AQSh musulmonlari prezident saylovida faol qatnashadi

  • Amerika Ovozi

Musulmonlar bilan tushlik... Prezident Obama Baltimor shahrida, fevral, 2016

Musulmonlar bilan tushlik... Prezident Obama Baltimor shahrida, fevral, 2016

Ovoz berish uchun ro'yxatdan o'tgan musulmon amerikaliklarning 86 foizi 8-noyabrda bo'ladigan prezident saylovida qatnashadi. Mamlakatda islomofobiya kuchaygan bir paytda ularning faol ishtiroki saylov natijasiga ta'sir qilishi mumkin.

Amerika-Islom aloqalari kengashi Amerika bo'ylab o'tkazgan so'rovda jami musulmonlarning 72 foizi demokrat nomzod Hillari Klintonga ovoz berishini aytgan. Faqat to'rt foizi respublikachi Donald Trampni yoqlagan.

Yana uch foizi Yashillar partiyasi vakili Jil Steynni tanlasa, ikki foizi Libertarian partiyasi nomzodi Geri Jonsonni afzal ko'rgan.

So'rovning yana ko'rsatishicha, musulmonlarning 85 foizi AQShda so'nggi bir yilda musulmonlarga qarshi kayfiyat kuchayganiga ishonadi. Kengash ijrochi direktori Nihad Avad buning sababini Donald Tramp, Ben Karson va Ted Kruz kabi siyosatchilar bilan bog'laydi.

So'rov qatnashchilarining qariyb uchdan biri, ya'ni 30 foizi bir yil ichida o'z hayotida ayirmachilikka yuz tutganini aytgan. Jamoat joylarida ochiq diskriminatsiya holatlari ko'paymoqda, deydi Avad.

Musulmonlarning 44 foizi o'zini siyosiy jihatdan mo'tadil deb hisoblaydi. 25 foizi esa liberal. Faqat 11 foizi konservativ ekanini aytgan.

Bunday natija musulmonlarning tobora demokratlar tomon og'ib borayotganini ko'rsatadi. Vaholanki, Amerikada islom dini ergashuvchilari azaldan, asosan, respublikachi prezidentga ovoz berib kelgan.

Avvalroq o'tkazilgan yana bir tadqiqotda AQSh musulmonlariga qarshi jinoyatlar soni 2001-yil 11-sentabrdan beri keskin oshgani kuzatilgan edi.

Kaliforniya davlat universiteti tadqiqotchilari 20 shtatdagi politsiya ma'lumotlari asosida tayyorlagan hisobotdan ma'lum bo'lishicha, 2015-yilda musulmonlarga qarshi 196 ta jinoyat sodir etilgan. Bu 2014-yilga qaraganda 78 foiz ko'p. Arablarga nisbatan nafrat jinoyatlari esa 219 foizga oshgan.

AQShda jami negizida adovat bo'lgan jinoyatlar besh foizga ko'paygan: 2014-yilda 4139 shunday huquqbuzarlik sodir etilgan bo'lsa, bu raqam 2015-yilda 4347 ga yetgan. Yahudiy va gomoseksuallarga qarshi jinoyatlar soni yuqori bo'lsa-da, o'sish sur'ati musulmonlarga qaratilgan jinoyatlarchalik emas.

Adovat va ekstremizm tadqiqotlari markazi direktori Brayn Levinning aytshicha, musulmonlarga qarshi jinoyatlarning ko'payishiga terrorizmga oid xavotirlar, mutaassiblik va siyosiy da'vatlar sabab bo'lmoqda.

"Hozir musulmonlar AQShda eng ko'p yomon ko'rilgan guruh. Buni targ'ib qilayotgan ijtimoiy-siyosiy harakat ham bor", - deydi u.

Amerikada musulmonlar 3,5 million atrofida bo'lib, aholining bir foizini tashkil etadi. Ammo diniy nafratga asoslangan barcha jinoyatlarning 4,5 foizi shu din vakillariga qarshi qaratilgan.

2015-yilgacha AQShda diniy adovatga asoslangan jinoyatlarning kamayishi kuzatilayotgan edi, ammo shu davrda ham musulmonlarga hujumlar soni o'sgan.

20 shtat orasida islom dini vakillariga qarshi jinoyatchilik eng ko'p Nyu-Jersida kuzatilgan. Shtatda bunday jinoyatlar 250 foizga oshgan. Texasda esa 129 foiz. O'z navbatida Kaliforniyada 122 foiz, Tennesida 67 foiz o'sish kuzatilgan.

Kaliforniyaning San-Bernardino shahrida yuz bergan xuruj ortidan musulmonlarga hujumlar soni keskin o'sgan. Tennesida harbiy bazada otishma ro'y berishi ketidan ham shunday holat kuzatilgan.

Joriy yilda ham musulmonlarga qarshi jinoyatlar o'sishda davom etmoqda. Sentabr oyigacha Nyu-York shahrida 21 jinoyat sodir etilgan. O'tgan yili shu davr ichida bunday huquqbuzarliklar soni 10 ta edi.

"Har bir joyda nafrat jinoyatlari soni oshgandek. Yil oxirigacha shunday bo'ladimi, yo'qmi, hali ko'ramiz", - deydi Levin.

2001-yil 11-sentabr voqealaridan so'ng Prezident Jorj Bush Vashingtondagi masjidda islomni tinchlik dini deb atab, amerikaliklarni bag'rikenglikka chaqirgan edi. Shundan so'ng musulonlarga hujumlar soni kamaygani kuzatilgan edi.

2015-yil 7-dekabrida esa respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp musulmonlarni mamlakatga kiritmaslikni taklif qilgach, aksincha, bu din vakillariga qarshi jinoiy harakatlar 87 foizga oshdi, deydi sotsiolog Levin.

Tadqiqot xulosalari shu mavzuda o'tkazilgan boshqa ilmiy izlanish natijalarini tasdiqlaydi. Ammo aslida muammo ko'lami bundan kattaroq bo'lishi mumkin. Ko'plab tahdid va hujumlar haqida politsiyaga xabar berilmaydi.

AQSh Adliya vazirligi ozchilik guruhlarga qarshi jinoyatga qo'l urganlar keskin jazoga tortilishini aytadi. Ammo tahlilchilar bunday huquqbuzarliklarning faqat kichik qismi nafrat jinoyati sifatida sudlanishini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG