Breaking News

AQSh qonunchilari Karzay talablarini rad etdi


Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay
Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay
AQSh va Afg’oniston o’rtasidagi xavfsizlik shartnomasi imzolanganicha yo’q. AQShning bir guruh qonunchilari Kobulga uyushtirgan tashrif chog’ida ham AQSh askarlarining keyingi taqdiri masalasida afg'on tarafi bilan kelishuvga erisha olmadi.

Kongressdagi ikki partiyaga mansub qonunchilar Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay bilan uchrashib, agar o’rtadagi xavfsizlik bitimi imzolanmasa, 2014-yildan keyin bu yerda birorta amerikalik askar qolmasligi haqida ogohlantirdi.

“O’zaro kelishilgan va Loya Jirg’a tomonidan ma’qullangan bitim imzolanishi kerak. Agar imzolanmasa, AQSh Afg’oniston xavfsizliginini ta'minlash bo'yicha yordam berish majburiyatini o'z zimmasiga olmaydi”, - dedi respublikachi senator Kelli Ayot.

Afg’oniston Loya Jirg’asi xavfsizlik kelishuvini o’tgan yilning noyabr oyida ma’qullagan edi. Shundan beri prezident Karzay uni imzolashning sharti sifatida AQSh oldiga yangi talablar qo’ymoqda.

Karzayning Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlashda hamda bu jarayonga Pokistonni jalb etishda AQShdan yordam so'rayotgani ana shunday yangi talablardan biri.

Senator Ayotning aytishicha, kelishuv AQSh va afg’on xalqi o’rtasida tuzilgan va shuning uchun unga Tolibon bilan tinchlikka erishish shartini qo’shib bo’lmaydi. Ko’plab tinch fuqarolarni va yosh bolalarni o’ldirgan Tolibon har ikki tomon uchun ham umumiy dushmandir, deydi senator.

Afg’onistondagi xalqaro kuchlar qo’mondoni, amerikalik general Josef Danford Senatdagi muhokamada 2014-yildan so’ng Afg’oniston harbiylariga maslahatchilik vazifasini bajarish uchun 8000 amerikalik va 4000 NATO askari kifoya, deya gapirgan edi. Ammo askarlarning aniq soni prezident Obama tomonidan hali ma’lum qilinmagan.

Prezident Karzayning aytishicha, agar kelishuv bo’yicha yangi talablar bajarilmaydigan bo’lsa, u bitimni imzolashni 5-apreldagi saylovdan so’ng keladigan yangi prezidentga qoldiradi. Prezidentlik uchun da'vo qilayotgan barcha nomzodlar AQSh bilan tuzilgan kelishuvni qo’llab-quvvatlashini aytgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG