Huquq faoli Dilmurod Sayid qamoqqa olingan


Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, jurnalist Dilmurod Sayid ta`magirlikda ayblanmoqda.

U avval “Advokat press” gazetasida bosilgan “Yo’q haqida badiha” nomli tanqidiy maqolasi uchun ishdan haydalgan edi.

Keyingi paytlarda Dilmurod Sayid “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining a`zosi sifatida faoliyat yuritayotgan edi.

Turmush o'rtog'i Barno Jumanovaning aytishicha, faol yakshanba kuni, 22 fevralda, uyidan olib ketilgan.

“Uyga kelganimizdan keyin eshikdan avval men, keyin qizim kirdi. U kishi kirmoqchi edi, kimdir kelib yoqalaridan ushlab tortib olib ketdi. Qizim yig`lab qoldi. Orqalaridan yugurib chiqdim. Kimsan, desak, men bilan yurasan, deydi. Olib ketdi kuch bilan, xuddi jinoyatchini ushlagandek”, - deydi Barno Jumanova.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov Dilmurod Sayid qo’lga olingandan so’ng u bilan gaplashishga muvaffaq bo`lgan.

Faol Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan hibsda saqlanmoqda. Unga nisbatan O’zbekiston jinoyat kodeksining 165-moddasi, 2-bandiga muvofiq ish qo'zg'atilgan.

"Jamboylik Marg'uba Jo'rayeva degan ayol mahalliy amaldorlardan ta'magirlik yo'li bilan 10 ming dollar pora olayotganda qo'lga olingan. O'sha ayol bu ish Dilmurod Sayidning ko`rsatmasi bilan bo'layapti deb aytgan. Shunga ko'ra, kecha tunda Samarqand viloyatini IIB xodimlari uni ushlab Samarqandga olib ketishgan”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Dilmurod Sayid Samarqand viloyatidagi bir necha fermer huquqini himoya qilish bilan shug`ullangan. Ularning ishonchli vakili sifatida huquq- tartibot organlariga ariza bilan ham chiqqan.

Uning Internetda chiqqan tanqidiy maqolalari ketidan yer savdosi bilan shug'ullangan amaldor ustidan jinoiy ish ham qo'zg’atilgan.

Barno Jumanova "erimga tuhmat qilishyapti" deydi.

“Dilmurod aka arizachi-fermerlarga ishonchli vakil bo’lib yo’l-yo’riq ko`rsatgan. Ular yozishgan, texnikamiz yo`q, u narsa, bu narsa yetishmaydi, deb. Keyinchalik bu ishning orqasidan noqonuniy sotilgan yerlar ham ochilib ketdi. Ular pitirlab yugurib qolishdi. Dilmurod akaga nisbatan qasddan shu ishni uyushtirishmoqda”, - deydi u.

Abdurahmon Tashanov ham shu fikrda.

“Tuman miqyosida bir necha amaldorga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Dilmurod aka shu ish orqasidan viloyatdagi katta amaldorlar bilan ziddiyatga borib qolgan ekan. O’shalarning buyurtmasi deb hisoblayapti. Undan tashqari men ko`rsatma bergan ayol Marg`uba Jumayevani shaxsi bilan ham qiziqdim. Menga aytishlaricha, avvaldan IIB xodimlari bilan hamkorlikda ishlagan. Ko`plab provokatsion ishlarning boshida turgan ayol ekan”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

O'zbekistonda inson huquqlari masalasini ko'tarib chiqqan jurnalistlar ilk bor tazyiqqa uchrayotgani yo'q.

O’tgan yili mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov giyohvand moddalari savdosida ayblanib, 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Huquq himoyachilar nazarida Solijon Abdurahmonov jurnalistlik faoliyati uchun qamalgan va u iydirma ayblovlar qurboni.

Ayni paytda Toshkent shahar sudida “Irmoq” va “Yetti iqlim” nashrlarida ishlagan bir necha jurnalist ustidan sud jarayoni ketmoqda.

Jurnalistlar noqonuniy diniy guruhga aloqadorlikda, “Nurchilar” diniy oqimi g’oyasini targ’ib qilishda ayblanmoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo`mitasi hisobicha O’zbekistonda 6 jurnalist qamoqda. Mahalliy faollar fikricha esa aslida panjara ortida o'tirgan qalamkashlarning soni 10 dan oshadi.

XS
SM
MD
LG