Motokross bo'yicha AQSh chempioni islomga kirdi (video)


Motokross bo'yicha AQSh chempioni islomga kirdi (video)

Motokross bo'yicha AQSh chempioni islomga kirdi (video)

<!-- IMAGE -->

Jozef Smit 18 yoshda. Maktabni yaqinda tamomlagan. Baptist nasroniy oilasida katta bo'lgan. Ammo tashqi ko'rinishdan siyosat yoki dinga qiziqadi demaysiz. Badanida tatuirovkadan bo'sh joy qolmagan.

Qiziqishlari shu qadar keng qamrovliki, siyosat va dinga vaqt yo'qdek tuyuladi. Ammo o'zaro suhbatda Jozefning chuqur mulohaza yuritish qobiliyati ko'zga tashlanadi. Sportning xavfli, esktremal va jangovar turlari bilan shug'ullanishiga qaramay, tabiatan bosiq va tinchliksevar.

Jo haftada bir necha marta brazilcha kurash uslubi - jiu jitsu bilan shug'ullanadi.

<!-- IMAGE -->

Mashg'ulot tugagach, taycha boks - muaytaydan o'zidan yoshi ancha kattalarga saboq beradi.

<!-- IMAGE -->


Biroq motokross Joning jonu dili.

Jozef shunchaki havaskor emas, bu sport ustasiga aylangan. Motosiklga ilk bor 3 yoshda o'tirdi. 16 yoshda AQSh chempioni bo'ldi. Otasi ham professional motokrosschi edi.

"Motosikl haydashni velosipeddan oldin o'rganganman," deydi hazillashib Jo.

Ammo sportning bu turi kutilmagan xavflarga shu qadar boyki, Jozef ko'p joyidan lat yeb, bir necha bor operatsiya bo'lgan, otasi ham shu sportning ketidan ikki oyog'idan ayrildi.

<!-- IMAGE -->


"Juda ko'p dafn marosimlarida bo'ldim. Ko'p do'stlarimning majruh bo'lganini ko'rdim. Erkin motokross juda xavfli sport. Ammo unga mehr qo'yganimiz uchun ham haligacha shug'ullanamiz. 30 metr balandlikdan yiqilish odamga orom bag'ishlamaydi, ishonavering. Shuning uchun men biror kor-holga uchragudek bo'lsam, to'g'ri yo'lni tanlaganimni bilishni xohlardim", - deydi u.




Olti oylik izlanishdan so'ng Jozef musulmon bo'lishga qaror qildi. O'g'lining shahodat keltirishini ko'rish uchun onasi ham masjidga tashrif buyurdi.

"O'g'lim bilan faxrlanaman. Noto'g'ri qaror qabul qiladi, deb o'ylamayman. Farzandimni safingizga, e'tiqodingizga qabul qilganingiz uchun rahmat", deydi u.

Juma namozi o'qilgach, imom barchaning diqqatini Jozefga tortib, uning islomga kirmoqchi ekanini ma'lum qildi va kalima keltirishiga yordam berdi. Musulmonlarning iliq munosabati Jozefni hayratga soldi.

Masjid imomi Jamol Kumushning aytishicha, masjidda har oy 4-5 kishi, ba'zida esa 6-7 kishi islomga kiradi.

"Biz hech kimni majburlamaymiz. Har birining o'z xohishiga havola", - deydi u.

Jozef ilk bor masjidga qadam qo'yganini aytadi.

"Masjiddagi muhit menga yoqdi. Namoz o'qish, shahodat keltirish ajoyib bo'ldi. Men uchratgan har bir insonning yuzida yorug'lik", - deydi u.

Joning islomga kirishi juma namoziga kelgan do'sti Zohid Hojigulbon uchun kutilmagan hol bo'ldi.

"Jo bilan o'rta maktabda birga o'qiganmiz. Yaxshi do'st edik. Uni bu yerda uchratishni xayolimga ham keltirmaganman. Uni yaxshi inson sifatida bilaman", deydi u.

Jozef islom orqali ko'p narsalarni tushunganini aytadi.

"O'z dinimda ko'p savollar javobsiz qolgan edi. Ota-onam hech qachon meni majburlamagan. Har bir qiziqish, har bir mashg'ulotimga yaxshi qarashgan", - deydi Jo.

Uning aytishicha, islomga kirishida o'zbekistonlik do'sti Abror Sharipov ham katta rol o'ynadi.

"Men unga Internetda islom haqida ko'plab videolarni ko'rsatganman. Ularni tomosha qilgach, bir oz vaqt o'tganidan so'ng, shahodat keltirmoqchi ekanini aytdi," deydi Abror.

Jozefning aytishicha, amerikaliklarning aksariyati islomni tushunmaydi.

"Matbuotda nima bo'lsa, o'shanga ishonishadi. Unda esa musulmonlar salbiy tasvirlanadi. Iroqdagi urush, falastinliklarning namoyishlari…Ammo men islomda yaxshilikdan boshqasini ko'rmadim. Boshqalarga ham shuni tilagan bo'lardim".

Jozef ko'p shikast yeganiga qaramay, motokrossni tashlash niyati yo'q.

"Olloh meni shu paytgacha o'z panohida asrab kelgan", - deydi u.

XS
SM
MD
LG