Iqtisodiy yordamga qaramasdan, tushkunlik davom etyapti


Prezident Bush mamlakat iqtisodiyotiga 700 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritish haqidagi qonun loyihasini imzolagan.

Qonun qarzga botgan moliyaviy kompaniyalarning aktivlarini sotib olib, iqtisodiyotni jonlantirishga qaratilgan. Loyihaning ilk ko’rinishi hukumatning iqtisodiyotga aralashuvidan norozi qonunchilar tomonidan rad etilgan edi.

AQShda inqirozdan chiqish dasturi qabul qilingani Yevropa va Osiyo fond bozorlarida ijobiy qabul qilingan. Aksiyalar bahosi ko’tarila boshlagan. Biroq bu vaziyat izga tushdi degani emas.

BMTning savdo va taraqqiyot agentligi rahbari Supachai Panichpakdi nazarida Amerika iqtisodiyotini barqarorlashtirishga doir choralar butun moliya tizimini isloh qilish tomon qo’yilgan kichik qadamdir.

“Nafaqat AQShda, balki jahon bo’ylab moliyaviy bozor ishtirokchilarining faoliyati qanday idora etilyapti, buni qayta ko’rib chiqish kerak”, - deydi BMT rasmiysi.

Kapital bozoriga moliya kiritish dasturi AQSh Kongressida ovozdan o’tgan bo’lsa-da, hukumat xususiy sektorga bosh suqyapti deya uni tanqid qilayotgan qonunchilar ko’p.

Kongress a’zosi Merilin Musgreyv fikricha “foyda ketidan quvib milliardlab dollar pulni ko’kka sovurgan investitsion kompaniyalarni jazolash o’rniga, hukumat ularni qarz botqog’idan olib chiqishga urinmoqda”. Soliq to’lovchilarning 700 milliard dollar puli o’rtaga qo’yilar ekan, ushbu sarmoya uzoq muddatda xalqqa biror foyda keltirishiga kafolat yo’q, deydi u.

Ommaviy so’rovlarga ko’ra amerikaliklarning aksariyati xuddi shunday fikrda. Kongress a’zolari esa saylov yaqinlashayotgan bir mahalda fuqarolarning kayfiyati va so’zlariga quloq tutishi turgan gap.

Iqtisodchi Stuart Hoffmanga ko’ra AQShda o’tgan oy 159 ming kishi ishidan ayrilgan. Bu so’nggi 5 yil ichida eng katta ko’rsatkich. Ishsizlik darajasi ayni paytda - 6.1 foiz.

AQSh iqtisodiyoti chuqur inqirozga yuz tutayotgani saylov kampaniyasida bosh mavzu. Fuqarolar oziq-ovqat, turar-joy ijara haqi hamda benzin narxlari kun sayin oshib borayotganidan nolimoqda.

XS
SM
MD
LG