O'zbekistonning rasmiy iqtisodiy ko'rsatkichlari shubha ostida


O'zbekiston matbuotiga ko'ra, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi mamlakatdagi iqtisodiy islohotlarni yuksak baholagan.

Sharhlovchilar nazarida esa O'zbekiston iqtisodida o'sish sezilmaydi. Narx-navo keskin ko'tarilib, turmush qimmatlashgan.

UzA davlat axborot agentligi xabariga ko'ra Xalqaro Valyuta Jamg'armasi ijrochi direktorlari O'zbekiston bilan hamkorlik masalasini muhokama qilib, mamlakatda iqtisodiy rivojlanish borayotganini e'tirof etishgan.

Maslahatlashuv yakunlari bo'yicha o'tgan majlisda O'zbekistonda iqtisodiy o'sish yiliga 9 foiz deb qayd etilgan. Soliq siyosati, inflyatsiya, pul-kredit yuzasidan ko'rilgan chora-tadbirlar samara berayotgani ta'kidlangan.

O'zbekiston axborot agentligi hukumat va xalqaro jamg'arma o'rtasida hamkorlikka doir biror e'tirozli nuqtalar borligi haqida hech narsa demagan. Uch yil avval O'zbekiston bilan aloqlarini to'xtatgan xalqaro moliyaviy tashkilotar orasida Xalqaro Valyuta Jamg'armasi ham bor edi.

Yaqinda Jahon Banki ham O'zbekistonga doir yangi hamkorlik strategiyasini qabul qilganini bildirgan edi. Bunday tashkilotlarning O'zbekiston bilan hamkorlikni tiklayotgani G'arb va O'zbekiston o'rtasida qurilayotgan yangi aloqalar bilan bog'liq ko'riladi.

Yaqinda Vazirlar Mahkamasining yarim yillik yakunlariga bag'ishlangan yig'ilishini prezidentning o'zi boshqardi. Bu haqda berilgan axborotda inflyatsiya miqdori aniq ko'rsatilmaydi, faqat prognoz darajasidan oshmagani ta'kidlanadi.

O'zbekistonda odatda inflyatsiya darajasi 10 foiz atrofida ko'rsatiladi.

Sharhlovchilar o'zbek so'mi borgan sari o'z qadrini yo'qotib boryapti deya iqtisodiy o'sish haqidagi rasmiy ko'rsatkichlarni e'tiborga olishmaydi.

Bugungi kunda mamlakat aholisini bezovta qilayotgan muammo - narx-navoning uzluksiz o'sayotgani.

Mustaqil iqtisodchi Jahongir Shosalimov yaqin bir yildagi narxlar o'sishini o'rganib chiqqan.

"Un mahsulotlari 290 foizga oshgan, buxanka noni 200 foiz atrofida, guruch 330 foizga yaqin oshgan. Go'sht, margarin, yog' ham shunga yarasha oshgan. Bu holat O'zbekistonda nihoyatda xatarli natijalarga sabab bo'lishi mumkin. Shuningdek, bu holat o'zbek so'mini shuncha darajada pastga tushganini ham bildiradi", - deydi iqtisodchi.

Ayniqsa so'nggi oylarda bozordagi narxlarning keskin ko'tarilayotgani, aholining bunga munosabati huquq himoyachilarining ham e'tiborini tortgan. O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov aholi bilan bu borada monitoring ishi yuritilganini ta'kidlaydi.

"Bu odamlarga og'ir ta'sir qilgan, lekin nima qilishsin, kimga dodini aytadi? Qo'lidan kelgancha yashashga harakat qilishayapti", - deydi Ikromov.

Uning aytishicha hukumat narx-navo o'sishini sun'iy ravishda ushlamoqda. Ikromov yaqinda Milliy bankda bo'lib o'tgan janjalga guvoh bo'lgan.

"Odamlar to'planib hisob raqamlaridagi pulni talab qilishyapti. Ular esa pul yo'q, keyinroq, ertaga bo'ladi deb turishibdi. Oyning oxiri bo'lgani uchun bermayapti. Shunaqa metodlar bilan inflyatsiyani sun'iy ravishda ushlamoqchi bo'lishayapti", - deydi Surat Ikromov.

Jahongir Shosalimov fikricha bugungi kunda O'zbekiston iqtisodiyotini hukumat tadbirlari emas, millionlab muhojirlar mehnati inqirozdan saqlab turibdi.

"Mardikorlarimiz ne hasratlar bilan pul ishlab O'zbekiston iqtisodiga sarmoyalarini kiritib turishibdi. Shu jihatdangina keskin vaziyatni oldi olinayapti", - deydi u.

Sharhlovchilar ta'biricha aholi va davlat o'rtasidagi iqtisodiy bog'liqlik tobora yo'qqa chiqmoda. Aholining O'zbekistonda ishlab tirikchilik qilishga ishonchi so'nib bormoqda.
XS
SM
MD
LG