Breaking News

Markaziy Osiyo mintaqaviy integratsiyasida jadallik sezilmaydi


Markaziy Osiyoning ba’zi davlatlari orasida kelishmovchiliklar ortidan chegaralar butunlay yopilgan. Ba’zi tahlilchilar mintaqa davlat rahbarlari integratsion jarayonni zimdan davom ettirishga qaror qilganligini taxmin qilmoqda.
Markaziy Osiyoning ba’zi davlatlari orasida kelishmovchiliklar ortidan chegaralar butunlay yopilgan. Ba’zi tahlilchilar mintaqa davlat rahbarlari integratsion jarayonni zimdan davom ettirishga qaror qilganligini taxmin qilmoqda.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvining Dushanbe shahrida tashkil etilgan beshinchi – yubiley sammiti yakuniy xulosalariga ko‘ra, mintaqada integratsion jarayon davom etadi. Ammo mazkur yo‘nalishda 2018-yildan beri muntazam uchrashuvlar o‘tkazilib kelinayotganligi va ilk davra uchrashuvlari oxiriga yetganligiga qaramay, ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishilgani yo‘q.

Haligacha davlatlararo viza rejimi saqlanib kelyapti. Mintaqaning ba’zi davlatlari orasida kelishmovchiliklar ortidan chegaralar butunlay yopilgan. Ba’zi tahlilchilar mintaqa davlat rahbarlari integratsion jarayonni zimdan davom ettirishga qaror qilganligini taxmin qilmoqda.

Tojikiston: Sirdaryo bo'yida suhbat - suv, o'zbeklar, integratsiya
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:22:50 0:00

Mintaqa yetakchilari maslahat uchrashuvining birinchi davra yakuniy uchrashuvi – Dushanbe sammitida beshta hujjat imzolandi. Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddinning jurnalistlar huzurida alohida qayd etishicha, imzolangan hujjatlar orasida «Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot», «Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitim» hamda «Markaziy Osiyoda quruqlik transportining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risidagi bitim», katta ahamiyatga ega.

Ammo 2022-yili Qirg‘izistonning Cho‘lpon-ota shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvining to‘rtinchi sammitida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonidan imzolangan «XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik qilish to‘g‘risida»gi shartnomaga Tojikiston va Turkmaniston tomoni joriy uchrashuvda ham imzo qo‘ymadi.

Umuman, bu masala Dushanbe sammitida kun tartibiga qo‘yilmadi va muhokama etilmadi. Sammit oldidan «Amerika Ovozi» suhbatlashgan mustaqil tahlilchilar ushbu shartnomaga Tojikiston va Turkmanistonning qo‘shilishi mintaqa davlatlarining yana ham jipslashishiga sabab bo‘lishini taxmin qilgan edi.

Rahbarlarga ko'ra, integratsiya jadallashgan
Rahbarlarga ko'ra, integratsiya jadallashgan

Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi axborot ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i Zubaydullo Davlatovning aytishicha, Dushanbe sammiti juda ko‘plab mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni qamrab oldi.

«Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvida mintaqaning eng dolzarb muammolari muhokama etilib, ularga yechim topish yo‘lida qarorlar qabul qilinadi. Dushanbe sammitida ko‘plab masalalar muhokama etildi. Ammo ular orasida eng muhimi, xavfsizlik masalasi, Afg‘oniston masalasi. Albatta, boshqa iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy-gumanitar masalalar ham bor. Misol uchun yo‘l-transport, suv, energetika, iqlim o‘zgarishi, yoshlar kabi masalalar muhokama etildi», - deydi Davlatov.

Tojikiston Strategik tadqiqotlar markazi mas’ulining fikricha, aynan xavfsizlik sohasi mintaqada eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib, umumiy xavf-xatarlar oldida davlatlar jipslashishini taqozo etadi.

«Bugungi kunda bir qator mintaqaviy xatarlar borki, ular Markaziy Osiyo davlatlarining barchasiga birdek ta’sir qiladi yoki xavf soladi. Ya’ne, bu xavf va xatarlarning oqibati mintaqaning besh davlatiga birdek ta’sir qiladi. Ular ikkiga bo‘lib ko‘rsatish mumkin, ijtimoiy va tabiiy xavf-xatarlar. Har ikki guruh xavf-xatarlarni hech bir davlat bir o‘zi hal eta olmaydi. Shuning uchun ham Markaziy Osiyoning hamkorlik va integratsiyasi lozim. Davlatlar o‘z imkoniyatlarini birlashtirsa, ular yana ham qudratliroq bo‘ladi va shu yo‘l bilan mavjud xavf-xatarlarni bartaraf etishga o‘z imkoniyatlarini oshiradi», - deydi Zubaydullo Davlatov.

Uning fikricha, mintaqa davlatlari jipslashishi yoki integratsiyaga erishishi uchun avvalo mintaqaviy maalalar muhokama etilayotgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvi institutsionallashishi kerak.

Ammo Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvining birinchi davra uchrashuvlari yakunlanishiga qaramay, mazkur formatda institutsionallashish kuzatilmadi.

Ekspertlar nazarida O'zbekiston mintaqaviy integratsiya jarayonlarida yetakchilik qilmoqda va bu davom etishi kerak
Ekspertlar nazarida O'zbekiston mintaqaviy integratsiya jarayonlarida yetakchilik qilmoqda va bu davom etishi kerak

Zubaydullo Davlatovning aytishicha, mintaqa davlatlari orasida viza rejimlarining saqlanib qolishi, chegara chizig‘ining delimitatsiya va demarkatsiya qilinmay qolishi va buning ortidan kelib chiqayotgan nizolar integratsion jarayon va mintaqada savdo-iqtisodiy hamkorliklar rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mustaqil siyosatshunos Sherali Rizoyonning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari integratsion jarayonni yuqoridan quyiga emas, aksincha quyidan yuqoriga qarab davom ettirishga yoki birlashish uchun keng zamina yaratishga qaror qilgan ko‘rinadi.

«Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvining beshinchi yubiley sammiti doirasida Prezidentlar tomonidan muhokama etilgan masalalar va qabul qilingan qarorlarni tahlil qilar ekanmiz, mintaqaviy integratsion jarayon mexanizmlarini quyidan shakllantirish holatini kuzatmoqdamiz. Chunki turli sohalarda juda muhim institutlar tashkil etilmoqda. Bu institutlar kelgusida mintaqaviy hamkorliklar uchun juda muhim rol o‘ynaydi. Markaziy Osiyo davlatlari o‘zlarining 1990-yillardagi tajribalaridan kelib chiqib integratsiya jarayonni quyidan shakllantirib chiqishga qaror qilgan ko‘rinadi», - deydi Sherali Rizoyon.

Markaziy Osiyo rahbarlari kelasi safar 2024-yilda Qozog‘istonda uchrashadi
Markaziy Osiyo rahbarlari kelasi safar 2024-yilda Qozog‘istonda uchrashadi

1991-yilning dekabrida Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Ashxobodda uchrashib, mintaqaviy integratsiya jarayonini boshlaydi. Shundan so‘ng o‘tgan 15 yil davomida ko‘plab mintaqaviy kengashlar tashkil etiladi. Ammo ularning faoliyati yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi uchun ham 2005-yilga kelib ular barham topadi. Bunda tashqi aktorlarning ta’siri ham bo‘ladi, albatta.

Rossiyada hokimiyat teppasiga Vladimir Putin kelganidan so‘ng, 2004-yili Markaziy Osiyo hamkorlik tashkilotiga Rossiya qo‘shiladi. 2005-yil 6-7 oktyabr kunlari Sankt-Peterburgda tashkil etilgan yig‘ilishda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Markaziy Osiyo hamkorlik tashkilotini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan birlashtirish tashabbusini oldinga suradi va bu amalga oshadi. Shundan so‘ng, 2006-yil 25 yanvarda Markaziy Osiyo hamkorlik tashkilotiga rasman barham beriladi.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Dosim Satpayevning fikricha, Rossiya-Ukraina inqirog‘i ortidan Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy integratsiya jarayonini shakllantirib olishi va iqtisodiy taraqqiyotni rivojlantirishi uchun qulay imkoniyat paydo bo‘ldi.

«Hamkorliklarni rivojlantirish, mintaqaga investitsiya jalb etish va iqtisodiy taraqqiyotni rivojlantirish uchun qulay imkoniyat eshiklari ochildi. Undan unumli foydalanib qolish kerak. Chunki bu imkoniyatlar eshiklari yopilib qolishi ham mumkin», - deydi siyosatshunos.

Dushanbe sammiti so‘ngida Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvi davom etishi va kelgusi 2024-yilda Qozog‘istonda o‘tkazilishi e’lon qilindi.

XS
SM
MD
LG