Orolga hayot qaytmoqda, Qozog'iston tomonda

  • Valer Gergeli

Bir paytlar dunyoning to'rtinchi eng katta yopiq dengizi hisoblangan Orol o'rnida bugun dashtlik. Olimlar nazarida Orol dengizi qurishi sayyorada kuzatilgan eng halokatli hollardan biri.

Uning iqtisodiy va ijtimoiy ta'siri naqadar salbiy ekanini Orolbo'yi aholisi yaxshi biladi.

Xalqaro hamjamiyat Orol muammosidan boxabar, ammo vaziyatni o'nglash, tabiatni asrash va Orolbo'yi hududida hayotni saqlab qolish mahalliy hukumatlar bo'ynida.

Oroldan shimolda joylashgan Qozog'iston 2003 yili Jahon banki bilan hamkorlikda dengiz sathini ko'tarish loyihasini ishga solgan edi.

87 million dollarlik harakat zoye ketmagan ko'rinadi. Amerika ovozi yaqinda hududda bo'ldi.

Kemalar qabristoni… Orol manzarasi shunday ta’riflanadi. Bepoyon qumliklar qa’rida o’nlab kemalar ko’milgan. Qolganlarini esa qishloq aholisi bo’laklarga bo’lib, Xitoyga temir qilib pullaydi.

Qachonlardir Orol dengizida baliq g’oyat serob edi. O’sha paytlarda, aniqrog’i, 1921 yilda sovetlar dohiysi Vladimir Lenin “Orol dengizidagi baliq bilan butun Rossiya xalqini boqamiz” shiori bilan chiqqan edi. Bu ishga butun Orolbo’yi ahli safarbar qilingan.

1960-yillarda sovetlar katta-katta cho’l zonalarini sug’orish maqsadida Amudaryo va Sirdaryo yo’nalishini o’zgartirib yuboradi. Oqibatda dengiz suvi keskin kamayib ketadi.

70 yoshli Jeynesh Jumagaliyev avval baliqchilik bilan shig’ullangan.

"Dengiz 60-yillarning boshida quriy boshladi. Odamlarning turmushi kundan kunga og’irlashib bordi. Juda alam qildi odamga".

Milliardlab kubometr suv g’oyib bo’lgan. Hozir Orolning 10 foiz suvi qolgan xolos. Kattaligi jihatidan qachonlardir sayyorada to’rtinchi o’rinda turgan yopiq dengiz hozirda ikki qismga ajralib qolgan.

Suv miqdori kamayib, tuz hajmi ortgach, suv osti hayoti ham nobud bo’lgan. Tuproq sho’rligidan o’lkada hosil ham yetishtirishning iloji yo’q. Ekologik halokat iqlim o’zgarishi va turli xastaliklarga turtki berdi.

1960-yillarda Orol bandargohida hayot mavj urib, baliqchilik mo’may daromad keltirar edi. Hozir esa ahvol bu. 30 yil oldin odamlar uylaridan turib, dengiz suvini ko’rar edilar. Bugun esa suvga yetib borish uchun chang yo’ldan yuzlab kilometr masofa bosib o’tish kerak. Orol bo’yidagi Aralsk shahri hozir kichik, g’arib zavodlar shahriga aylangan. Mintaqada ishsizlik ko’rsatkichi juda baland.

Atrof-muhit va iqtisodiyotni mustahkamlash uchun Markaziy Osyio davlatlari xorijdan ko’mak so’ragan.

Jahon Banki ajratgan qarz yordamida Qozog’iston Orolning shimoliy qismini saqlab qolish uchun to’g’on qura boshlagan.

Orolning janubiy qismi qurib borayotgan bir paytda, shimoliy qismida suv sathi ko’tarilgan. Orol tumani hokimi Najmiddin Musaboyev.

"Bu to’gon shimoliy va janubiy Orolni bir biridan ajratib turadi",- deydi Musaboyev.

Baliqchilar kemasining paydo bo’lgani vaziyat yaxshilanganidan nishona. Dosim Kulmanov, uning ukasi Aday va ularning birodarlari to’rt yil oldin baliqchilik kooperativini ochdi.

"Baliqchilik og’ir kasb. Erta saharlab turaman, kunim ochiq dengizda o’tadi. Yil bo’yi ahvol shu. Lekin har holda tirikchilik qilayapmiz. Ovlagan balig’imiz yetadi",- deydi Kulmanov.

Hozir qishloqdagi 50 oila baliqchilik bilan kun ko’radi. Dosim Kulmanov kelajakka umid bilan boqadi.

"Dengiz qurigach, ko’pgina baliqchilar kasodga uchradi. Ba’zilari Qozog’istonning boshqa qismlariga ko’chib ketdi. Biroq hozir ularning bola-chaqalari baliqchilik qilayapti. Hayot ancha yaxshilangan",- deydi Kulmanov.

Qozog’iston hukumati ikkinchi to’g’onni qurishga tayyorgarlik ko’rmoqda, deydi hokim Najmiddin Musaboyev.

"Loyihaning ikkinchi bosqichida suv miqdori avvalgi holatiga qaytib, shaharga yaqinlashadi",- deydi Musaboyev.

Orolning shimoliy qismida suvning 40 foizi qayta tiklangan. Toza suv hajmi ortgach, Oroldagi tuz ham kamaygan. Natijada sohilbo’yi va dengizdagi hayvonot olami jonlanmoqda.

"Okrabaliq, zog’orabaliq, olabug’a baliq va hokazo. Xaridorlar butun Qozog’istondan kelishadi. Ko’pchiligi janubdan. Daromad yomon emas",- deydi baliqchi.

2005 yilda to’g’on qurilib bitgach, salkam 600 tonna baliq tutdik. O’tgan yili o’lja o’n marta ko’p edi.

Bunda albatta xorij ko’magining o’rni beqiyos. 2002 yilda AQSh va Isroil moliyaviy yordam ajratib, baliq inkubatori va zavodlar bunyod etildi.

"Sarmoyadorlar yangi zavodlar qurishga qiziqish bildirmoqda. Qurilish ishlari tez orada boshlanadi",- deydi Orol tumani hokimi.

Najmiddin Musaboyevning aytishicha, Qozog’istonning kam daromadli oilalari, ya’ni qariyb 1 million kishi loyihadan foyda ko’radi.

"Birinchi to’g’on qurilgach, Shimoliy Orol ahlida kelajakka ishonch paydo bo’ldi",- deydi Musaboyev.

Jeynesh Jumagaliyev bir kun kelib orzui ushalib, uning 21 nafar nevarasi ham shimol ahli singari Orolda baliqchilik qilib, farovon hayot kechiradi degan umidda.

Orol dengizining o'zbekistonga qarashli qismi, quriyotgan dengiz bo'yidagi hayot ayanchli deya ta'riflanadi. Qurg'oqchilik, ekologiyada tuz miqdorining haddan tashqari ko'pligi turli kasallik va halokatlarga sabab bo'lmoqda.

Bundan 13 yil oldin markaziy osiyo respublikalari orolni asrab qolish, Orolbo'yi hayotini tiklash maqsadida yiliga byudjetning bir foizini ajratishga kelishgan edi. Biroq xalqaro tashkilotlar nazarida orolbo'yi bugun unutilgan o'lka. O'tgan yili O'zbekiston Rossiya, Koreya va Xitoy hamkorligida orol mintaqasidan neft va gaz qidirish loyihalarini boshlagan.

XS
SM
MD
LG