Kobul va Tolibon navbatdagi muzokaraga tayyorgarlik ko'rmoqda


Afg’onistonning Paktika viloyatida xalqaro koalitsiya 3 jangarini o’ldirib, 4 nafarini hibsga olgan.

Qandahor viloyatidagi xuruj esa 3 politsiyachini hayotdan olib ketgan.

Shu kunlarda prezident Hamid Karzay ma’muriyati Tolibon bilan muzokaraning ikkinchi davrasiga tayyorgarlik ko’rmoqda. AQSh va NATO rasmiylari bu muloqot natija beradi degan umidda.

Rasmiy Kobul va Tolibon o’tgan oy Saudiya Arabistonida muzokara qilgan edi.

Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Rangin Dadfar Spanta deydiki, ikkinchi muloqotning qayerda va qachon o’tishi hozircha aniq emas. "Natija ko’p jihatdan hukumat sa’y-harakati va irodasiga bog’liq," - deydi u.

Mamlakatda zo’ravonlik har qachongidan yuqori, urushdan charchagan aholi hukumat va tashqi dunyodan yordam kutmoqda. Yovni faqat qurol va kuch bilan yengib bo’lmasligi ayon bo’lmoqda.

Afg’oniston rasmiylari vaziyatni tahlil qilib, shunday xulosaga kelgan: Tolibon konstitutsiyani tan olib, qurolini tashlab, siyosiy jarayonga esh bo’lsa, rasmiy Kobul suhbat boshlashga tayyor.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Patrik Mun nazarida toliblar ko’nishiga umid bor.

Tolibon hukumat bilan murosa qilsagina, biror naf bo’lishini biladi. Jangarilar siyosiy vakolatga ega emas, xalq ulardan bezigan. "Boshqa yo’li yo’q," - deydi Patrik Mun.

XS
SM
MD
LG