Dunyo bo'ylab dahriylar cherkovi kengaymoqda

  • Amerika Ovozi

Los-Anjelesda o'tgan dahriylar yig'inidan

Los-Anjelesda o'tgan dahriylar yig'inidan

Odatda, Xudoga ishonmaydigan odamlar dahriy deyiladi. Demak, ularning ibodatxonalarga borishini tasavvur etish qiyin. Ammo ikki yil muqaddam britaniyalik ikki qiziqchi ateistlar uchun cherkov ochishga qaror qildi. Londonda boshlangan bu harakat hozir dunyoning o'nlab mamlakatiga yoyilgan.

Yoqimli yakshanba tongida Nashvil parki dahriylar uyushmasi a'zolari bilan to'ldi. Yig'in odatdagi cherkov tadbiriga o'xshaydi: musiqa, duo hamda yig'in so'ngidagi o'zaro suhbatlar. Nashvil uyushmasi a'zosi Lendri Batlerning aytishicha, bu yerda dahriylar ibodatxonalarda uchraydigan jamoat ruhini oladi.

"Bu umumiy maqsad sari odamlarni jipslashtirishning kuchli yo'li. Biz shuni namuna sifatida yo'lga qo'yishni istadik. Chunki odamlar bu usul bilan yaxshi tanish", - deydi u.

Ayniqsa, bu hududda odamlar cherkovlar bilan yaqindan bog'langan. Tennesi shtati aholisi cherkovga qatnash bo'yicha mamlakatda eng oldingi o'rinlarda. Batlerga ko'ra, dahriylar yig'iniga dindorlar ham tashrif buyurmoqda.

"Boshqa yakshanba kunlari ular o'zlarining odatdagi cherkovlariga boradi. So'ng bizning oldimizga kelishadi. Bu ikki jamiyatni bir-biriga yaqinlashtirishning yaxshi yo'li", - deydi u.

Dindorlar va dahriylar o'rtasidagi munosabat, odatda, qaltis bo'ladi. Ammo yangi jamiyat do'stona aloqalarni o'rnatish niyatida, deydi Batler.

"Dindor odamlardan nafratlanadigan ateistlar ko'p. Lekin biz ulardan emasmiz. Biz hamma uchun ochiqmiz", - deydi tashkilot vakili.

Dinsizlar guruhi, masalan, boshpanasiz odamlarga yordam ko'rsatmoqda. Nashvildagi uysizlarga ko'mak beruvchi mahalliy nasoro jamiyati bilan birga muhtojlarga oziq-ovqat ulashmoqda. Ular ovqat tayyorlab, odamlarga tarqatadi hamda bu yerga kelganlar bilan muloqotga kirishadi. Jamiyat faollaridan Elvis Uilsonga ko'ra, odamlarga ko'proq yaxshilik qilish tashkilotning asosiy maqsadlaridan.

"Ateist sifatida menda ham axloqiy qarashlar borligini odamlar bilishini xohlayman. Biz ham boshqalar kabi hayot kechiramiz. Odamlarga hurmat bilan munosabat qilinishini istaymiz", - deydi u.

Dahriylar jamiyati a'zolari soni tez o'smoqda. Sentabrga kelib, tashkilotning 30 dan ortiq sho'basi ish boshladi.

Tashkilot asoschilari - Sanderson Jouns hamda Pippa Ivans hozir dinsizlar cherkovini global harakatga aylantirish uchun mablag' yig'ish bilan band.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG