Breaking News

Iroq shaharlari ustidan nazorat mahalliy armiya qo'liga o'tadi


AQSh qo’shini shu oy so’nggida Iroq shaharlarini tark etishga shaylanar ekan, ayrim qo’mondonlar Iroq armiyasi xavfsizlikni ta’minlay olishiga shubha bildirmoqda.

Iroq Tashqi ishlar vaziri Hushyor Zeboriy “mas’uliyatni bo’ynimizga olishga tayyormiz” deydi. Zeboriy ayni paytda Tokioda, Iroqqa sarmoya jalb qilish borasida gaplashmoqda.

Amerikaning Iroqdagi elchisi Kristofer Xill harbiylar, o’tgan yili rasmiy Bag’dod bilan erishilgan kelishuvga muvofiq, Iroqdan chiqa boshlashini tasdiqlagan. AQSh, deydi u, Iroq shaharlari ustidan nazoratni 30 iyunga qadar mahalliy kuchlarga topshirish majburiyatini to’liq bajaradi.

Ammo ayrim harbiy qo’mondonlari xavotirini yashirmaydi. So’nggi yillarda Iroqda zo’ravonlik sur’ati ancha pasayganiga qaramay, ular nazarida vaziyat AQSh yordamisiz yana taranglashishi mumkin. Shimoldagi Mosul shahar ahli, kurd, arab va nasroniy jamoalar ham xuddi shunday fikr bildirgan.

“Mazhablar orasiga nifoq solishga harakat qilayotgan kuchlar yo’q emas”, -deydi AQSh rasmiysi. “Iroq siyosiy muzokara va murosa yo’lidan borishi kerak”.

Vashington nazarida Iroq tinchligi va mintaqa barqarorligi, shuningdek, qo’shni davlatlar bilan aloqani yaxshilashga bog’liq.

XS
SM
MD
LG