O'zbekiston Afg'onistonga noharbiy yuk tashishda yordam beradi


Janubdagi qo’shni bu davlat O`zbekiston tomonidan xavotir bilan kuzatib kelinadi.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, prezident Islom Karimov NATO sammitida ishtirok etganidan so'ng Afg’oniston masalasiga diqqat-e’tibor kuchaygan.

Urushni tugatish yo’lida qo’shni davlatlar bilan hamkorlik O`zbekiston tashqi siyosatining muhim yo`nalishlaridan biriga aylangan.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimov NATO sammitida ishtirok etib qaytgach, mamlakat Afg`onistonga temir yo`l orqali noharbiy yuklar yetkazish loyihasiga qo`shildi. Termizdagi aerodromdan foydalanishda NATO uchun imkoniyatlar kengaydi.

Latviya prezidenti Valdis Zatlersning O`zbekistonga tashrifi chog`ida Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun hamkorlikni kengaytirish muhokama qilingan.

O`zbekiston prezidenti NATO sammitida ko`targan tashabbusi, xususan, “6+2” guruhini NATO ishtirokida “6+3” tarzida qayta tiklash masalasini eslatib o`tdi.

O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov tomonidan bu tashabbus BMT yig`ilishida ham ta`kidlab o`tildi.

Ekspertlar Islom Karimovning bu tashabbusini ko`proq siyosiy maqsadda qilingan bayonot deb baholagan edi.

Mazkur tashabbusdan qat’iy nazar Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda O`zbekiston qo`shayotgan hissa munozarali baholanadi. Ayniqsa, AQSh harbiy bazasi O`zbekistondan chiqarib yuborilganidan so`ng.

“Haqiqatan, Afg`onistonda vaziyat jiddiylashmoqda. O`zbekiston bu borada hissa qo`shishi mumkin. Bir chetda turmasligi kerak kuzatib. AQSh bilan aloqalar qanday rivojlanishidan qat’iy nazar. Afg`oniston qo`shni davlat, u yerdagi barqarorlik birinchi navbatda O`zbekiston uchun muhim”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov.

Mintaqa uchun xavf narkotik moddalari tranzitidan tashqari, ekstremizm tahdidi kuchayishi bilan ham bog`liq.

Afg`oniston va O`zbekiston o’rtasida bevosita aloqalar AQSh bilan harbiy hamkorlik rivojlangan paytda ancha muntazam kechgan edi. O`zbekistonlik quruvchilar bir necha inshootlar qurilishida ishtirok etgan, iqtisodiy munosabatlar ko`zga tashlanayotgan edi.

Afg`oniston shimolida, asosan, o`zbeklar jamoasi istiqomat qilishiga qaramasdan, ikki o`rtadagi madaniy-ijtimoiy aloqalarda rivojlanish bor deb bo`lmaydi. Munosabatlar ko`proq energiya savdosi bian bog’liq.

Afg`oniston o`zbeklari yetakchisi bo`lgan general Abdulrashid Do`stum ham O`zbekistonda muhokamaga chiqmaydigan mavzulardan.

Sharhlovchi Komron Aliyev nazarida Afg`onistondagi beqarorlik kuchayishida milliy masalalar ham muhim o`rin tutadi.

“Afg`onistonda pushtunlar, o`zbeklar va tojiklar o`rtasida hamma vaqt qarshiliklar bo’lib kelgan. Pushtunlar markaziy hukumatda rahbarlar bizdan bo`lishi kerak deb iddao qilib kelgan. Shimoliy alyans qatnashuvida Afg’onistonda hukumat o`zgarib, Hamid Karzay hukumatga kelgan bo`lsa, keyinchalik alyansning ayrim vakillari hukumatdan chetlatila boshladi. Jumladan, mudofaa vaziri Fath chetlatildi. Shuningdek, general Do`stumning ham ayrim imkoniyatlari cheklandi. Bu yerda hali millatlar o`rtasidagi qarshiliklar masalasi to`g’ri hal etilgani yo`q”, - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.

Ma`lumotlarga ko`ra, Afg’onistonda taxminan to`rt millionga yaqin o`zbeklar yashaydi. O`zbekiston qo`shni davlat bilan ta`lim va madaniy sohalarda aloqalarni rivojlantirish muhimligini ta`kidlamoqda.

XS
SM
MD
LG