Anjelina Jolining Bosniya urushi haqidagi yangi filmi yaqinda katta ekranda

  • Amerika Ovozi

"Qon va asal o'lkasida" - Bu Anjelina Joli rejissyorligidagi birinchi film

"Qon va asal o'lkasida" - Bu Anjelina Joli rejissyorligidagi birinchi film

Gollivud yulduzi Anjelina Joli 1990-yillarda Bosniyani qaqshatgan etnik mojarolar haqida badiiy film ishladi. Bu uning rejissorlik debyuti. “Amerika Ovozi”ga bergan eksklyuziv intervyusida Anjelina Joli “Qon va asal o’lkasi” deb nomlangan bu kartina ortidagi maqsadlar haqida so’zladi.

“Oskar” mukofoti sovrindori Anjelina Joli – super yulduz. U o’ynagan filmlar jahon ahlini o’ziga rom etib keladi. Go’zal aktrisa endi kamera ortida, ilk bor rejissyorlik qildi.

“Mavzuni qancha kop o’rgangan bo’lsam, xalqaro hamjamiyatning bu urushga aralashmaganidan shuncha ko’p ga’zablandim. Ayollarga nisbatan zo’ravonliklarni aytmasa ham bo’ladi. Va men bu haqda film ishlashga qaror qildim. Nafaqat er-xotin, balki opa-singil, ota-bola, ona-bola o’rtasidagi munosabatlar haqidagi film”.

Ssenariy muallifi ham Anjelina Jolining o’zi. “Qon va asal o’lkasi” - Bosniya-Gersegovinadagi uch yillik etnik mojaro davridagi musulmon ayol va serb erkakning muhabbat qissasi.

Film urush azoblari, tinchlik lazzati va insonlar orasidagi murakkab rishtalarni aks ettiradi. Odamlarni o’ylantirsa bo’lgani, deydi Anjelina Joli.

“Men odamlar Bosniyadagi urushni unutmasin deyman, o’sha davrda nimalar bo’lganini yodda tutsin, urushda omon qolganlarga hurmat bilan qarasin deyman. Bu mamlakatda qilinadigan ishlar hali ko’p. Fojea davom etmoqda”.

Anjelina Joli - Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus elchisi. Olti farzandning onasi va Gollivud yulduzi Bred Pittning sevgilisi. Aktrisa global maydonda faol.

“Bu film mendan juda muhim masalalar ustida ishlashni talab qildi. Tasavvurim boyidi. Ko’p narsa o’rgandim”.

Joli filmga qo’l urganida, Bosniya urushini boshdan kechirganlarning ba’zilari uni mojaroni noto’g’ri tushunganlikda ayblab chiqdi.

U film ssenariysini boshqa birov yozgan kitobdan ko'chirgan deganlar ham bo’ldi.

Tanqidlarga qaramay shu yil boshida Bosniya poytaxti Sarayevoda bo’lib o’tgan kinofestivalda Anjelina Joli rejissorlik ishiga yuqori baho berildi.

“Bu Amerikaning Bosniya haqidagi filmi emas. Bu filmni bir amerikalik va ko’plab bosniyaliklar hamkorlikda suratga oldi, biz birgalikda ishladik”, - deydi Joli.

“Qon va asal o’lkasi” kartinasi ingliz va bosniya tillarida yangi yil arafasida katta ekranlarga chiqadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG