Barak Obama BMT sammitida nutq so'zladi


AQShning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 64-yillik sessiyasi ish boshlamoqda. Bugun prezident Barak Obama sessiya doirasida o'tkazilayotgan iqlim o'zgarishiga doir sammitda nutq so'zladi. Sammitda 90 dan ortiq davlat rahbarlari ishtirok etmoqda.

Zararli gazlarni atmosferaga chiqarishni cheklovchi bitim bo'yicha muzokaralar hali ham yakunlanmagan. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun nazarida jarayon juda sekin ketmoqda. Mamlakatlar dekabrda Daniya poytaxti Kopengagenda bo'ladigan yirik anjumanga qadar bitim bo'yicha umumiy kelishuvga erishishga umid qilmoqda.

"Davlat rahbarlari iqlim o'zgarishi qanday oqibatlarga olib kelishini anglab yetmog'i zarur. Kopengagenda hujjatni imzolashga tayyor bo'lish kerak. Muzokaralarni tezlashtirish lozim," deydi bosh kotib.

Prezident Barak Obama ham ushbu mavzuda nutq so'zlab, davlatlarni birgalikda harakat qilishga chaqirdi.

"Iqlim o'zgarishiga qarshi kurash - umumiy maqsadimiz. Bir yoqadan bosh chiqarsak, unga albatta erishamiz. Bu bilan dunyomiz xavfsizroq, havomiz esa tozaroq bo'ladi," deydi AQSh rahbari.

Prezident Obama davlatlarni mas'uliyatliroq bo'lishga, bo'lajak avlodlar salomatligi haqida qayg'urishga chaqirdi.

"Har bir davlat xavfsizligi, barqarorligi va farovonligi xavf ostida. Zudlik bilan chora ko'rish kerak. Vaqt oz qolyapti. Inson yaratgan muammolarni inson tuzatishi mumkin," deydi Obama.

AQSh prezidenti Bosh Assambleya sessiyasi ishida faol qatnashishi kutilmoqda. Qo'shma Shtatlar bu oy BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qilmoqda. Prezident Obama kengashda o'tishi rejalangan yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanishga doir majlisni olib boradi.

Sessiya doirasida qator davlatlar rahbarlari bilan uchrashuvlar ham kutilmoqda. Jumladan, prezident Obama Yaponiya yangi bosh vaziri, Rossiya va Xitoy prezidentlari bilan ikki tomonlama masalalarni, Isroil bosh vaziri va Falastin prezidenti bilan esa Yaqin Sharq tinchlik jarayonini muhokama qiladi.

XS
SM
MD
LG