O'zbekistonda senzura "sariq matbuot" rivojiga turtki bermoqda


O`zbekistonda sensatsion va yengil mazmundagi, shov-shuv va mish-mishlarga asoslangan ma'lumotlar tarqatuvchi matbuot bozori rivojlanmoqda.

Senzura rasmiy gazetalar raqobatiga imkon bermayapti. Ular asosan majburiy obuna orqali kun ko`radi.

Mamlakatda mingga yaqin gazeta-jurnallar ro`yxatga olingan bo`lsa, yarmidan ko`pi asosan “sariq matbuot”.

Rasmiy gazetalar adadi 4-5 mingni tashkil etsa, ayrim ko`ngilochar gazetalar 150 mingdan ortiq nusxada chiqadi. Mutaxassislar fikriga ko`ra, so`z erkinligining yo’qligi o`quvchilarni sayoz matbuot sari yetaklamoqda.

"Rasmiy gazetalar sotuvga bir yoki ikki nusxadan keladi, ko`p hollarda shu ham sotilmaydi, qaytarib topshiriladi",- deydi gazeta do`koni sotuvchilaridan biri. Biroq bu O`zbekistonda gazeta o`qilmaydi degani emas.

Uning aytishicha, turli ko`ngilochar gazetalarning muxlislari ko`p, hatto 200 mingga yaqin nusxada chop etilayotgan gazetalar ham hafta davomida tarqab ketadi.

Do`konchining so’zlariga qaraganda, ko`ngilochar nashrlar xaridorlari orasida yoshl ham keksalar ham bor. Bu xildagi xaridorbop nashrlar ziyolilarning keskin tanqidiga sabab bo`lmoqda.

“Bugun O`zbekistonda shakllangan sariq matbuot tom ma`noda ma`naviyatning jallodiga aylandi. Bu matbuot tirajini oshirish uchun hamma narsaga tayyor. Hattoki “… kundoshim” degan hikoyalar e`lon qiladi, adabiyot nazaridan bir tiyinga qimmat. Yolg`onning, fahshiyatning xaridori har doim ko`p bo`ladi. Ular hukumat siyosatiga, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolga, O`zbekistonning dunyo bilan aloqalariga aralashmaydi”, - deydi sharhlovchi Rustam Abdullayev.

Sharhlovchilar fikricha “sariq matbuot”ga talab oshishi siyosiy-ijtimoiy gazetalar senzura ostida ekani, bu nashrlarda jamiyatdagi haqiqiy ahvol tahlili bermayotgani, o`quvchida tanlash imkoniyati yo`qligi bilan izohlanadi.

Jurnalist Dilmurod Sayidning aytishicha, odamlar ko`ngilochar nashrlardan zerikib bo`lgan.

“Odamlar charchab bo`ldi, artistlaridan ham, krossvordlaridan, yolg`on-yashiq tarjimalardan ham, hatto diniy mavzudagi chiqishlardan ham. Odamlarga ularning huquqini, insonligini ko`rsatib beruvchi maqolalar kerak,” - deydi jurnalist.

Sharhlovchilar ta’biricha, O`zbekistonda matbuot yozilmagan temir qoidalarga ko`ra boshqarilmoqda. Rasmiy nashrlar haqiqiy ijtimoiy muammolar tahlilini bermaydi, “sariq nashrlar” esa ijtimoiy-siyosiy hayotga aralashmaydi.

Jurnalistlar fikricha, o`quvchilar jamiyatdagi haqiqiy muammolar tahlilini beruvchi mustaqil nashrlarga chanqoq, bunday nashrlar o`quvchisini tezda topadi.

“Faoliyatimiz misolida ko`rib o`tiribmiz, odamlar noliydi chiqayotgan gazetalardan, buning puliga non olib yeganim ma`qul deyishadi. Jurnalistsiz, nega bunaqa past saviyadagi gazetalar chiqarayapsizlar deb so`rashadi,” - deydi Dilmurod Sayid.

Rustam Abdullayev o`quvchilarni sayoz matbuotdan qutqarishi mumkin bo`lgan yangi ijtimoiy-siyosiy gazetalar paydo bo`lishiga ishonchsizlik bilan qaraydi.

“Har qanday jamiyatda so`z erkinligi, to’g’riso`z demokratiya yashashi uchun muhit, havo bo`lishi kerak. Bugungi kunda erkin so`z yashashi mumkin bo`lgan havoning o`zi yo`q. Lekin odamlar rost so`zga, haqiqatga tashna,” - deydi u.

O`zbekiston xalqaro hisobotlarda so`z va matbuot erkinligi keskin cheklangan davlatlar qatoridan joy olib keladi.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining yaqinda chop etilgan hisobotida ham O`zbekiston prezidenti erkin matbuot dushmani deya e'tirof etiladi.

Tashkilotga ko'ra, respublikada mustaqil jurnalistlarga ko`rsatilayotgan tazyiqlar va matbuot erkinligiga qo`yilgan to`siqlar bois Karimov shunday nomga loyiq ko`rilgan.

XS
SM
MD
LG