Breaking News

AQShlik qizlarning professional futbolga qiziqishi ortmoqda


AQShda futbolga qiziqish kuchaymoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:24 0:00

Futbol bo'yicha Rossiyada o'tgan Jahon chempionati ortidan ayollar o'rtasida ham bu sport turiga qiziqish ortmoqda. Ayniqsa, AQShda futbol qizlar orasida ancha ommaviylashgan. Mamlakatning ayollar milliy terma jamoasi uch karra jahon chempioni bo'lgan. Bu esa qizlar orasida futbolga qiziqishni yanada oshirmoqda.

Kaliforniyaning mo'tadil ob-havosi futbol o'ynash uchun ayni muddao. Shtatda 250 ming odam turli futbol klublarida ro'yxatdan o'tgan. Bu sport turi shunchalik mashhur bo'lishiga qaramay, professional ayollar jamoasi hanuz shakllanmagan. Ayollar Milliy futbol ligasi to'qqiz shtatda to'qqizta jamoaga ega, ammo Kaliforniyada emas.

Lekin yarim professional jamoalar yo'q emas. Masalan, "Los-Anjeles Gelaksi Oranj okrugi" va "Janubiy Kaliforniya Krash" jamoasi bugun kuch sinashdi. O'yin murosasiz kechdi. Har ikki jamoaning maqsadi - ayollar futboliga yangi homiylarni jalb etish.

"Ayollar qila olmaydigan narsalar juda kam. To'p uzatishlar orasidagi masofa qisqaroq bo'lishi mumkin, lekin individual mahorat, o'yinning borishi, sifati, zarur taktikalar deyarli bir xil. Ular erkaklar bilan birdek raqobatbardosh. Ayollar va qizlar bu sportda muvaffaqiyat qozonishlari uchun Amerika ularga ajoyib sharoitlarni yaratib bergan", - deydi "Los-Anjeles Gelaksi Oranj okrugi" jamoasi murabbiysi Skot Juniper.

Futbol oddiy o'yin, lekin xarajati ko'p. Ota-onalar qizlarini biror klubga qo'shish uchun yiliga o'rtacha uch ming dollar sarflaydi. Bu mamlakat bo'ylab safar qilish xarajatlaridan tashqari.

Ayrim onalar qizlarining bu sport turida muvaffaqiyat qozonib, kollejda o'qish uchun grant yutib olishidan umidvor.

"Tushuncha shundayki, kelajak uchun haq to'layapsiz. Klubning a'zolik badallari farzandingizga o'qish uchun grant yutib olishda yordam beradi", - deydi onalardan biri.

Kamdan kam qiz bu darajaga yetadi. Lekin bunga erishganlar to'rt yil bepul o'qiydi va futbol bilan bog'liq barcha xarajatlari qoplanadi. Bu qizlar hatto pofessional futbol karyerasini boshlashi mumkin.

"Los-Anjeles Gelaksi Oranj okrugi" jamoasidan besh nafar qiz allaqachon professional jamoalar bilan shartnoma tuzgan. Jordan Marada ulardan biri.

"Oramizda raqobat kuchli. Jamoaviy ruhda o'ynaymiz. Haqiqiy sport muhiti bor. Hammamiz do'stmiz, opa-singillardek", - deydi u.

Jordanning orzusi mamlakat ayollar terma jamoasiga qo'shilib, xalqaro maydonda vatan sharafini himoya qilish. Bunday muvaffaqiyat u kabi boshqa qizlarni ham futbolga yanada qiziqtirishi aniq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG