Breaking News

Andijon voqealari Rossiya ziyolilari nazarida


Andijon voqealari Rossiya ziyolilari nazarida
Andijon voqealari Rossiya ziyolilari nazarida

Bugun 2005 yil 13 may fojiasi xotirlanmoqda. Guvohlarning aytishicha, o’sha kuni hukumat kuchlari Andijonning Bobur maydoniga yig’ilgan minglab namoyishchilarni o’qqa tutgan. Yuzlab begunoh kishilar nobud bo’lgani aytiladi. Hukumat esa tuzumga tajovuz qilgan terrorchilar o’ldirilgan deydi. Rossiya tahlilchilari Andijon voqealariga turlicha baho berib keladi.

Ba'zilar bu kunni "Andijon qirg'ini" deb ataydi. 2005 yil 13 mayidagi otishmalarda qancha odam o'lgani haligacha noma'lum. Hukumat 200 dan kam desa, mustaqil kuzatuvchilar nazarida mingga yaqin. Rasmiylar terrorchilar yo'q qilingan, desa, mustaqil faollar begunoh kishilar - yoshu-qari, erkak, ayol va bolalar qirilgan, deydi.

Rossiyada inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi "Memorial" tashkilotining Markaziy Osiyo dasturlari bo'yicha direktori Vitaliy Ponomaryovning aytishicha, o'zbek adliya tizimining maxfiylikka berilishi va voqealar ustidan xalqaro tergovning yo'qligi bois qurbonlar sonini aniq bilib bo'lmayapti. Ponomaryov Moskvadagi Mustaqil matbuot markazida so'zlagan.

"Prezident Islom Karimovning repressiv siyosati O'zbekiston va mintaqaviy beqarorlik negizidagi asosiy omillardan. Bu siyosat minglab odamlarni yashirin faoliyat olib borishga yoki xorijga ketishga majbur qildi. Davlat siyosatiga nisbatan noroziligini qonuniy yo'l bilan ifodalash huquqidan mahrum fuqarolar ba'zi hollarda radikal guruhlarga qo'shilishdan boshqa chora ko'rmaydi", - deydi Ponomaryov.

"Vremya Novostey" gazetasining Markaziy Osiyo bo'yicha tahlilchisi Arkadiy Dubnov ham tadbirda qatnashdi. Uning nazarida Andijon voqealari rahbarlarning o'z xalqidan uzoqlashgani natijasidir. Bu muammo mintaqaning har bir mamlakatida mavjud, deydi mutaxassis.

"Rahbarda tashqi dunyo haqida tasavvur yo'qolgan. Xorijda siyosat qanday shakllanishini bilishmaydi, ammo eng tashvishlanarlisi shuki", - deydi Dubnov, "o'z mamlakatlaridagi real hayotdan bexabar".

Shamil Sultonov Rossiya-islom dunyosi munosabatlarini tadqiq qiluvchi markaz prezidenti. Uning aytishicha, rahbariyatning xalq dardini bilmasligi, unga quloq solmasligi muammolarga yetaklashi. Mintaqa prezidentlari, xususan Qozog'iston va O'zbekiston rahbarlarining ulug' yoshini, mintaqada islom dini ta'sirining kuchayayotganini, Markaziy Osiyo va Rossiya rasmiylarining narkobiznesga aralashgani va buning natijasida korrupsiyaning kuchaygani o'ta xavfli muhit yaratmoqda, deydi Sultonov.

Sultonov so'nggi omilni narkotizim deb ataydi. Unda, deydi u, hamma narsa bor.

"O'z rahbariyati, elitasi, xalqaro hamkorlari, har bir davlatda bo'lgani kabi qurolli kuchlari va agentlari".

Sultonov nazarida Markaziy Osiyo elitasi o'z jamiyatlarini zamonaviylashtirishni bilmaydi va hokimiyat tepasida imkon qadar uzoqroq qolish uchun mamlakatni eski shiorlarga asoslanib boshqaradi. G'arb tashkilotlari esa mintaqa aholisining haddan tashqari ko'payishi va suv tanqisligi kabi muammolar bilan qanday shug'ullanishni bilmay xunob, deydi tahlilchi.

Barcha mutaxassislar fikricha, Yevropa Markaziy Osiyo yonilg'isiga ehtiyoj sezar ekan, AQSh esa Afg'onistondagi operatsiya uchun bazaga muhtoj ekan, G'arb demokratik g'oyalar va inson huquqlarining poymol etilishiga ko'z yumib, o'z manfaatlari ketidan mahalliy diktatorlarga iltifotlar qilib, vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.

AQSh hukumati 2005 yilda rasmiy Toshkentni Andijon qirg'inida ayblagani uchun Xonoboddagi harbiy bazadan ayrilgan edi. Qirg'iziston muxolifati nazarida rasmiy Vashington Bishkek yaqinidagi bazani ham yo'qotishni istamasdan Bakiyev hukumatiga nisbatan tanqidlarini susaytirgan edi.

2005 yildan so'ng Amerika o'z standartlarini tushirib yubordi, deydi Vitaliy Ponomaryov.

"Uning aytishicha, AQSh siyosatida ikkiyuzlamachilik kuchaydi. Agar Ukraina, Belarus yoki Ozarbayjonda Markaziy Osiyo darajasida huquq buzilishlari kuzatilganida, Qo'shma Shtatlar boshqacha, qattiqroq munosabat bildirgan bo'lar edi. Markaziy Osiyoga kelganda esa kamchiliklarga panja orasidan qaralmoqda", - deydi Ponomaryov.

XS
SM
MD
LG