Breaking News

Shimoliy Koreya yadro dasturidan xoli bo'lishga yaqin turibdi


AQShning Shimoliy Koreya yadro dasturi bo’yicha bosh muzokarachisi Kristofer Xillning aytishicha, kelasi bir necha hafta ichida muzokaralar jadallashi mumkin. Kecha Xill Vashingtonda Janubiy Koreya va Yaponiya muzokarachilari bilan uchrashgan.

Muzokaralardan asosiy maqsad Shimoliy Koreyani yadro dasturidan butunlay voz kechishga undash. Buning evaziga ba’zi mamlakatlar unga diplomatik va iqtisodiy yordam taklif etmoqda.

AQSh davlat kotibi muovini Kristofer Xill nazarida bunga juda oz vaqt qoldi.

O’tgan hafta rasmiy Pxenyan AQSh diplomatiga o’z yadro dasturi borasidagi 18 ming sahifadan iborat hujjatlarni topshirgan. Ular o’rganilmoqda.

Kristofer Xill yaqin kunlar ichida Pekin va Moskvaga borib hujjat tafsilotlari bo’yicha muloqot qiladi. Muzokaralar raisi Xitoy Shimoliy Koreyadan o’zini yadrodan xoli mamlakat deb e’lon qiluvchi bayonot kutmoqda.

AQSh rasmiysiga ko’ra, shundan so’ng olti tomonlama muzokaralar jonlanib keyingi qadamlar muhokama qilinadi.

Ya’ni rasmiy Pxenyan unga va’da qilingan yordamni ola boshlaydi va Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreyani terrorizmni qo’llab-quvvatlovchi davlatlar ro’yxatidan olib tashlab, sanksiyalarini bekor qiladi.

O’tgan hafta Bush ma’muriyati uch yillik tanaffusdan so’ng Shimoliy Koreyaga oziq-ovqat yordamini davom ettirishga qaror qilgan.

XS
SM
MD
LG