ikki yildirki, zavod to’xtovsiz ishlab turibdi. Mahalliy hokimiyat bilan bordi-keldi ham bo’lgani yo’q. Hammasi joyida, deydi u.

Hozircha Rossiya uchun energetika - asosiy soha, lekin kelajakda uning o’rnini sanoat bosishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG