Breaking News

O'zbek bola o'limi ketidan Nyu-Yorkda siyosiy bahs-munozaralar


Nyu-York
Nyu-York

May oyining ilk kunlarida Nyu-Yorkda yuz bergan yo'l-ulov hodisasi oqibatida 3-yashar Elnur Shavkatov hayotdan ko'z yumgandi. Go’dak o'zbekistonlik immigrantlar farzandi. Bolakay xotirasiga Bruklinda marosim tashkil etgan mahalliy siyosatchi, shahar kengashi a'zosi Mark Triger nazarida, Elnur bilan bog'liq fojea Nyu-Yorkdagi yo'l-transport tizimi jiddiy islohotga muhtoj ekanini ko’rsatgan.

Nyu-York shahrining Bruklin tumanidagi Bey 25-ko'chasi va Benson avenyusi kesishgan joy. Ushbu gullar va o'yinchoqlarni nyu-yorkliklar 3-yashar Elnur Shavkatov xotirasiga keltirishgan. Amerikada fojeali o'lim topganlarni shunday xotirlashadi.

O'zbekistonlik immigrantlar farzandi Elnur 2-may kuni yo'l-ulov hodisasi qurboni bo'lgan. Bolakay shirinliklar tashuvchi yuk mashinasi ostida qolib vafot etgan.

“Ta'ziyamizni qabul qiling, biz siz bilan!”

Ushbu mudhish voqea nafaqat o'zbekistondan chiqqan immigrantlar jamoasi balki ko'plab Nyu-Yorkliklarni larzaga soldi.

Elnurning o'limi Nyu-Yorkdagi yo'l-transport tizimi jiddiy qayta qurilishga ehtiyoj sezayotganini ochiqlagan. Nyu-Yorkda avtohalokatlar oqibatida 28-aprelga qadar 65 odam nobud bo'lgan. Fojeali yakun topgan yo'l-ulov hodisalar soni o'tgan yilning shu davriga qaraganda 30 foizga oshgan. Bu raqamlarni Nyu-York politsiyasi ma'lumotlariga tayanib “Safe Streets” nodavlat tashkiloti tarqatgan.

“Biz muammoni bilsak-da, uni tuzatmasak, o'zimiz ham butun shahar bo'ylab yuz beradigan shu kabi boshqa hodisalarga aybdor va jinoyatga sherik hisoblanamiz”- deydi amerikalik ona Jan Martin-Lavaud.

Uning qi'zi ham tezlikni oshirgan haydovchi qurboni bo'lgan.

“Biz Transport departamenti(DOT) muammoni zudlik bilan, yana boshqa bola o'lmasidan avval tuzatishini talab qilyapmiz” - deydi Nyu-York Shtati Assambleyasi a'zosi Vilyam Kolton.

Nyu-York yo'llarida xatar oshayotganini shahar kengashi a'zosi Mark Triger o'z saylov okrugidagi ahvoldan sezgan. Unga ko'ra, so'nggi ikki yilda uning hududida bu uchinchi fojeali yo'l-transport hodisasi.

“Afsuski bu birinchi fojea emas. Shuning uchun ham hokimiyat odamlar hayotini saqlab qolish uchun amaliy qadamlarni tashlashi zarur. Shahar byudjeti 92 milliard dollarni tashkil etishini hisobga olsak, kechirib bo'lmas holat. Biz o'z farzandlarimiz, onalarimiz, ota-bobolarimizu hamkorlarimiz hayotlarini saqlab qolish uchun nega hozir amaliy qadam tashlay olmas ekanmiz. 2017-yilda 18 yashar o'smir ishdan qaytayotganda moshinani tez haydab kelayotgan boshqa bir haydovchi tomonidan T avenyusida o'ldirilgandi. Shunda ham shahar rahbariyati tezlikni oshirganlarni qayd etadigan kameralarni o'rnatishni istmagandi. Hokimiyat masala mohiyatini tushunmayapti va fojea ro'y berishini kutyapti. Bunday voqea ro'y berganda esa sustkashlik qilmoqda. Biz qarab o'tirmaymiz va barcha nyu-yorkliklar xavfsizligini ta'minlashga albatta erishamiz”- deydi Mark Triger.

Shahar Kengashi a'zosi Mark Triger Elnur xotirasiga bag'ishlab marosim o'tkazdi. Yig'ilganlar oldida chiqish qilar ekan 2014-yildan buyon muammo haqqida bong urib kelayotganini gapirdi. Ammo, shu paytgacha Nyu-York ko'chalarini 10 pog'onali xavfsizlik choralarini ko'zda tutib qayta loyihalashga undovchi talablar - “Vision Zero Design Standard Bill” qabul qilinmay qolib ketmoqda.

Elnurning fojeali o'lim topishi ushbu hujjatga qarshi turgan mer Bill De Blazioni ham befarq qoldirmadi.

Jamoatchilik esa oyoqqa turib masalaga tezroq yechim topishlarini talab qilishda davom etayapti.

Shahar Kengashi spikeri Kori Jonson ularni eshitgan. Va chang bosib yotgan qonunni qayta muhokamaga olib chiqishiga ishora qilgan. Transport departamenti esa mash'um voqea yuz bergan chorrahani o'rganib svetofor o'rnatishini bildirgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG