Qonunga muvofiq Islom Karimovning prezidentlik vakolati tugadi


22 yanvar kuni Islom Karimovning O`zbekiston prezidenti lavozimidagi yetti yillik vakolati tugagan. Muxolifat nazarida bundan keyingi muddatda prezident davlatni noqonuniy ravishda boshqaradi.

O`zbekiston prezidentining vakolati tugashi haqida O`zbekiston matbuotidan yoki tegishli rasmiy idoralardan biror ma`lumot olish qiyin.

23 yanvar kuni rasmiy matbuot O`zbekiston prezidenti Islom Karimovning 22 yanvar kuni imzo chekkan farmoni, shuningdek, Islom Karimovning 24-26 yanvar kunlari Singapurga kutilayotgan davlat tashrifi haqida ma’lum qiladi.

Ayrim axborot vositalariga ko’ra, O`zbekiston Konstitutsion sudi Senatda O`zbekiston prezidentining vakolatini dekabrda kutilayotgan saylovlargacha uzaytirish haqida hujjat imzolanagan.

Biroq O`zbekiston Senatining matbuot xizmati ma’lumotiga ko`ra, Senatda O`zbekiston prezidenti vakolatini saylovlargacha uzaytirish haqidagi hujjat imzolanmagan, bu masala muhokama qilinmagan.

O`zbekiston Konstitutsion sudi vakili Jamshid Boboyev fikriga ko`ra, bu kabi savollar bilan faqatgina yozma ravishda murojaat qilish mumkim. Jamshid Boboyev bu kabi xabarlarni tasdiqlash yoki inkor etish uning vakolatiga kirmasligini bildirdi.

Birmuncha vaqt avval O`zbekiston huquq himoyachilari alayansi a`zolari Jahongir Shosalimov va Abdulla Tojiboy o`gli prezidentlikka nomzod sifatida saylovlarda qatnashish uchun Konstitutsion sudga rasman murojaat qilgan edi. Biroq prezident muddatining tugashi munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyatga oydinlik kiritish uchun qilingan bu murojaatga hamon javob olingani yo’q.

Alyans a`zosi Abdulla Tojiboy o`g’li so’zlariga ko`ra, bu borada Oliy Majlis raisi Erkin Xalilov qabuliga kirish uchun ham harakat qilingan.

Abdulla Tojiboy o’g`lining aytishicha, 22 yanvardan keyin Islom Karimov O`zbekistonning oddiy fuqarosiga aylanadi. Oliy Majlis prezident vakolati tugagan, yoki prezident qattiq kasal bo`lgan, to`satdan olamdan o`tgan taqdirda uch oy muddatga vaqtinchalik rahbar tayinlab, prezidentlik uchun umumxalq saylovlarini o`tkazishi kerak.

“Hozir dekabrdagi saylovlargacha kim rahbarlik qilishi ham noaniq qolmoqda”, - deydi u.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov nazarida prezident vakolati bilan yuzaga kelgan huquqiy bo`shliq Konstitutsion sud tomonidan to`ldirilishi kerak.

“Konstitutsion sud qarorlari asosli hisoblanadi. Prezident vakolati tugagandan keyin davlatni boshqarish huquqiga egami? U bo’lmasa, kim boshqarishi kerak, degan muammo muhokama qilinayapti. Men bu vaziyatga javob berishga ojizlik qilaman, chunki O`zbekiston tarixida birinchi marta shunday vaziyat yuzaga kelgan”, - deydi siyosatshunos.

Yaqinda muxolifatdagi Milliy Najot qo`mitasi BMT nomiga O`zbekiston prezidentining 22 yanvardan keyin prezident sifatida faoliyat ko`rsatishi noqonuniy ekanligi haqida murojaat yo’lladi.

Milliy Najot qo’mitasiga kiruvchi muxolifatdagi “Erk” partiyasi vakili A`zam Turg`unovning aytishicha, prezidentning bundan keyin imzolagan farmoyishlari qonuniy kuchga ega emas. Boshqa davlatlarda uning O`zbekiston prezidenti sifatida qabul qilinishi, albatta, o’sha davlatlarning ichki ishi.

“Konstitutsiyaning bu qadar qo’pol buzilishi nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy kataklizmlarni ham keltirib chiqaradi. Bu narsada faqat aholi emas, balki Oliy Majlis, Konstitusion sud, lozim bo`lsa, to`g’ridan-to`g’ri prezidentning o`zini ayblash kerak bo`ladi”, - deydi Turg`unov.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimov bundan yetti yil muqqaddam 22 yanvarda ikkinchi muddatga saylanishi munosabati bilan qasamyod qabul qilgan edi. Islom Karimov O`zbekistonni 17 yil mobaynida boshqarib kelmoqda.

Taxminlarga ko`ra, Islom Karimov avval ikki marta saylanganiga qaramasdan, davlatni boshqarishda davom etishi mumkin.

O`zbekiston prezidentligi uchun navbatdagi saylovlar shu yilning dekabr oyida o`tishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG