Breaking News

Ekstremizm tahdidi dinga munosabatni belgilamoqda


Ayrim tahlilchilar nazarida Markaziy Osiyoda diniy ekstremizm tahdidi xalqning islomga nisbatan munosabatini belgilaydi. Mutaassiblik va aqidaparastlik, deydi dinshunoslar, inson ongini zaharlaydi. Boshqalarni esa e’tiqoddan uzoqlashtiradi, cho’chitadi.

Yaqinda Toshkentda o`tgan “Markaziy Osiyoda islom qadriyatlari” nomli konferensiyada diniy bag`rikenglik va islom qadriyatlari muhokama qilindi.

Konferensiya ishtirokchilaridan biri, Tojikiston tarix va etnografiya instituti tadqiqotchisi Olovuddin Nazarov Tojikistonda islomining bir necha ko’rinishini sanab o’tdi.

Uning aytishicha, bular an’anaviy islom, diniy idora vakillaridan iborat rasmiy islom, shuningdek, hukumatdagi siyosiy islom va tashqi ta’sir-muhitga bog`liq ekstremizmga moyil aqidaparastlik.

Oloviddin Nazarov fikriga ko`ra, Tojikistondagi diniy ekstremizm tahdidi diniy muxolifat hukumat tarkibiga kiritilgach barham topgan.

Diniy ekstremizm tahdidi mintaqa davlatlarida islomga nisbatan munosabatning qanday ekani bilan bog`liq, deydi u.

“Davlatning diniy tashkilotga munosabati bosimga asoslanganmi yoki kooperativ-muvofiqlashgan ko`rinishga egami? Eng muhim tomonlaridan biri shu. Tojikistonda hozir diniy vaziyat mo’tadil. Tojikiston islom uyg`onish partiyasi rasman faoliyat yuritadi. Bu turli tashqi diniy ekstremistik yo`nalishlarni inkor etuvchi siyosiy maydon yaratgan. Bu partiya “Hizbut tahrir” faoliyatini ham terrorchilikka moyil deb hisoblaydi”, - deydi Olovuddin Nazarov.

Olovuddin Nazarov O`zbekistonda diniy ekstremizm tadidi haqida mulohaza yuritar ekan, hukumat aytayotgan xavf bartaraf etilishi uchun mamlakat ichida tashqi aloqalardan xoli rasmiy islom partiyasi faoliyat yuritishi kerak degan fikrda.

"Demoqchimanki, O`zbekistonda ham Tojikistondagi singari biror hizb [partiya] faoliyat yuritsa, boshqa, tashqaridan kelayotgan hizblarning bu yerda faoliyat yuritishiga imkoniyat qolmaydi. Ya’ni mintaqada siyosiy bir maydon paydo bo’ladi va boshqa oqimlar kirishiga imkoniyat qoldirmaydi”, - deydi Nazarov.

O`zbekistonlik diniy ulamolardan O`zbekistonda islomning siyosiy ko`rinishi yuzasidan fikr olish qiyin.

Ochiq aytilayotgan munosabat mazmuni shundan iboratki, hukumat nazoratidan tashqaridagi mustaqil islom tashkilotlari diniy ekstremizmga moyil deb ko`riladi.

O`zbekiston demokratik kongressining Toshkentdagi faollaridan biri Shuhrat Ahmedov fikricha, agar islomiy partiyaga rasman ruxsat berilsa, hukumat aytayotgan estremistlar o`z-o`zidan 50-100 kishi bo’lib ajralib qoladi, ularga hech kim ergashmaydi ham.

“Faqat bundan avval biz demokratik nuqtai-nazardan qandaydir pozitsiyalar ishlab chiqishimiz kerak, chegaralarni belgilashimiz kerak. Masalan, Erondagi kabi islom davlatiga o`tib ketmasin. Islom partiyasi bilan o`zaro kelishuvga borish, aniq bir konsepsiyalar ishlab chiqish lozim”, -deydi Ahmedov.

Tojikistonlik tadqiqotchi nazarida O`zbekistonda xalqaro tashkilotlarga aloqasi bo’lmagan va mamlakatning o`zida an`anaviy islom qadriyatlarini himoya qilayotgan, aholi o`rasida katta mavqega ega ziyolilar ko`p. Faqat ularning siyosiy faoliyati erkinlik berilishidan, hukumatning munosabatiga bog’liq.

“Biz konferensiyada diniy bag`rikenglikka asoslangan munosabatni muhokama qildik. O`zbekistonda shunday salohiyatga ega islomiy ulamolar bor ”, - deydi Nazarov.

Rasmiy manbalar O`zbekistonda diniy tolerantlik mavjudligi, diniy e`tiqod va faoliyat uchun hech qanday to`siqlar yo`qligini aytadi.

Diniy erkinlik bo`yicha xalqaro hisobotlar buning aksini ko’rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG