Breaking News

Bishkek AQShga harbiy hamkorlikning yangi shartlarini ma'lum qildi


Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligining ma’lim qilishicha, kuni kecha AQShning Qirg’izistondagi elchisi Mari Yovanovich vazirlikka chaqirilib, unga respublika hududida joylashgan AQSh boshchiligidagi aksilterror kuchlari koalitsiyasi bo’yicha yangi shartlar bitimi topshirilgan.

Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari Mari Yovanovichga “Gansi” aviabazasi bo’yicha yangi shartlar bitilgan notani topshirish bilan birga, unga tez orada Bishkekda tahlilchilar kengashini to’plash ham taklif qilganlar.

AQSh bazasining Qirg’izistonda joylashishi bo’yicha yangi shartlar bitimining loyihasi prezident Bakiev ma’muriyati qaroriga binoan tuzilgan ishchi guruh tomonidan bir necha oy davomida ishlab chiqilgan. Bitimdan baza uchun ijara haqqini oshirish, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun tovon to’lash, shuningdek, Qirg’iziston manfaatlarini ko’zlovchi boshqa bir qator shartlar o’rin olgan.

Qirg’iz siyosatchilariga ko’ra, AQSh bilan yangi tuzilajak shartnoma xalq manfaatlariga xizmat qilishi kerak.

- AQSh bilan tuzilgan shartnomani so’zsiz qayta ko’rib chiqish kerak. Avvalgidek qoldirib bo’lmaydi. Shartnoma manfaatlariga xizmat qilsin. Shartnoma avval faqat bir oilaning manfaatlari uchun xizmat qilgan, endi qirg’iz xalqiga xizmat qilsin, – deydi Qirg’iziston parlamenti millatvakili Jonto’ra Sotiboldiev.

Tashqi ishlar rasmiylariga ko’ra, AQSh elchisiga topshirilgan yangi hujjat prezident Bakievning AQSh Mudofaa vaziri Donal’d Ramsfel’d va AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays bilan 2005 yil uchrashuvlariga asosan ishlab chiqilgan.

Qirg’iziston Moliya vazirligining ma’lumotiga ko’ra, “Manas” aeroportida joylashgan AQSh boshchiligidagi aksilterror kuchlarining “Gansi” aviabazasidan olinayotgan daromat to’g’ridan to’g’ri hukumat g’aznasiga tushmaydi. Qirg’iziston parlamentining raisi O’murbek Tekebaev moliya vaziri Aqilbek Japarov bilan yanvar’ oyining boshida uchrashib, AQSh bazasidan “Manas” aeroporti hissadorlari daromad olayotganlarini aniqlagan. Ammo parlament raisi O’murbek Tekebaevga ko’ra, amerikaliklardan olinayotgan daromadga davlat egalik qilishi va xalqning muammolari shu daromad evaziga hal etilishi kerak. O’murbek Tekebaev yaqinda Qirg’iziston AQSh bazasidan ijara uchun yiliga 50 million dollargacha haq olishi ehtimolini ma’lum qilgan.

Qirg’izistonning AQShdagi elchisi Zamira Sidiqova mamlakat hududida joylashgan amerikaliklar boshchiligidagi aviabazaning chiqarilishi to’g’risida so’z bo’lishi mumkin emasligini ta’kidlaydi.

- Bizga “Gansi” aviabazasining ko’p foydasi tekkan. Shuning uchun bazani chiqarish yoki boshqa hech qanday so’z bo’lmasligi kerak. Terrorizm bugungi kungacha o’z kuchini yo’qotgani yo’q, hozirgacha tahdid solmoqda. – deydi Qirg’izistonning AQShdagi elchisi Zamira Sidiqova.

Qirg’izistonda AQSh boshchiligidagi aksilterror kuchlari koalitsiyasiga qarashli aviabaza 2001 yilning 11 sentyabr’ voqealaridan keyin, Afg’onistonda boshlangan xalqaro terrorizmga qarshi kurash amaliyotlari doirasida joylashtirilgan. Shuningdek, Bishkek shahridan 40 chaqirim uzoqlikdagi Qant shahrida rus harbiy havo bazasi ham joylashgan bo’lib, bu baza rasman Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga a’zo davlatlarga qarashli.

2005 yilda Ostonada o’tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yig’inida MDH davlatlari rasmiylari tomonidan Qirg’izistondagi aksilterror koalitsiyasi kuchlariga qarashli “Gansi” harbiy bazasining qolish muddatini aniqlash masalasi o’rtaga qo’yilgan. Rus harbiy bazasidan farqli o’laroq, amerika bazasi Qirg’izistonga ijara uchun haq to’laydi. Shu paytning o’zida, Qirg’iziston ham aksilterror kuchlari koalitsiyasiga a’zo davlat hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG