Breaking News

AQSh vitse-prezidenti Turkiyaga safarini yakunladi


AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Turkiyaga uch kunlik safarini yakunladi. Istanbuldagi uchrashuvlarda “Islomiy davlat” terror guruhiga qarshi kurash hamda Suriya muxolifatini qo’llab-quvvatlash muhokama qilingan.

AQSh vitse-prezidentining Turkiyaga safari/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:01 0:00

Biroq Turkiyaning xalqaro koalitsiya operatsiyalarida ishtirok etishi to’g’risida biror gap aytilmadi.

Jo Bayden Prezident Rajab Toyib Erdog’an bilan to’rt soatlik muloqotini ochiq va samimiy deya ta’rifladi. “Islomiy davlat”ga qarshi kurashni qanday olib borish to’g’risida Anqara va Vashington orasida yakdillik yo’q.

Jihodchilarga qarshi urush, deydi Erdog’an, keng qamrovli bo’lishi va Suriya Prezidenti Bashar al-Assad rejimini ag’darishni ham o’z ichiga olmog’i lozim. Shunga qaramay matbuot anjumanida Bayden Turkiya bilan ittifoqchilik rishtalari mustahkam ekanini ta’kidladi.

“Butun dunyo va biz birgalikda yuzlashayotgan muammolarga qaramasdan hamkorlikni davom ettirish qarorida qat’iymiz”, - dedi AQSh rasmiysi.

Erdog’an bilan yuzma-yuz muloqotda Suriyada hokimiyat o’zgarishi uchun muxolifatga qanday ko’maklashish yo’llari muhokama etilgan. Ammo qo’shma bayonotda Turkiya qo’ygan boshqa talablar tilga olinmadi. Suriya osmonida parvozlarni man etish shulardan biri.

Qo’shma Shtatlar Suriya masalasiga e’tiborni oshirmasa, Rajab Toyib Erdog’an uning mamlakatidagi harbiy bazalar xalqaro koalitsiya uchun yopiq qolishini ta’kidlab keladi.

Jo Bayden ko’targan mavzulardan biri xorijiy jangarilar urush zonasiga Turkiya orqali kirayotganidir.

“Iroq va Suriyaga jihodchilar Turkiya hududi orqali kirib chiqishini to’xtatishga harakat qilayapmiz. Anqara bu borada yetakchilik qilayotganidan minnatdormiz”, deya maqtadi AQSh vitse-prezidenti.

Turkiya bu muammoga panja orasidan qarayapti deya ko’p marta tanqid qilingan.

Jo Baydenning aytishicha, AQSh Turkiyaga qochqinlar bilan bog’liq gumanitar inqirozni yumshatishda yordamlashadi. Oq uy shu maqsadda 135 million dollar ajratilishini e’lon qildi. 1,5 milliondan oshiq qochqinga boshpana bergan Turkiyaga qariyb 11 million dollar tegadi.

Bayden bilan uchrashuvdan so’ng Prezident Erdog’an AQSh bilan ikki tomonlama munosabatlar umumqadriyatlar va mushtarak manfaatlarga asoslanganini ta’kidlab, hamkorlik davom etadi, dedi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, AQSh mulozimining uch kunlik tashrifidan asl maqsad ittifoqchilar orasidagi keskinlikni yumshatishdir. Bayden avvalgi chiqishlarida Turkiyani “Islomiy davlat” tarafdorlariga chegarani ochib berganlikda ayblagan, Erdog’an esa undan yuz o’girishini ta’kidlagan edi.

Xabarlarga qaraganda, Jo Baydenning Turkiyaga tashrifini qoralab, Istanbulda yuzlab odam namoyish qilgan. Aksiyani yaqinda Istanbulda amerikalik matroslarga hujum qilgan guruh tashkillashtirgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG