O'zbekistonlik jurnalistga xalqaro Matbuot Erkinligi mukofoti berildi


Nyu Yorkda joylashgan Jurnalistlarni Himoya Qilish xalqaro qo’mitasi o’zbekistonlik jurnalist Galima Buxarbayevani yilning eng dovyurak jurnalisti deb ta’riflab, uni Matbuot Erkinligi mukofotiga loyiq topdi.

Qo’mitaning bildirishicha, Buxarbayeva qatorida matbuot erkinligi mukofotiga loyiq topilgan yana uch kishi, o’z mamlakatlarida jurnalistik faoliyatlari uchun kaltaklangan, qamoqqa mahkum qilingan va tazyiqqa uchragan. Buxarbayeva bu oliy mukofotga sazovor bo’lganidan mamnun ekanligini aytadi:

- 13 May kuni men bilan birga Andijon voqealarini joyidan yoritgan hamkasblarimning qilgan ishlari haqiqatdan ham qahramonlik edi, - deydi Bukharbayeva.

Matbuot erkinligi mukofotining menga berilgani, deydi u, O’zbekistondagi eng dahshatli diktatura sharoitida ishlagan va ishlayotgan jurnalistlarlarning faoliyati tan olinganidan dalolatdir.

Hozirda Urush va Tinchlikni yoritish institutining O’zbekistondagi sobiq muxbiri, Galima Buxarbayeva, magistrlik darajasini olish uchun Nyu Yorkda joylashgan Kolumbiya Universitetining jurnalistika bo’limida tahsil olmoqda.

- AQShda o’qishni avvaldan rejalagan edim, va Andijon voqealarini yoritganimdan so’ng O’zbekistonda qolish men uchun xavfli bo’lgani sabab, AQShda o’qishga kelish imkoniyati ayni muddao bo’ldi, - deydi jurnalist.

13 may kuni Andijon voqealarini joyidan yoritgan Galima Buxarbayeva, ko’rganlarini oxirgi ellik yil ichida xalqqa nisbatan qilingan eng shavqatsiz munosabat deb biladi.

- Andijondagi xunrezlikning xalqaro ommaviy axborot vositalarida yaxshi yoritilgani, va umuman haqqoniy jurnalistika, vijdonli jurnalistlar va to’gri so’z - dunyoni o’zgartira olishiga ishonaman, - deydi Buxarbayeva.

Jurnalistlarning Andijon haqida to’xtovsiz yozgani, deydi u, qaysidir jihatdan O’zbekistonga nisbatan jahon siyosatining qanday bo’lishini belgiladi. Unga ko'ra, "O’zbekiston hukumati bo’lib o’tgan voqeani qanchalik yolg’onga bo’yashga harakat qilmasin, bu harakatlar jurnalistlarning faoliyati tufayli natijasiz bo’lib qolmoqda."

Tan olish kerak-ki, deydi jurnalist, xalqaro ommaviy axborot vositalari ko’pincha Markaziy Osiyo mintaqasiga unchalik katta e’tibor berishmaydi.

- Xorijiy gazetalarning bosh sahifalarida Iroq yoki Isroil mavzularini har kuni ko’rasiz-u, Markaziy Osiyodagi ahvol - masalan u yerda minglab odamlar qirib tashlanmaguncha -yoritilmadi.

Andijon voqealari bo’yicha Toshkenda o’tayotgan sud jarayonida, guvohlardan biri Mahbuba Zokirovaning boshqa guvohlardan farqli ko’rsatma berganini Buxarbayeva haqiqiy qahramonlik deb baholaydi.

2006 yilning May oyida o’qishni bitirgandan so’ng, Galima Bukharbayeva O’zbekistonga qaytish niyatida.

XS
SM
MD
LG