Eronda Inqilobiy Gvardiya bugun nimaga qodir?


Eron hukumati nazarida Amerika bu mamlakat haqida yolg’on va tuhmatlar tarqatib, oqni qoraga bo’yashga harakat qilmoqda.

Yaqinda Fors ko’rfaziga safar qilgan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Eronda hokimiyat sekin-asta harbiylar qo’liga o’tib, diktatura vujudga kelmoqda.

Forschada “Sipoh” deb ataluvchi Inqilobiy Gvardiya – Eron qurolli kuchlarining eng salohiyatli qismi hisoblanadi. Jamiyatning har bir jabhasida, ayniqsa iqtisodiyot va siyosatda katta nufuzga ega.

Eron Xillari Klinton bayonotini qoralab, AQSh mintaqani “qurol omboriga” aylantirmoqda deydi.

Inqilobiy Gvardiyasi 1979 yilda tuzilgan bo’lib, uning vazifasi islom inqilobi va uning yo’lboshchilarini shoh tuzumidan himoya qilish bo’lgan.

Qo’shma Shtatlar nazarida Gvardiya a’zolarining mamlakat yadro dasturida qo’li bor va Eron yaqin orada yangi sanksiyalar bilan yuzlashishi mumkin.

Davlat kotibasi Xillari Klinton Fors ko’rfaziga safari davomida “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bo’ldi.

“Eronda siyosiy va diniy rahbariyatning vakolat doirasi torayib, ichki va tashqi siyosatga doir muhim qarorlar Inqilobiy Gvardiya zimmasiga o’tmoqda”, - deydi Xillari Klinton.

O’tgan yillar ichida Gvardiyaning siyosiy-iqtisodiy mavqei oshgani kuzatiladi. Prezident Mahmud Ahmadinajod qo’li ostidagi amaldorlarning ko’pi ana shu tizim maktabidan o’tgan.

Ayrim mutaxassislar fikricha, Inqilobiy Gvardiyaga Ahmadinejodning qayta saylanishiga qarshi namoyishlarni bostirishda yetakchi rol berilgan.

"Zobitlar bu vazifani uddalab kelmoqda",- deydi eronlik jurnalist Afshin Molaviy.

“Hukumat va muxolifat o’rtasidagi bugungi kurashni mamlakat qurolli kuchlari yutib chiqqani haqiqat. Siyosiy sahnada ham Inqilobiy Gvardiyaning nufuzi oshib boryapti”,- deydi u.

Tijorat, biznes, sarmoya … Xillari Klintonning ta’kidlashicha, Eron harbiylari har bir sohada faol yirik tuzilma.

“Ahmadinajod prezidentligi davrida ular neft va gaz kompaniyalari, aeroportlar nazoratini qo’lga olgan”,- deydi u.

Ammo Ken Katzman kabi tahlilchilar buning hech bir xavotirli joyi yo’q, deydi. Chunki Inqilobiy Gvardiya baribir mamlakat diniy rahnamosiga bo’ysunadi.

“Gvardiyachilar Oyatulla Ali Hominiy amrini so’zsiz bajaradi. Uning istak va farmoyishlari ular uchun qonun. Harbiylar o’zi bilgancha ish yuritishiga ruxsat yo’q”, - deydi Katzman.

Jurnalist Afshin Mulaviy ham shu fikrda. Inqilobiy Gvardiyaning amaldagi rahbari Muhammad Ali Jafariy oyatullaning ishongan odami. Ammo tizimni ichdan yemirayotgan omillar bor.

“Gvardiya tarkibida amaldagi hukumatdan va mavjud vaziyatdan norozi odamlar yo’q emas. Ana shunday ichki ixtiloflar tuzum kelajagi va mamlakat taqdirini hal qiluvchi o’ringa ega”, - deydi u.

Inqilobiy Gvardiya o’z mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. Biroq inqilobdan so’ng tug’ilgan yosh avlod vakillari tuzumdan to’yganini aytmoqda. Ular bugun Eron aholisining qariyb 70 foizini tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG