AQShning Afg'onistondagi general-mayori haqoratda ayblanib, ishdan olindi

  • Amerika Ovozi

General-mayor Piter Fuller afg'on qurolli kuchlari tayyorlovi uchun mas'ul harbiylardan biri edi. Afg'on hukumatining ustidan kulgani aytilmoqda.

General-mayor Piter Fuller afg'on qurolli kuchlari tayyorlovi uchun mas'ul harbiylardan biri edi. Afg'on hukumatining ustidan kulgani aytilmoqda.

Afg'onistonda xalqaro koalitsiya qo'mondoni general Jon Allen bu davlat rahbari Hamid Karzay va uning hukumatini haqorat qilgani uchun yuqori darajali harbiyni xizmatdan ozod qilgan.

General-mayor Piter Fuller afg'on qurolli kuchlari tayyorlovi uchun mas'ul idora boshlig'i o'rinbosari edi.

Fuller yaqinda Amerikaning "Politico" gazetasiga bergan intervyusida afg'on hukumati "esidan ayrilgan", "nima qilayotganini bilmaydi", "noshukur", "AQSh qancha odamini berib, qancha mablag'ini sarflayotganini qadrlamaydi" deya tanqid qilgan.

Hamid Karzay Amerikani tez-tez tanqid qilib turadi, Vashington ham - uning hukumati haqida achchiq gapirgan.

Hamid Karzay Amerikani tez-tez tanqid qilib turadi, Vashington ham - uning hukumati haqida achchiq gapirgan.

Koalitsiya qo'mondoni general Jon Allen deydiki, bunday qarashlar Amerikaning Afg'onistonga nisbatan siyosati va munosabatini aks ettirmaydi, aksincha ommaga noto'g'ri ma'lumot beradi.

O'tgan yili shunga o'xshash holat sabab, general Stenli Makkristal xalqaro kuchlar qo'mondoni lavozimidan olingan edi. Makkristal "Rolling Stone" jurnaliga intervyu berib, Afg'oniston va Amerika rahbarlarini masxara qilgan edi. Prezident Barak Obama buni mas'uliyatsizlik deb baholagan.

General-mayor Fuller 30 yildan oshiq harbiy tajribaga ega. Qator unvonlar sohibi.

"Politico" gazetasi bilan suhbatda u Karzay ma'muriyatini ahmoqlikda ayblaydi.

General Jon Allen, xalqaro koalitsiya qo'mondoni

General Jon Allen, xalqaro koalitsiya qo'mondoni

AQSh shu paytgacha bu mamlakatda tinchlikni ta'minlash va uni tiklash uchun 11,6 milliard dollar ajratdi, afg'on hukumati esa nima qilayotganini bilmaydi, deydi Fuller.

Shuncha ko'rsatilgan yordamga rahmat qani, deya ajablanadi u.

Fullerni ishdan olgan general Allen "bu gaplar haqiqatdan yiroq" deydi.

"Amerika afg'on xalqini hurmat qiladi va tomonlar mushtarak maqsadga ega. Hozir eng asosiy vazifa - tinchlikka erishish, barqaror va farovon jamiyat qurish".

Kobul va Vashington achchiq so'zlar almashib turadi, kelishmovchiliklar bor, lekin oradagi ishonch va hurmat hech yo'qolmagan, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG