Breaking News

Tolibon Afg'onistonda "Islomiy davlat"dan ikki tumanni tortib oldi


Afg'oniston sharqida Tolibon harakati va "Islomiy davlat" jangari guruhi o'rtasida shiddatli janglar ketayotgani xabar qilinmoqda. Har ikki tomonda o'nlab o'lganlar bor. Iroq va Suriyada katta hududlarni egallab olgan "Islomiy davlat" Afg'onistonga ham kirib borgan.

Afg'on politsiyasining bildirishicha, otishmalar Pokiston bilan chegaradosh Nangarhor viloyatining Bati Kot va Chaparxar tumanlarida ro'y bergan. Tolibon hafta boshida Daish bazalariga hujum qilib, tumanlarni ulardan tortib olgan, ammo qo'shni Nazyon tumanida buning uddasidan chiqa olmagan. "Islomiy davlat" u yerda mahkam o'rnashib olgani aytiladi.

Tolibon so'zlovchisi Zabihulla Mujohid "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bularni tasdiqladi.

Viloyat hokimiyati tarqatgan ma'lumotga ko'ra, afg'on xavfsizlik kuchlari dushanba oqshom "Islomiy davlat" jangarilarini pistirmaga tushirib, kamida 15 nafarini yo'q qilgan.

Tolibon Daishni o'ziga tahdid va afg'on hukumatiga qarshi kampaniyasiga g'ov deb biladi.

Rasmiylar janubdagi Zabul va g'arbdagi Faroh viloyatlaridan ham toliblar "Islomiy davlat"ni siqib chiqarganini tasdiqlamoqda.

Afg'onistonda Tolibondan ajralgan jangarilarning bir qismi hamda O'zbekiston islomiy harakati Daishga qo'shilgan. Afg'oniston hukumati ularning aksariyati qo'shni mamlakatning Afg'oniston bilan chegaradosh yetti qabilaviy hududlarining uchtasidan - O'rakzoy, Xaybar va Bajaurdan chiqqan pokistonliklar ekanini aytmoqda.

Yaqinda "Islomiy davlat" Nangarhor viloyatida FM radio to'lqini orqali efirga chiqib, afg'on yoshlarini guruhga qo'shilishga da'vat etgan. Hukumat efirni to'sishga harakat qildi, biroq aholi va mahalliy matbuot da'vatlar hali ham yangrayotganini ma'lum qildi. "Islomiy davlat" odamlarni Kobuldagi hukumat, NATO kuchlari va Tolibonga qarshi kurashda qo'lga qurol olishga chaqirmoqda.

Qo'shni Pokiston notinch chegara hududlarida ko'pdan beri aksilterror amaliyot olib bormoqda. Buning natijasida ba'zi jangarilarning qo'shni Afg'onistonga qochib o'tgani aytilmoqda. Bundan tashqari, Pokiston maxsus kuchlari yirik shaharlarda reydlar o'tkazib, "Islomiy davlat"ning o'nlab a'zolarini hibsga olgan.

Panjob viloyati Adliya vaziri Rana Sanaullaning aytishicha, yuzga yaqin ekstremist yaqinda mamlakatni tark etib, Suriyaga yo'l oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG