Breaking News

AQSh, Rossiya kelishmovchiliklarga yechim bor demoqda


Kreml AQSh-Rossiya aloqalari kelajagi bo’yicha ijobiy fikrda bo’lishiga qaramay jiddiy kelishmovchiliklar borligini qayd etmoqda.

Bugun AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays va Mudofaa vaziri Robert Geyts Rossiya muxolifati vakillari bilan uchrashgan.

AQSh ularga “Rossiyada demokratiya taraqqiyotini qo’llab-quvvatlaymiz va bu borada yordam berishga tayyormiz” degan.

Prezident Vladimir Putin AQSh rasmiylarini qabul qilar ekan, Jorj Bushdan yaqinda olgan maktubni izchil o’rganib chiqqanini aytgan.

Putinning aytishicha oradagi kelishmovchiliklarni yechish yo’llari bor. Ayrimlari yechilgan ham. Ammo Rossiya hali ham AQShning Sharqiy Yevropada raketa hujumlariga qarshi mudofaa tizimini o’rnatishiga qarshi.

Mayda prezidentligini boshlaydigan Dmitriy Medvedev ham munosabatlardagi muammolar asosan qurollarni cheklash va yangi mudofaa tizimlarini ishga solmaslik haqida deydi.

Bugun AQSh-Rossiya tashqi ishlar va mudofaa vazirlari o’rtasida muloqot kechgan. Unda Rossiya o’z xavfsizligini himoya qilishga va har qanday tahdidga javob berishga tayyor deya uqtirilgan.

AQSh Rossiyadan global tahdidlarni bartaraf etish haqida o’ylashni so’ramoqda. Muzokaralarda rejadagi mudofaa tizimlaridan tashqari 1991 yilda imzolangan va atom qurollarini cheklovchi START bitimini yangilash haqida ham so’z ketgan.

XS
SM
MD
LG