Breaking News

Toshkent yana bir xalqaro tashkilotni yopishni buyurdi


Toshkent fuqarolik sudi 4 may kuni Vashingtonda asoslangan va keng qamrovli insonparvarlik loyihalari bilan tanilgan Counterpart International (Kounterpart Interneyshnl) nohukumat tashkilotining O’zbekistondagi idorasini yopishni buyurdi.

Mamlakatdagi xalqaro, ayniqsa, AQShga tegishli tashkilotlar birma-bir yopilayotgan paytda, hukm Kounterpartni unchalik ajablantirmagan ko'rinadi.

Tashkitlot prezidenti Leley Lelaulu Toshkent bo’limining yopilishi kutilmagan hol emas, ammo achinarli voqea, deydi.

"Achinarlisi shuki", - deydi janob Lelaulu, "tashkilot O’zbekistonda 1997 yildan beri ishlab kelyapti va faoliyat davomida mamlakatdagi iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan oilalarga yordam berilayotgan edi."

Kounterpart bundan 40 yil avval Tinch okeanining janubiy qismlarida, jumladan Fiji, Polineziya, Mikroneziya va Tonga kabi orollarda insonparvarlik tashkiloti sifatida ish boshlagan va hozirda 60 mamlakatda faoliyat ko’rsatadi.

O’zbekiston Adliya vazirligi Kaunterpart tashkilotini mamlakat qonunlarini tinimsiz buzganlikda va o’z nizomiga xilof ish olib borganlikda ayblagan edi.

Adliya vazirligiga ko’ra, tashkilot xodimlari noqonuniy tashkilotlar tuzishgan, ularni boshqarganlar va moliyaviy hisobotlar berishdan bosh tortganlar. Kounterpart esa ayblovlarni qat’iyan rad etadi.

"Biz Toshkent sudiga faoliyatimiz haqida ochiq oydin ma’lumot berdik. Afsuski, sud bizni yopishga qaror qildi. O’zbekiston qonuniga bo’ysunmasdan iloji yo’q. Biz qonunni har narsadan ustun qo’yuvchi tashkilotmiz",- deydi Kounterpart prezidenti Leley Lelaulu.

Ishi sudda ko’rilayotganiga qaramasdan, tashkilot O’zbekistonga insonparvarlik yordami jo’natishda davom etyapti. Yaqinda tashkilot chiqargan bayonotda kelasi kunlar ichida O’zbekistonga 1,6 million dollarga teng insonparvarlik yordami beriladi, jumladan dori-darmon va maishiy jihozlar. Yordam, tashkilotning bildirishicha, O’zbekiston hukumati tomonidan so’ralgan.

Tashkilot Toshkentda sudga tortilayotgan bir paytda, uning 14 konteynerga yuklangan yordami O’zbekiston tomon yo’l olmoqda. Bu konteynerlarning uchtasiga yuklangan yordam O’zbekiston hukumati iltimosi bilan yetkazilmoqda.

Kounterpart, shuningdek, O’zbekistonga bugungacha 80 million dollardan ortiq miqdorda insonparvalik ko’magi ko’rsatganini ta’kidlamoqda. Tashkilotning O’zbekistondan osonlikcha chiqqisi yo’q. Prezident Leley Lelauluning aytishicha, Toshkent rasmiylari bilan muzokaralar davom etadi degan umid bor.

"O’zbekiston hukumati bilan faoliyatimizni davom ettirish borasida murosaga kelish umididamiz",- deydi Kounterpart prezidenti. "Yetimxonalarga, mehribonlik uylariga, keksalar, yordamga muhtoj oilalarga berilishi kutilgan yordam manzilga yetishi lozim, deydi u. Kounterpart Qoraqalpog’istonda bolalar himoyasi bo’yicha dastur yuritadi. Bu dasturni bekor qilish katta xato bo’lar edi",- deydi janob Lelaulu.

Kounterpart O’zbekistondagi mahalliy xodimlari kelajagidan ham xavotirda. Shu bois, tashkilot prezidenti Leley Lelauluning aytishicha, O’zbekistondagi faoliyatni davom ettirish uchun kurash sudning qarori bilan to’xtab qolmaydi.

O’zbekiston hukumati Kounterpartning Toshkentdagi idorasi yopilayotgani borasida bayonot bergani yo’q.

XS
SM
MD
LG