Breaking News

O'zbekistonda e'tiqod erkinligi xavf ostida qolmoqda


1975 yilda Finlyandiya poytaxti Xelsinkida imzolangan xalqaro qonun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga a'zo 55 davlatdan inson huquqlarini himoya qilishni, jumladan diniy ekrinlikni e'zozlashni talab qiladi. Qolaversa, Birlashan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha umumjahon deklaratsiya ham barcha mamlakatlarni inson huquqlarini, jumladan diniy erkinlikni e'zozlashga chaqiradi.

"Insonning asosiy huquqlaridan biri bo'lmish diniy erkinlik,"- deydi Xelsinki shartnomasiga qanday amal qilinayotganini kuzatuvchi AQSh komissiyasi vakili Noks Teyms (Knox Thames), "Markaziy Osiyo bo'ylab, ancha mudhish ahvolda." Xelsinki komissiyasi sifatida tanilgan mazkur tashkilot AQShning 18 qonun chiqaruvchisi hamda savdo, mudofaa va davlat departamenti vakillaridan iborat. Guruhdagi qonunchilarning yarmi respubkilachi bo'lsa, qolgan ikkinchi yarmi demokratdir.

Janob Teymsning tahlil qilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari ichida ayniqsa, O'zbekiston va Turkmanistondagi vaziyat xalqaro hamjamiyatni qatttiq tashvishga solmoqda. Islomga tinch yo'l bilan e'tiqod qilayotganlar qatorida, bu mamlakatlardagi ozchilikni tashkil etgan turli diniy guruhlar ham doimiy tazyiq ostida, deydi Xelsinki komissiyasi vakili. "Ular ko'p hollarda ro'yxatdan o'tkazilmaydi, o'z ibodatxonalariga ega bo'lishi juda mushkul va hukumatlar jamiyatda mayda dinlarga nisbatan salbiy munosabatni qo'llab-quvvatlayotgandek ko'rinadi,"- deydi janob Teyms.

"Hozirda Markaziy Osiyo respubliklalarini boshqarayotgan besh prezidentdan to'rt nafari, jumladan Karimov, Nazarboyev, Niyozov va Rahmonov shaxsan bu shartnomani imzolaganlar va inson huquqlari va diniy erkinliklarning e'zozlanishini ta'minlashga so'z berganlar,"-deydi Xelsinki komissiyasi vakili.

Xelsinki komissiyasiga ayni damda respublikachi senator Sem Braunbek (Sam Brownback) raislik qiladi. Senator O'zbekistondagi inson huquqlari ahvolidan tashvishda ekanini, hozirda O'zbekistonga Turkmaniston qatorida "eng tashvishlanarli davlat" maqomi berish va unga beriladigan moliyaviy yordamni kamaytirish borasida qonuniy tashabbus Kongress muhokamasi ostida ekanini ta'kidlab kelmoqda.

Xo'sh, Vashingtondan turib faoliyat ko'rsatuvchi tashkilot O'zbekistondagi haqiqiy ahvol va diniy guruhlarning muammolaridan qanchalik xabardor? Hukumat bilan yaqindan aloqadami? Unga o'z tashvishlarini to'g'ridan-to'g'ri bildirib turadimi?

Xelsinki komissiyasi vakili yaqinda senator Braunbekning Toshkentda noqonuniy e'tiqod qilayotganlikda ayblanib, jinoyatda tortilgan ruhoniy, nasroniy yetakchi Nikolay Shevchenko bilan telefon orqali suhbat qilganini misol keltirib, "Biz hamkorlikka, diniy erkinlik butun sinoniyat uchun o'ta zarur huquq ekanini eslatishga intilamiz,"deydi.

"Xelsinki komissiyasi diniy erkinlarni poymol etayotgan hukumatlarni AQShning bu davlatlarga nisbatan siyosatiga ta'sir o'tkazish yo'li bilan jazolashi mumkin,"-deydi tashkilot vakili Noks teyms. Eng muhimi, deydi u, davlatlar e'tiqod erkinligini buzib, odamlarni noqonuniy diniy faoliyatlardan ayblab, o'zlariga qarshi dushman orttirayotganini, jamiyatda ezilgan qatlamlar ko'payayotganini bilsinlar,"-deydi Noks Teyms.

XS
SM
MD
LG