Breaking News

Markaziy Osiyo ramsfeldchilari: Birlashgan o'zar, birlashmagan to'zar


Markaziy Osiyoda birdamlikni ta'minlash yillardan beri muhokamada. Tan olinmagan boshqaruv ostidagi Afg'oniston ham regionning bir qismi, deydi liderlar. Integratsiya jarayoniga Kavkaz va Mongoliyani ham jalb qilish kerak, deydiganlar ko'p, jumladan ramsfeldchilar.
Markaziy Osiyoda birdamlikni ta'minlash yillardan beri muhokamada. Tan olinmagan boshqaruv ostidagi Afg'oniston ham regionning bir qismi, deydi liderlar. Integratsiya jarayoniga Kavkaz va Mongoliyani ham jalb qilish kerak, deydiganlar ko'p, jumladan ramsfeldchilar.

Markaziy Osiyoda siyosiy va iqtisodiy birdamlikka erishish yillardan beri muhokamada. Tan olinmagan boshqaruv ostidagi Afg'oniston ham regionning bir qismi, deydi liderlar. Integratsiya jarayoniga Kavkaz mamlakatlari, ya'ni Ozarbayjon, Armaniston va Gruziya, shuningdek, Mongoliyani ham jalb qilish kerak, deydiganlar ko'p, garchi shu paytgacha yuqorida tilga olingan mamlakatlarning rahbarlari alohida bir davraga yig'ilmagan.

AQSh poytaxtida 2008-yildan beri yuritiladigan xalqaro dasturlaridan biri sobiq Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld qoldirgan fond homiyligida Markaziy Osiyo, Kavkaz, Afg'oniston va Mongoliyadan (CAMCA) sara mutaxassislarni treningdan o'tkazadi. Shu kungacha 265 kishi qatnashgan. Ular, oddiy qilib aytganda, ramsfeldchilar.

Dastur koordinatori Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti bo'lib, u hozirda Amerika Tashqi aloqalar kengashi otalig'idagi tashkilotdir. Institutga yetuk mintaqashunos olim, professor Fred Starr rahbarlik qiladi.

Starr so'zlariga ko'ra, CAMCA tushunchasi Vashingtondan chiqqan emas, uni aynan shu mamlakatlardan kelgan yoshlar shakllantirgan.

Ayni damda Vashingtonda bo'lib turgan guruh nazarida CAMCA mamlakatlari iqtisodiy-siyosiy jihatdan yaqnlashsagina yalpi milliy mahsulotni yuksaltira oladi.

Qo'shni Xitoy asosiy investor bo'lib qolmoqda. G'arb nimaga sarmoyani oshirmayapti? Investitsiya qilish qimmat va qiyin - byurokratiya chigal, korrupsiya keng, qonun ustuvor emas.

Mintaqaning imkoniyatlari cheklangan va bu milliy va geosiyosiy omillarga borib taqaladi.

Hukumatlarga ko'ra o'tgan yillarda misli ko'rilmagan yutuqlarga erishildi: 2022-yilda Markaziy Osiyoning besh respublikasi orasidagi savdo 220 milliardga yetgan, 2017-yildagidan deyarli olti marta katta.

Ularning yalpi yillik milliy mahsuloti qo'shilsa, 406 milliard dollarni tashkil etadi. Besh yil oldingiga qaraganda 40 foizga oshgan.

Qirg'izistondan Aynura Sagin deydiki, Markaziy Osiyo aholisi energetik jihatdan muntazam qiynaladi. Tizimlar eski. Bu boradagi mintaqaviy hamkorlik asosan so'zda.

Ozarbayjon va Mongoliyada energetik taqchillik yo'q, deya kuzatadi ramsfeldchilar.

Hukumatlar neft, gaz va suv masalalarini, shuningdek, muqobil manbalarni muhokama qiladi, ammo konkret regional progress sezilmaydi.

Toshkentdagi Markaziy Osiyo quvvat markaziga ishonch qolmagan, chunki so'nggi yillarda bir necha bor pand bergan.

Bu sohada eng qiyin muhitlar - Tojikiston va Qirg'iziston. Har ikkisi energetik loyihalari uchun sarmoyaga muhtoj, lekin topa olmayapti, garchi har ikkisi suv manbalariga boy.

"Markaziy Osiyo davlatlari suv resurslari yuzasidan hamkorlik qilmasa, yaqin yillarda ulkan muammolar ichida qoladi", - deyiladi ramsfeldchilar prezentatsiyasida.

Ular Sovet paytida bir tizimda bo'lgan mamlakatlarni yangi regional tarmoq yaratishga undamoqda. Hukumatlar bu borada allaqachon muloqotda, biroq hozirgacha samarasiz.

Mintaqada energetika bobida so'nggi eng yirik kelishuv - O'zbekiston o'tgan oydan beri Rossiyadan Qozog'iston orqali yirik miqdorda tabiiy gaz ola boshladi.

Markaziy Osiyo, Kavkaz, Afg'oniston va Mongoliya orasida hamkorlik va koordinatsiya yetishmaydi, deydi Vashingtonda so'zlagan yoshlar.

Ular nazarida Ozarbayjon bu sohada hammaga yordam berishi mumkin. Bu davlat Gruziya va Turkiyaning yirik energetik madadkori.

Amerika hukumati bu masalalarni yillardan beri ko'tarib keladi. Ammo, Sagin fikricha, ko'mak kutilganidek emas. Vashington taklif va tavsiyalar beradi. Mintaqaga esa muayyan loyihalarga ishonchli sarmoyadorlar zarur.

Qirg'izistondan mutaxassis Dastan Omuraliyev deydiki, Markaziy Osiyoni Mongoliya va Kavkazga yaqinlashtirish oson bo'lmaydi, chunki orada Rossiya va Xitoy singari qudratli davlatlar, shuningdek, Kaspiy dengizi bor, deydi u.

Qishloq xo'jaligini moliyalashtirish sohasida ishlaydigan Omuraliyev mintaqada bu yo'nalishda yangicha tizimlar hali keng yo'lga qo'yilmaganini aytib, sarmoya izlagan tadbirkorlar uchun imkoniyatlar juda oz, deydi.

O'zbekistondan Nargis Dustmatova deydiki, Markaziy Osiyo poytaxtlariga, turistik go'shalariga borish bugun osonlashgan, biroq mintaqa bo'ylab sayohat qilish hali ham mashaqqatli. Regional transport vositalari, mamlakatlarni osonroq bog'lovchi tizimlar zarur.

Omuraliyev hisobicha, mintaqaga yiliga 15-20 million chet ellik kelib ketadi, eng katta qismi O'zbekistonga. Xorijliklar har biriga alohida vizalar olishga majbur ekan, turistlar oqimi oshmaydi, deydi u. Ulkan biznes imkoniyatlar boy beriladi, deyd u.

Mintaqada oshkoralik va shaffoflik yetishmaydi, sud tizimlari mustaqil emas, sarmoyadorlarning qonun ustuvorligiga ishonchini oshiruvchi omillar oz.

Markaziy Osiyo - ko'pchilik aholisi yoshlardan iborat region. Ta'lim, kasb-hunar, innovatsion ish o'rinlari va zamonaviy imkoniyatlar, jumladan moliya manbalari kerak, deydi Dustmatova.

Kichik va o'rta biznesni, mayda tadbirkorlarni quvvatlovchi fondlar kam, tashabbuslar esa talay, deydi mutaxassis.

Ramsfeldchilar, ulardan oldin kelib ketganlar singari, e'tiborni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga qaratadi, ya'ni birinchi navbatda xalqning tirikchiligi osonlashishi lozim.

Ular olg'a surayotgan loyihalar dunyoviy va islomiy qadriyatlarga asoslanadi va ular nazarida har ikkisini birdek amalga oshirishi mumkin.

Kapital qayerda kelsin? Bu yoshlar xalqaro moliyaviy institutlarga ishora qiladi, shuningdek, G'arb xususiy sektoriga.

Nima uchun bu tomonlar regional loyihalarni quvvatlashi lozim?

Ramsfeldchilarning umidi shuki, bunday dasturlar mintaqa davlatlarini o'zaro ishlashga majburlab, oradagi ziddiyatlarning yechilishiga turtki beradi.

Yoshlar CAMCA savdo uylari ochishni ham taklif qilmoqda. Lekin bu tashabbuslar kimdan chiqishi kerak - hukumatdan yoki bizneslardan?

Ramsfeldchilarning ustozi, professor Starr ularni chuqurroq fikrlashga, g'oyalari ustida qattiqroq ishlashga chaqirib, aks holda bu takliflar ham so'zda qolib ketadi, deydi.

CAMCA savdo uylarini ochish uchun Starr ramsfeldchilarni birgalikda tegishli tomonlarga murojaat bilan chiqishga undamoqda.

Starr Yevrosiyo degan termin o'rniga muayyan mintaqalarning nomini ishlatishni targ'ib qilmoqda. Bu yilgi ramsfedlchilar uchun eng ma'quli - CAMCA, ya'ni Markaziy Osiyo, Mongoliya, Kavkaz va Afg'onistonga bir yirik hudud sifatida qarash.

Mintaqaviy birdamlik harakatida O'zbekiston va Qozog'iston yetakchi davlatlar, chunki aholisi va iqtisodi jihatdan eng kattalaridir. Omuraliyev fikricha, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston ham o'ziga xos rol o'ynashi mumkin, ammo buning uchun davlatlarning o'zida siyosiy iroda bo'lishi kerak.

Ramsfeldchilar Starrning azaliy chaqirig'iga qo'shiladi: integratsiya uchun har bir hukumat va jamiyat faol qadam tashlashi zarur, tashqi dunyo ming undamasin, uni birlashtirib qo'ya olmaydi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG