Breaking News

Vashington Turkiyadan yaqin hamkorlik kutmoqda


Qo’shma Shtatlar uchun Turkiyadek mintaqada obro’si yuksalib borayotgan, Yaqin Sharq davlatlari, jumladan, Eron bilan do’stona munosabatga ega mamlakat bilan sheriklik muhim ahamiyat kasb etadi.

So’nggi yillarda Iroq va Afg’onistondagi urushlar o’rtaga ancha sovuqlik olib kirgan. AQShga nisbatan salbiy qarashlarni kuchaytirgan. Ommaviy so’rovlar shuni ko’rsatmoqdaki, Turkiyada anti-amerikanizm kayfiyati yuqori.

Turkiyaning “Taraf” gazetasi bosh muharriri o’rinbosari Yasmin Jongar deydiki, prezident Barak Obamaning tashrifi bu qarashlarni o’zgartira olishi mumkin.

“Amerikaning yangi rahbari do’stu-dushman bilan gaplashishga, bir tomonlama qarorlardan voz kechishga, o’zgalar fikr-maslahatiga quloq tutishga asoslangan siyosat olib boramiz demoqda. Bu omma fikriga ta’sir ko’rsatishi aniq”,- deydi jurnalist.

Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, Turkiyada ko’pchilik Barak Obama AQSh rahbari etib saylanganini ijobiy baholaydi.

Ayniqsa uning Eron xalqiga yo’llagan Navro’z qutlovi matbuotda keng yoritilgan.

Istanbul ko’chalarida AQSh prezidenti tashrifiga munosabat quyidagicha:

“Eron bilan muzokara qilish qarori juda to’g’ri. Iroqda ham odilona, insonparvar siyosat olib borsin deyman. Obama yurtimizda mehmon, qutlaymiz uni”.

“Bushdan yaxshiroq rahbar u, lekin Turkiyadan Afg’onistonga ko’proq harbiy jalb qilish tashabbusiga qarshiman. Nazarimda, kapitalist mamlakatlar bizdan foydalanishyapti”.

Ayni paytda Afg’oniston poytaxti Kobulda 900 ga yaqin turkiyalik mutaxassis bor. Rasmiy Vashington NATO mamlakatlari qatorida Anqaradan ham jangovar operatsiyalarga ko’proq hissa qo’shishni so’ramoqda. Kuzatuvchilar fikricha Turkiya faqatgina afg’on armiyasini tayyorlashda ko’makni oshirishi mumkin.

Ular nazarida prezident Obama oldida turgan eng nozik masala bu - o’tgan asr boshida, Usmoniylar Imperiyasi qulayotgan davrda o’n minglab arman qirilganini genotsid deb tan olish-olmaslik.

AQSh Kongressida bu borada muhokamalar davom etyapti. Saylov kampaniyasida Obama “siyosat o’z yo’liga, tarixiy voqealarga haqqoniy baho berish kerak” degan edi. Turkiya hukumati voqeani genotsid deb ko’rilishiga qarshi.

XS
SM
MD
LG