Rossiya Belarusda raketa joylashtirishni rejalamoqda


Rossiya Belarus hududida qisqa masofaga uchuvchi raketalarni joylashtirishni rejalar ekan, Qo’shma Shtatlar qarshilik bildirmoqda.

Mazkur reja mintaqaviy xavfsizlikni mustamkamlash uchun xizmat qilishi amrimahol, deydi AQSh rasmiylari.

Kreml, o’z navbatida, AQShning Polsha va Chexiyada o’z mudofaa tizimlarini o’rnatishiga qat’iyan qarshi hamda bu masalada Vashingtonga yon bermoqchi emas.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning ta’kidlashicha, uning mamlakatida 400 kilometr masofaga ucha oladigan Iskandar rusumidagi raketalarni joylashtirish bo’yicha muzokara ketyapti va u bu taklifni to’la qo’llab-quvvatlaydi.

Rossiya xuddi shunday mudofaa tizimlarini Kaliningrad oblastida ham o’rnatmoqchi.

“Kreml AQSh bilan murosa qilib fikridan qaytgan taqdirda ham”, deydi prezident Lukashenko, “Belarus nishonni aniq urishga qodir qurollarni xarid qilishga tayyor. Ular mamlakatning mudofaa ehtiyojlari uchun zarur”.

AQSh Davlat departamenti, ya’ni tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Robert Vudning aytishicha, Polsha va Chexiyada rejalanayotgan mudofaa sistemalari Rossiya va Belarusga tahdid solmaydi, balki AQSh o’zini va ittifoqchilarini Erondan himoya qilishi uchun zarur.

“Wall Street Journal” gazetasi bilan suhbatda, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko mudofaa masalalarida qo’shni Rossiya bilan hamfikr bo’lsada, G’arb bilan ham yaqinroq aloqa qilish istagini bildirgan.

O’tgan oy AQSh Davlat kotibi muovini Deyvid Merkel Minskda bo’lib, muxolifatchi va rasmiylar bilan muloqotda bo’lgani o’rtadagi iliqlikdan darak, deydi kuzatuvchilar.

Rasmiy Vashington Lukashenko hukumatiga qo’yilgan savdo va viza cheklovlarini olib tashlashga ham tayyor.

Shart shuki, mamlakatda saylovlar erkin va adolatli o’tishi, inson huquqlari e’zozlanishi lozim. Belarusda sentyabr oyida o’tgan parlament saylovlari demokratik andozalarga javob bermagan.

XS
SM
MD
LG