Breaking News

Yaqin Sharq katta urush yoqasidami?


Eronning O'lik dengizdan topilgan raketa qismi, deydi Isroil zobitlari
Eronning O'lik dengizdan topilgan raketa qismi, deydi Isroil zobitlari

Eron-Isroil o’rtasidagi ziddiyatni kuzatayotgan ekspertlar nazarida vaziyat izdan chiqishi Yaqin Sharqda urush alangasini avj oldirishi mumkin.

Markaziy Osiyo rasman Eron va Isroil o’rtasidagi ziddiyatda betaraf deyish mumkin, mintaqa hukumatlari tomonlarni murosaga, muammoni muzokara yo`li bilan ham etishga chaqirmoqda.

O´zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu haftadagi bayonotida keskinlikni yangi bosqichidan xavotir bildirib, harbiy kuch ishlatishdan tiyilishga chaqirgan.

Boshqa davlatlar munosabati ham deyarli shu ohangda. Ular ham muzokaraga undaydi.

Tinchlikshunos Alisher Hamidov tahlilicha, mintaqa Eron-Isroil ziddiyatiga betaraf, chunki hukumatlar bu boradagi imkoniyati cheklanganini yaxshi tushunadi.

“Mintaqa respublikalari vaziyatga ta’sir o´tkazish imkoniyatida emasligini biladi, bayonot bundan istisno, mintaqa BMT Xavfsizlik kengashida emas, ziddiyatni faqat chetdan kuzatishi mumkin. Bu Falastin muammosi emas, munosabat ham shunga yarasha. Markaziy Osiyo Falastin fojiasiga befarq emas, Isroilning bosimiga chek qo`yishni talab qilib keladi. Bu ehtimol falastinliklar diniy jihatdan bizga yaqinligi bilan bog’liqdir. Lekin Eron va Isroil o`rtasidagi ziddiyatga munosabat boshqa, mintaqani Eron bilan munosabatlari ham unchalik chambarchas emas”, - deydi Hamidov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Tehrondagi masjid oldida, 15-aprel, 2024
Tehrondagi masjid oldida, 15-aprel, 2024

Eron Markaziy Osiyoning qo’shnisi, mintaqa davlatlari bilan aloqalari iliq, biror davlat bilan jiddiy ziddiyatlarga ega emas.

Bunda til va madaniy jihatdan Eronga yaqin bo`lgan Tojikiston bilan rishtalar diqqatli. Bir necha yillar avval Eron tojik muxolafati vakillariga boshpana bergani uchun jiddiy keskinlashgan bu munosabat so’ngi yillardan iliqlashdi.

Dushanbe Isroil tomonidan Eronni Suriyadagi diplomatik korpusiga berilgan raketa zarbasini keskin qoralab ham chiqdi.

Hamidov nazarida Qirg’iziston- Tojikiston o`rtasidagi chegara ziddiyatlari Tojikiston-Eron hamkorligi qalinlashishiga xizmat qilgan.

“Buning sababi Qirg’iziston Turkiyadan dronlar sotib oldi, ammo Turkiya bu dronlarni Tojikistonga ham sotishni rad qildi. Dushanbe Eronga murojaat qildi, dronlarni Erondan sotib oldi. Shu, xavfsizlikka doir boshqa sabablar bois Tojikiston Eron bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirmoqda. Dushanbe ziddiyat bo'yicha keskin bayonot bilan chiqmayotgani sababi esa Isroil ortida AQSh, Yevropa davlatlari turganini biladi, shart bo`lmagan joyda aloqalarni buzish niyatida emas”, - deydi Hamidov.

Islom dunyosida Eronni quvvatlab chiqqan asosiy tomon - Turkiya va uning rahbari Rajab Toyib Erdog’an.

Erdog’an Isroilning Suriyadagi diplomatik korpusga qilgan hujumini vaziyatni izdan chiqarishga urinish sifatida baholagan. Uning so'zlariga ko'ra, falastinliklar genotsid tahdidi ostida ekan, mintaqada tinchlik bo'lmaydi.

Hamidov taxminicha, Yaqin Sharq katta urush arafasida turibdi.

“Bu - ikki tomonning yillar davomida yig’ilgan o’zaro ziddiyatining bir ko`rinishi. Bu dushmanlik Erondagi islom inqilobi davridan buyon mavjud. Hozir bu harbiy to`qnashuv ko`rinishini oldi va kuchayishda davom etadi, Isroil tomoni ham o’z javobini qaytaradi. Eroning navbatdagi javobi esa hozirgisidan ancha kuchli bo`ladi, tabiiy bunga AQSh va boshqa davlatlar ham tortiladi. Shu orqali Yaqin Sharqdagi vaziyat portlaydi”.

AQSh va Yevropa davlatlari Eronni ham, Isroilni ham ziddiyatni darhol to’xtatishga chaqirmoqda.

Isroil va XAMAS o’rtasidagi urush, Falastin hududining shafqatsiz bombalanishi, tinch aholi orasida o'nlab ming insonning o'ldirilgani dunyoda Isroildan norozilikni kuchaytirgan. G´arbning Isroilga nisbatan e’tirozlari yuqori.

Isroil Eronning Suriyadagi elchixonasini o`qqa tutishi, bir nechta generalini o’ldirishiga javoban Tehron tomonidan dron va raketalardan ommaviy hujumga tutilar ekan, G’arb, jumladan AQSh ham Isroilni qo`llash qarorida qat`iyligini ko`rsatdi, raketa hujumlarini bartaraf etishda Isroilga yaqindan ko`maklashdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG