Yangi yilda O'zbekistonni nimalar kutmoqda?


2008 yil nihoyasiga yetib, 2009 yil qarshi olinmoqda. Joriy yil O'zbekiston tashqi siyosatida burilishlar kuzatildi.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni deyarli bekor qildi, hukumat vakillari G`arb davlatlariga rasmiy safar bilan chiqishi mumkin. Rasmiy Toshkent inson huquqlari masalasida o`zgarishlar va`da qilmoqda. Huquq himoyachilaridan ba’zilari qamoqdan ozod qilindi, bir nechasi esa uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Tahlillarga ko'ra, O'zbekiston og'ir davr bo'sag'asida. Global iqtisodiy bo'hron aynan kelasi yil mamlakatda o'zini namoyon etishi kutilmoqda.

Siyosatshunoslar 2008 yil O`zbekiston tashqi siyosatida burilish yili bo`lganini e`tirof etadi. Bu Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni deyarli bekor qilishi, O`zbekiston MDH miqyosidagi tashkilotlarga nisbatan munosabati o`zgara boshlanganida ko`riladi.

“Tendensiya darrov o`zgarmasa kerak. AQSh bilan munosabatlar iliqlashishda davom etadi. Mana borgan sari AQSh xalqaro tashkilotlarining mamlakatdagi faoliyati tiklanaypti. Yevrosiyo jamg`armasi, yangi demokratlar, ehtimol, boshqa nodavlat tashkilotlar ham qaytar. Albatta, men “SOROS” jamg`armasi ham qaytadi deyolmayman. Ehtimol, aloqalar shu darajada ham yaqinlashar. Men 2009 yildan yana bir narsani kutgan bo`lardim. 2006 yilda faoliyati tugatilgan Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti tiklansa, mintaqa integratsiyasi jadallashsa…” - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

O`zbekistonning Kollektiv Xafsizlik Shartnomasidagi o`rni, AQSh harbiy bazasining mamlakatda qayta ochilish ehtimoli ham muhokamada.

“Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati masalasida O`zbekiston a`zoligini vaqtinchalik to`xtatganini bildirdi. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasidan chiqish ehtimoli haqida ko`p aytilayapti, lekin bu haqda hozircha gapirish noo`rin. O`zbekiston-Rossiya munosabatlari MDH doirasidagi tashkilotlardan tashqari ikki tomonlama tarzda yaxshi rivojlanmoqda. Hozircha, imzolangan ittifoqchilik munosabatlardan chiqib ketish haqida biror tomon bayonot bermagan”, - degan fikrda siyosatshunos Abduvali Soyibnazarov.

Farhod Tolipov so'zlariga ko'ra, O'zbekistonning siyosiy taqdiri Afg'oniston bilan bog'liq.

“Pokiston orqali yuklarni Afg`onistonga yetkazish qiyinlashayotgani, yuklar iste`molchilarga yetib bormayotgani haqida ko`proq eshitayapmiz. Shu bois, alternativ deb ko`rilgan mintaqa orqali o`tishga e`tibor kuchaymoqda. Masala shu yo`sinda qo`yilsa, ehtimol, Xonobodda joylashish imkoniyati bo`lar. Bu ko`p jihatdan Afg`onistondagi vaziyatga bog’liq”, - deydi Tolipov.

Tahlilchilar moliyaviy bo`hronning O`zbekistonga ta`siri haqida to’xtalmoqda.

Mulohazalarga ko`ra, jahon iqtisodidagi krizis aynan 2009 yildan boshlab O`zbekistonda kuchayadi. Bu mamlakatdagi siyosiy, ijtimoiy hayotda keskinliklar tug`dirishi mumkin.

“MDHning ayrim a’zolari xalqaro moliyaviy tashkilotlardan yordam so`rab murojaat qilishdi. Bizda bu kuzatilgani yo`q. Aksincha, unchalik ta`siri bo`lmaydi, iqtisodimiz rivojlanmoqda qabilida gapirilmoqda. Lekin haqiqatda, aksincha, iqtisodiy vaziyat og`ir. 10 minglab mehnat muhojirlari pulsiz qaytib kelishi mumkin. Hozirgacha ular topgan daromad orqasidan tirikchilik qilinayotgan edi. Muhojirlar oxirgi 3-4 oy uchun ish haqini ololmadi. Qaytishmoqda. Bu vaziyatni izdan chiqarishi mumkin. Ikkinchi tomondan, O`zbekistondagi iqtisodning og`irligi - aholi daromadi tushib ketgan”, - deydi “Tezkor guruh” markazi tahlilchilaridan biri Suhrob Ismoilov.

O`zbekiston prezidenti dekabr oyidagi chiqishida moliyaviy inqiroz oqibatlarini yengish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini ta`kidlab o`tgan edi.

“Mamlakatimizda global inqiroz oqibatlari, bugungi va ertangi ta’sirini hisobga olgan holda har tomonlama o`ylangan, keng ko`lamdagi loyihalar amalga oshirilmoqda”, - degan edi Islom Karimov.

Tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov inqiroz ta`siri kuchaygan bir paytda O`zbekiston qishloq xo’jaligida o`tkazilgan islohot, fermer xo`jaliklarini yiriklashtirish tufayli minglab fermerlarning ishsiz qolishini mantiqsiz deb hisoblaydi.

“Hukumat o`ylamasdan juda noto’g’ri ish qildi. Fermerlarga yer 50 yilga ijaraga berilgan edi. Fermerlar boy emas, lekin sal bo`lsa-da o`zini o`nglamasdan turib, yana ulardan yer tortib olinmoqda. O`zi shundoq ham ishsizlar ko`p. Moliyaviy inqiroz mardiroklarni ham qaytarayapti, ishsizlarga nafaqa berilmaydi. Shu tomonlari bilan 2008 yil og’ir yakunlandi”.

Olimning 2009 yil haqidagi mulohazasi ham quvonchli emas.

“Ming afsuslar bilan aytishim kerakki, iqtisodiy siyosat shu tariqa davom etsa, 2009 yildagi ishsizlik muammolarni yanada keskinlashtiradi, jinoyatchilikka, oilalar buzilishiga ta`sir qiladi. Ko`p yomon oqibatlari bo`lishi mumkin. Yangi yilni yaxshi niyatlar bilan kutamiz, lekin rahbariyat bu muammolarni oldini olish uchun aniq chora ko`rmasa, 2009 yil og`ir keladi”, - deydi olim.

Uning aytishicha, O'zbekiston hukumati 2009 yildagi moliyaviy inqiroz ta'sirini yumshatishda G'arb bilan tiklanayotgan aloqalardan foydalanishi, integratsiyaviy aloqalarni kuchaytirishi kerak.

2008 yil O`zbekiston siyosiy hayotida Ekologlar ijtimoiy harakati tashkil etilishi bilan kuzatildi. Bu harakat a`zolari uchun parlamentdan 15 ta deputatlik o`rni ajratildi.

Oliy Majlis saylov qonuniga deputatlikka faqat partiyalar tomonidan nomzod ko`rsatilishi haqidagi o`zgartirish kiritdi. 2009 yilda O`zbekiston Oliy Majlisiga saylovlar o`tishi kutilmoqda.

Muxolif partiya yetakchilari hamon quvg`inda yashamoqda, ichkaridagi muxolifat a`zolari tazyiq ostida. Muxolif partiyalar ro`yxatga olinmagan, siyosiy hayotdan chetda qolib kelmoqda.

“Saylovlar qanday o`tardi, eskicha o`tadi. Beshta partiyaning hammasi prezident siyosatini qo`llaydi. Mamlakatda birorta mustaqil siyosiy partiya yo`q. Muxolifat esa o`zini eplashi kerak. Hozir muxolifat ichida bo`layotgan narsalar yaxshilikdan dalolat bermaydi, ikki partiya murosaga kelishi kerak. Bu katta ahamiyatga ega. Saylov o`tadi, 5-6 oyda vaziyat aniqlashadi”, - deydi demokratik tashabbuslar markazi rahbari Iskandar Xudoyberganov.

2008 yilda o`lim jazosi bekor qilinib, qamoqqa olish sanksiyasi sudlar vakolatiga o`tdi. Bundan tashqari, bir nechta huquq himoyachilari qamoqdan ozod etildi. Ulardan biri, huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyeva inson huquqlari bo`yicha nufuzli xalqaro mukofotga sazovor bo`ldi.

Shoir Yusuf Juma, mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov, huquq himoyachisi A’zam Turg’unovlar uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi.

"Tezkor guruh" vakili Suhrob Ismoilovning aytishicha, mahalliy faollarga nisbatan ta'qiblar to'xtashiga ishonch kam.

“Hozir O`zbekistonda kun-ora inson huquqlari, demokratiyaga bag`ishlangan tadbirlar o`tayapti. Hukumat shu bilan o`zining legitimligini ta`minlamoqchi. 2009 yilda ham shunday tadbirlar davom etadi, lekin shu bilan birga mustaqil fikrlovchilar, jurnalistlar, huquq himoyachilari, nodavlat tashkilotlarni jamiyatdan uzoqlashtirish davom etadi”, - deydi Ismoilov.

Iskandar Xudoyberganov so’zlariga ko`ra, 2009 yil inson huquqlari buzilishi ishsizlar hisobiga yanada kengayadi.

“Hukumat xalqni ish bilan ta'minlashi zarur, bu uning vazifasi. Lekin xalq hukumatga borib aytmaydi, menga ish ber yoki shu ishga yarasha maosh ber, deb. Inson huquqlarida bir o`zgarish bo`lmas ekan, shunchaki “eski hammom, eski tos”. Hozir O`zbekiston demokratik davlat degan PR qilinayapti, xolos”, - deydi Xudoyberganov.

Sharhlovchilar ta’biricha, yangi yil odatda quvonch va umidlar bilan kutib olinadi. Kirib kelayotgan 2009 yil ham bundan mustasno emas, faqat umidlar amalga oshishi uchun imkoniyat berilishi kerak.

XS
SM
MD
LG