Breaking News

Hindiston-Yaqin Sharq savdo koridori "Kamar va yo'l"ga muqobil deb ko'rilmoqda


Yaqinda Dehlida o’tgan “Katta Yigirmalik” sammitida “Hindiston - Yaqin Sharq - Yevropa” iqtisodiy koridorini (HYSY) yaratish, jumladan, portlar va temir yo’l qurish bo’yicha kelishuv e’lon qilindi. Bu Xitoyning “Kamar va yo’l” infratuzilma loyihasiga muqobil deya ko’rilmoqda.

"Kamar va yo'l" Xitoyning tabiiy resurslarga ega bo’lishini ta’minlash va Osiyo, Afrika, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri savdo va transport aloqalarini o’rnatishga qaratilgan.

Undan farqli o’laroq, HYSY miqyos jihatdan ancha kichikroq va hozircha Afrika, Markaziy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo va Hindistondan tashqari boshqa Janubiy Osiyo davlatlarini qamrab olmaydi.

“Kamar va yo’l” loyihasining 10 yilligiga bag’ishlangan Gonkong anjumani ishtirokchilariga ko’ra, raqobat bo'lishi ijobiy hol, mintaqalar bir-biriga bog’lanishi global savdoni oshiradi.

“Raqobat bo’lgani yaxshi. Bunday loyihalar qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi. Biz ularning aksariyatida ishtirok etmoqdamiz”, - deydi Xolid Muhammad Aljassim, Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi direktori.

Uning so’zlariga ko’ra, mamlakatlar istasa “Kamar va yo’l”ga, istasa HYSYga qo’shila olishi kerak. BAA, masalan, har ikkisida ishtirok etmoqda.

“Har qanday davlat bilan ishlashga tayyormiz. Bunisini yoki boshqasini tanlashni xohlamaymiz”, - deydi Aljassim.

Pokistonning Gonkongdagi bosh konsuli o’rinbosari Muhammad Ahmadga ko’ra, HYSYdan natija bo’lishi uchun uzoq vaqt kerak bo’lishi mumkin.

“Bu haqda hozirdan bir narsa deyish qiyin. Agar amalga oshsa, natijani ko’rishimiz uchun o’nlab yillar ketar. “Kamar va yo’l” esa allaqachon ishga tushgan, sarmoya kiritilgan, u mintaqalarni bog’laydi”, - deydi u.

“Kamar va yo’l”ning asosiy loyihalaridan biri, Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori (XPIK) 2013-yilda boshlangan va hozirgacha 60 milliard dollarga yaqin sarmoya bilan sezilarli yutuqlarga erishgan, deydi rasmiy.

XPIK doirasida 3000 kilometrli koridor qurish maqsad qilingan, u chuqur suv porti, yangi avtomobil va temir yo’lini o’z ichiga oladi. Bu esa Yaqin Sharq neftini Xitoyga yetkazish vaqtini qisqartiradi.

Buning evaziga Pokiston yangi transport tarmoqlari va maxsus iqtisodiy zonalarga ega bo’ladi, bu uning iqtisodiy o’sishiga yordam berishi kutilmoqda.

“Kamar va yo’l” – Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Yevropa bo’ylab portlar, temir yo’llar, aeroportlar qurishni mo’ljallagan yirik loyiha. Gonkong hukumati rahbari Jon Li deydiki, loyiha 10-yilini nishonlar ekan, shu kungacha unga 150 davlat qo’shilgan va 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar Xitoy bilan hamkorlik shartnomalari imzolagan.

“Bu tashabbus 3000 dan ziyod hamkorlik loyihalariga turtki berdi, 1 trillion dollar sarmoya kiritildi”, - deydi u.

Loyiha to’siqlarga ham duch keldi. Infratuzilma qurilishi xarajatlarining katta qismini Xitoy va uning sarmoya kompaniyalari qoplar ekan, kreditlar qaytarilishiga ishonch yo’q. Qabul qiluvchi davlatlar esa uzoq muddatli ijara shartnomalari natijasida vaqti kelib nazoratni boy berishdan, qarzni qayta olmasligidan xavotirda.

HYSY loyihasi AQSh Xitoyning o’sib borayotgan iqtisodiy nufuzidan tobora bezovtalanayotgan bir paytda e’lon qilindi. Vashington davlatlarni qarz tuzog’iga tushib qolmaslik haqida ogohlantirib kelmoqda.

Gonkongda Pekin aloqa idorasi rahbari Chjen Yansyunga ko’ra, AQSh “Kamar va yo’l” loyihasidan noroziligini bildirib kelayotgan bo’lsa-da, undan foyda ham ko’rgan.

“Uning sanoat va ta’minot zanjirlari Xitoy tufayli yanada mustahkamlandi. Xitoy ommabop, arzon va sifatli iste’mol tovarlarini yetkazib bermoqda. Ko’pgina korxonalar Xitoy bozoriga ham tanayadi”, - deydi u.

“Katta Yettilik” guruhining “Kamar va yo’l”ga qo’shilgan yagona a’zosi Italiya loyihani tark etishini bildirmoqda. Rasmiylardan birining qayd etishicha, Italiyaning Xitoyga eksporti loyihaga qo’shilmagan boshqa Yevropa davlatlarinikidan ancha past.

Gonkong konferensiyasida 70 davlatlan 6000 kishi, shuningdek, Xitoyning 35 davlat korxonasidan delegatlar qatnashdi. Ismini oshkor etishni istamagan delegatlardan birining fikricha, AQSh-Hindiston loyihasi Xitoyga qarshi qaratilgan.

“Dunyo o’zgarmoqda. AQSh-Xitoy munosabatlari salbiy. Bu reja Xitoyga qarshi qaratilgan. Bu har ikki tomonga ta’sir qiladi, dunyo ikkiga bo’linib qoladi”, - deydi u.

Boshqa bir xitoylik qatnashchiga ko’ra esa:

“Raqobat hamma uchun foydali. Ikki reja bir-biriga ta’sir qilishi shart emas. Siz birini bajarasiz, men boshqasini. AQSh va Xitoy o’rtasidagi raqobat haqida bir o’ylang. Biz AQShdan juda ko’p narsani o’rgandik”.

Nigeriya Savdo-sanoat palatasi vakili Nduka Avuregu deydiki, investorlar rivojlanayotgan mamlakatlarga faqatgina tabiiy resurslar uchungina kelmasligi kerak.

“Xitoyning Nigeriyada zavodlar qurishiga qarshi emasmiz, lekin ular endi tabiiy resurslarimizni qazib olishyapti, xomashyoni olib ketishyapti, - deydi u. – Ular sanoatlar barpo etsin, shunda nigeriyaliklar uchun ish joylari bo’ladi, intellektual bilim oshadi, Xitoy va Nigeriya o’rtasida uyg’unlik bo’ladi. Hozir ko’pchilik o’zlarini aldangandek his qilyapti”.

Savdo koridorlarini qurayotgan davlatlarga u uch narsani eslatadi: o’zaro hurmat, tenglik va adolat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG